Gepatit C

Gepatit C bolalarda kam uchraydi. Gepatit C belgilariga charchoq, ishtaha yoʻqolishi, koʻngil aynishi va qorindagi ogʻriq kiradi. Koʻpchilik bolalarda gepatit Cni davolash talab etiladi. Kattaroq bolalarni davolash uchun baʼzi dori-darmonlar mavjud. Gepatit C qon orqali yuqadi.
Body

Gepatit C sabablari

Gepatit Cning sababchisi virus hisoblanadi. Virus qon orqali jigarga oʻtadi va u yerda yalligʻlanishni keltirib chiqaradi.

Gepatit C qanday tarqaladi?

Gepatit C qondan qonga, yaʼni virusga chalingan odamning qoni bilan aloqa qilganda tarqaladi.

Bolalarga gepatit C koʻproq onalaridan homiladorlik paytida yoki tugʻilish paytida, muolajalar vaqtida toza (steril) boʻlmagan tibbiy anjomlardan foydalanganda, C gepatitiga tekshirilmagan qon quyilganda, birovning shaxsiy gigiyena vositalaridan (tish choʻtkasi, ustara, qaychisidan) foydalanganda yuqadi.

Shu bilan birga, ishlatilgan nina bilan tasodifan jarohatlanish natijasida gepatit Cni yuqtirish xavfi ham mavjud.

Gepatit C belgilari

Gepatit C bilan kasallangan bolalarning koʻpchiligida kasallik belgilari boʻlmaydi.

Kattaroq bolalar va oʻsmirlarda yengil belgilar, masalan charchoq, ishtaha yoʻqolishi, koʻngil aynishi va qorinning jigar joylashgan oʻng yuqori qismida ogʻriq kabi alomatlar boʻlishi mumkin.

Juda kamdan-kam hollarda bolalarda gepatit C ogʻir shaklga oʻtishi mumkin.

Farzandingizda gepatit C gumon qilsangiz, shifokorga murojaat qilish kerakmi?

Quyidagi hollarda bolangizni shifokorga olib borishingiz kerak boʻladi:

  • teri yoki koʻzlarning sargʻayishi kuzatilsa, bu – sariqlik deb ataladi
  • siydigi juda quyuq jigarrang boʻlsa
  • qornida bir necha kundan beri ogʻriq kuzatilsa
  • ishlatilgan ninani ushlagan boʻlsa, u bilan jarohatlansa.

Homiladorlik paytida gepatit Cni yuqtirib olganingizga gumon qilsangiz, shifokor bilan maslahatlashing.

Gepatit Cga tahlillar

Shifokor farzandingizdagi kasallik alomatlarini gepatit C keltirib chiqargan boʻlishi yoki bola C gepatitiga chalingan boʻlishi mumkin deb oʻylasa, tashxisni tasdiqlash uchun qon tekshiruvini buyurishi kerak boʻladi.

Gepatit Cni davolash

Gepatit C bilan kasallangan baʼzi bolalar davolanmasdan ham kasallikni yengib oʻtishlari mumkin. Buning uchun haftalar yoki oylar ketadi. Ammo gepatit C bilan kasallangan bolalarning koʻpchiligida surunkali gepatit C rivojlanadi, bu esa ularning jigari chandiqlanishi, jigar yetishmovchiligi (sirroz) va jigar saratoni xavfiga olib keladi.

Katta yoshli insonlarda surunkali gepatit Cni davolash uchun virusga qarshi samarali va xavfsiz dorilar mavjud. Ushbu dorilar koʻpchilik insonlarda kasallikni davolaydi. Hozirgi kunda virusga qarshi zamonaviy samarali dorilar ishlab chiqarilgan, ularni kattaroq bolalarga berish mumkin. Shu sababli gepatit Cga gumon qilinganda shifokorga oʻz vaqtida murojaat qilish juda muhim.

Shifokor gepatit Cni davolash boʻyicha tajribali mutaxassisga – infeksionistga yuborishi mumkin.

Gepatit Cning oldini olish

Gepatit Cga qarshi emlash yoʻq.

Sizda gepatit C boʻlsa va homiladorlikni rejalashtirayotgan boʻlsangiz, davolovchi shifokor bilan maslahatlashing. Gepatit C bilan kasallangan ayollar koʻkrak uchi yorilmagan boʻlsa yoki ulardan qon ketmasa, oʻz farzandlarini emizishlari mumkin.

Farzandingiz ishlatilgan ninaga (ishlatilgan shprisning ninasiga) tekkan boʻlsa, qoʻlini sovun va suv bilan yuvib tashlang. Soʻng albatta shifokorga murojaat qiling.

Farzandingizga boshqa odamning tish choʻtkasi, ustarasi yoki unga tegishli boshqa shaxsiy gigiyena vositalarini ishlatmaslikni oʻrgating, chunki ularga zararlangan qon tekkan boʻlishi mumkin.