Fikrlash va oʻynash: chaqaloqlar
Bolalar oʻyinlari va kognitiv rivojlanish haqida
Kichkintoylar kuzatish, fikr yuritish va tushunib olishga harakat qilayotgan faol va qiziquvchan oʻquvchilardir. Ular yangi tajribalar, ayniqsa, yangi oʻyin tajribalari orqali oʻrganadilar va oʻsadilar.
Oʻyin orqali kichkintoylar fikrlash, tushunish, muloqot qilish, eslab qolish, tasavvur qilish va undan keyin nima boʻlishi mumkinligini anglash koʻnikmalarini rivojlantiradilar. Ushbu koʻnikmalar farzandingizning kognitiv rivojlanishining bir qismidir.
Kichkintoylar uchun oʻyin asosan siz bilan doimiy ravishda harakat qilishidan iborat. Oʻyin vaqtida farzandingiz bilan muloqotda boʻlasiz va bu orqali unga olamni anglashi uchun muhim maʼlumotlarni berasiz. Masalan, oddiy berkinmachoq oʻyini kichkintoyingiz dadasi gʻoyib boʻlgandan soʻng albatta qaytib kelishini bilib olishiga yordam beradi.
Kutiladigan natijalar: bolaning kognitiv rivojlanishi
Farzandingiz:
- sakkiz oydan boshlab buyumlarning nomini aytganingizda ularga qaraydi;
- sizga guvranib “gapiradi” va javobingizni kutadi;
- kattaroq bolalarga hayrat bilan qaraydi;
- takrorlanuvchi oʻyinlardan zavqlanadi va hikoyani qayta-qayta tinglaydi;
- haftasiga kamida bir marta koʻradigan odamlarini taniydi;
- yuz ifodalaringizga reaksiya bildiradi – masalan, farzandingiz yangi oʻyinchoqni koʻrsa va siz unga tabassum qilsangiz, bundan oʻyinchoq xavfsiz va qiziqarli ekanini tushunadi;
- ogʻziga solib koʻrish orqali yangi narsalarni oʻrganadi.
8–12 oydan boshlab farzandingiz oʻyin paytida tajriba oʻtkazayotganga oʻxshab koʻrinishi mumkin. Misol uchun, u kosani yerga tashlab, uning tushishini tomosha qilishi, chiqindi chelagini itarishi yoki narsalar qanday ishlashini aniqlash uchun oʻyinchoqlarni devorga otishi mumkin. U barcha oʻyinchoqlarni va qoʻli yetadigan joydagi barcha buyumlar – stakanlar, likopchalar va hatto uy hayvonlarini sinab koʻradi.
Bu shumlik emas. Bu – farzandingiz “Agar shunday qilsam, bu sodir boʻladi” deb sabab va oqibatni oʻrganayotganidan dalolat. Farzandingizga “sabab va oqibatli” oʻyinchoqlar yoqishi ajablanarli emas – ularni oʻynayotganida tugmachani bosishi va biror narsa sodir boʻlishini kuzatishi mumkin.
Agar farzandingiz atrof-muhitni sinab koʻrishi uchun sharoit boʻlsa, u har kuni tobora koʻproq maʼlumot olish imkoniyatiga ega boʻladi. Agar xavfsiz muhitni taminlagan boʻlsangiz va har doim farzandingizni nazorat qilsangiz, u erkin harakatlanishi va oʻrganishi mumkin.
Bolaning kognitiv rivojlanishini ragʻbatlantirish uchun oʻyin gʻoyalari
3–6 oy
Siz va farzandingiz uchun qiziqarli va oddiy oʻyin gʻoyalari:
- Birgalikda kitoblar oʻqing, qoʻshiq kuylang va sheʼrlar ayting. Kichkintoylarga matodan tayyorlangan, qoʻgʻirchoqlari bor chiroyli va qiziqarli kitoblar juda yoqadi.
- Kichkintoyingizga turli toʻplarni qanday ushlab turish, uloqtirish va dumalatish kerakligini oʻrgating. Bu farzandingiz narsalar qanday harakatlanishini bilib olishiga yordam beradi.
- Shiqildoqlar, qoʻngʻiroqchalar va shovqin taratuvchi boshqa oʻyinchoqlarni oʻynang.
- Kichkintoyingizni harakatlanishga undashi uchun uning atrofiga oʻyinchoqlar qoʻying.
6–12 oy
Ushbu davrdan boshlab siz va farzandingiz turli oʻyin usullarini koʻproq oʻrganishingiz mumkin:
- Farzandingizga vannachasida suvga botirishi, suzdirishi, suv quyishi va oʻlchashi mumkin boʻlgan qiziqarli choʻmilish oʻyinchoqlari olib bering. Doʻkondan xarid qilgan oʻyinchoqlaringiz bilan bir qatorda yelim sut idishlar va oziq-ovqat idishlaridan ham foydalanishingiz mumkin.
- Kichkintoyingizga tugmasini bossa, nimadir sodir boʻladigan yoki silkitish va turtki orqali harakatlantiriladigan oʻyinchoqlar bering.
- Kichkintoyingiz yerda siljitishi yoki surishi mumkin boʻlgan kublar va oʻyinchoqlar bering.
- Kichkintoyingiz bilan kitob oʻqiyotganda turli personajlarga oʻziga mos ovoz bering yoki turli hayvonlarning tovushlarini chiqaring.
Kichkintoyingiz tanlashi uchun bir nechta oʻyin variantlarini berishingiz mumkin, lekin oʻyinlarga haddan ortiq koʻmib qoʻymang. Oʻzi istagan oʻyinni tanlasin, shoshirmang.
Bundan tashqari, oʻzingizni chetga olib, farzandingizga hamma narsani oʻzi mustaqil tushunib olishiga imkon berganingiz maʼqul. Siz shundoq ham u nima qilayotganini tasvirlab, farzandingizning oʻrganishiga yordam bera olasiz. Masalan, “Bu tuvakni urayotganingda undan baland ovoz chiqyapti” deb holatni tasvirlashingiz mumkin.
Farzandingizning qiziqishlariga befarq boʻlmang, u oʻzi uchun biron yangi narsani kashf qilganda, bu juda mayda narsa boʻlsa-da, uning quvonchiga sherik boʻling. Masalan, “Vah! Qara, qizil qayiqchang vannachada qanday suzyapti!” deb holatni tasvirlashingiz mumkin.
Barcha bolalar oʻziga xos va har xil surʼatda rivojlanadi. Agar farzandingizning rivojlanishidagi biron-bir jihat sizni tashvishga solayotgan boʻlsa, uni oilaviy hamshira yoki shifokor koʻrigiga olib borishingiz tavsiya qilinadi. Agar farzandingiz maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchisi boʻlsa, tarbiyachisi bilan ham suhbatlashib koʻrishingiz mumkin.