Gepatit B
Gepatit B
Gepatit B (HBV) potensial xavfga ega virusli yuqumli kasallik boʻlib, jigarni zararlaydi va oʻtkir yoki surunkali shaklda kechadi.
Gepatit B koʻproq emlash dasturlari mavjud boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlarda uchraydi. Agar siz emlanmagan boʻlsangiz va bunday joylarga sayohat qilsangiz, gepatit B bilan kasallanish xavfiga duch kelasiz.
Gepatit B qanday tarqaladi?
Gepatit B qon orqali, yaʼni odamlar virusga chalingan kishining qoni bilan aloqada boʻlganda yuqadi.
Bu quyidagi holatlarda kelib chiqishi mumkin:
- giyohvand moddalarni isteʼmol qilish paytida umumiy ninadan foydalanish;
- tashlab yuborilgan shpris ninasiga tegish;
- iflos nina bilan tatuirovka chizish yoki tanani teshish;
- tish choʻtkalari, ustara yoki boshqa shaxsiy gigiyena vositalaridan birgalikda foydalanish;
- prezervativ ishlatmasdan jinsiy aloqa qilish.
Gepatit B qon orqali yuqishi sababli virus homilador ayoldan bolaga homiladorlik paytida, deyarli har doim oxirgi muddatlarda yuqishi mumkin. Odatda bunday ayollarda surunkali gepatit B alomatlarsiz kechadi.
Gepatit B belgilari
Gepatit B ning inkubatsion (yashirin) davri 30 kundan 180 kungacha boʻlib, oʻrtacha 75 kunni tashkil qiladi. Qonda virus kasallik yuqqanidan keyin 30–60 kunda aniqlanadi.
Gepatit B ga chalingan bolalarda aniq alomatlar juda kam boʻlishi yoki umuman boʻlmasligi ham mumkin, bu esa baʼzida gepatit B ni aniqlashni qiyinlashtiradi.
Belgilar asta-sekin paydo boʻlishi mumkin va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- ishtaha yoʻqolishi va holsizlik;
- qorindagi ogʻriq (ayniqsa, jigar joylashgan yuqori oʻng tomonda) va qusish;
- yuqori harorat / isitma;
- sariqlik;
- toshma;
- siydik toʻq rangda boʻlishi va najas rangining oʻzgarishi;
- boʻgʻimlardagi ogʻriq yoki shish.
Farzandingizda gepatit B bor deb gumon qilinsa, shifokorga murojaat qilish kerakmi?
Agar bolangizda yuqoridagi alomatlardan birortasi boʻlsa yoki farzandingiz yoki oʻzingizga gepatit B virusi yuqqan deb deb oʻylasangiz, shifokorga murojaat qiling.
Gepatit B uchun tahlillar
Agar shifokor bolangizdagi alomatlar gepatit B tufayli paydo boʻlishi mumkin deb hisoblasa, tashxisni tasdiqlash uchun bolani qon tekshiruviga yuboradi.
Baʼzida bolalarning jigarini ultratovush tekshiruvidan oʻtkazish kerak boʻladi.
Gepatit B asoratlari va uni davolash
Baʼzi bolalar davolanmasdan turib virusni yengib oʻtadi. Lekin kichik yoshdagi bolalarda surunkali gepatit B kattalarga qaraganda tezroq rivojlanishi mumkin, yaʼni ular virusni uzoq vaqt davomida tashiydi. Bu ularni kelajakda jigar yetishmovchiligi va jigar saratoni xavfiga yoʻliqtirishi mumkin.
Surunkali gepatit B ni davolash uchun virusga qarshi samarali va xavfsiz dorilar mavjud. Shifokorlar ularni katta yoshdagi bolalar va oʻsmirlarga buyurishi mumkin, ayniqsa, jigar zararlangan deb gumon qilinganda.
Agar bolada alomatlar ogʻir boʻlsa, uni kasalxonaga yotqizish kerak boʻladi. Bunday holatlar juda kam uchraydi.
Gepatit B ning oldini olish: emlash
Gepatit B dan saqlanishning eng asosiy usuli bolani emlash hisoblanadi. Agar emlash odatdagi emlash dasturiga kiritilgan boʻlsa, u tugʻilgandan keyin 1-kuni, yana bola hayotining 2-, 3- va 4-oylarida olinadi.
Gepatit B ning oldini olish: homiladorlik va emizish
Agar homilador ayol gepatit B bilan kasallangan boʻlsa, virusning chaqaloqqa yuqish ehtimolini kamaytirish uchun unga dori-darmonlar beriladi. Tugʻilganda chaqaloq gepatit B ga qarshi maxsus antitanachalar inyeksiyalarini, shuningdek, gepatit B ga qarshi standart emlash oladi.
Gepatit B ga chalingan ayollar, agar koʻkraklari yorilgan boʻlmasa yoki ulardan qon ketmasa, emizishlari mumkin.
Barcha bolalar va oʻsmirlar uchun gepatit B ga qarshi qoʻshimcha profilaktika choralari
Gepatit B infeksiyalangan qon orqali ham yuqishi mumkin.
Agar bolangizning badaniga ishlatilgan igna kiradigan boʻlsa, zararlangan joyni sovunlab yuvib tashlang. Keyin shifokoringizga murojaat qiling. Bunday holatda gepatit B yuqishi xavfi juda kam.
Farzandingiz boshqa odamlarga va gepatit B bilan kasallangan kishilarga tegishli tish choʻtka, ustara va boshqa shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanmasligi kerak, chunki ularga zararlangan qon tekkan boʻlishi mumkin.