Goʻdaklarda va kichik yoshdagi bolalarda siydik yoʻllari infeksiyasi (SYI)
Siydik yoʻllari infeksiyasi (SYI) haqida
Siydik yoʻllari infeksiyalari (SYI) siydik yoʻli yoki qon orqali siydik yoʻllariga kiradigan bakteriyalar qovuqqa tushib, unda koʻpayganda sodir boʻladi.
SYI goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarda juda keng tarqalgan. Hayotining dastlabki 12 oyi davomida bolalarning taxminan 4 foizida SYI kuzatiladi. Ayni shu yoshda oʻgʻil bolalar qizlarga qaraganda koʻproq bu kasallikka chalinadi.
Buyraklarning yoki siydik yoʻllarining nuqsonlari bor boʻlgan bolalar SYIga koʻproq moyil boʻladi. Ammo agar yosh farzandingizda SYI rivojlansa, bu uning siydik yoʻllarida nuqsonlar borligini anglatmaydi.
Goʻdaklar va kichik yoshli bolalarda siydik yoʻllari infeksiyasining belgilari
Goʻdaklar va kichik yoshli bolalarda siydik yoʻllarining infeksiyasi (SYI) belgilari koʻplab boshqa kasallik alomatlariga oʻxshash boʻlishi mumkin. Agar farzandingizda SYI boʻlsa, quyidagilar kuzatilishi mumkin:
- tana haroratining sababsiz koʻtarilishi;
- asabiylashishi va koʻp yigʻlashi;
- ovqatdan bosh tortishi;
- qayt qilishi;
- gʻayrioddiy uyquchanlik;
- vazn qoʻshishda ortda qolishi;
- tagliklarda qon izlarining boʻlishi.
Katta yoshdagi bolalar bilan kichik yoshdagi bolalardagi SYI bir-biridan farq qiladi. Agar katta yoshli farzandingiz siydik yoʻli infeksiyasi bilan kasallangan boʻlsa, unda siyish vaqtida achishish hissi boʻlishi yoki u tez-tez hojatga chiqishni xohlashi mumkin.
Farzandingizda siydik yoʻllari infeksiyasi (SYI) boʻlsa, uni pediatrga koʻrsatish kerakmi?
Ha. Agar farzandingizda sababsiz yuqori isitma kuzatilsa yoki umumiy ahvoli yomon boʻlsa, bolani iloji boricha tezroq pediatrga koʻrsating.
Siydik yoʻllari infeksiyasi (SYI) uchun tahlillar
Shifokorlar siydik yoʻllari infeksiyasini faqat kasallik alomatlariga koʻra tashxislay olmaydi. Bolada siydik tahlilini oʻtkazish kerak boʻladi. Pediatr, shuningdek, siydik yoʻllarida hech qanday muammo yoʻqligiga ishonch hosil qilish uchun bolani ultratovush tekshiruviga yuborishi mumkin. Agar muammo aniqlansa, bolani shifokor nefrologga yoʻllanma bilan yuborish kerak.
Siydik yoʻllari infeksiyasini davolash
Siydik yoʻli infeksiyasini davolash uchun bolalar antibiotiklarni qabul qilishlari kerak. Bu xastalikni davolash pediatr yoki nefrolog tomonidan amalga oshiriladi. Faqat shifokor bolaning qayerda – uy yoki shifoxonada davolanishini va unga qanday antibiotiklar kerakligini hal qiladi.
Siydik yoʻllari infeksiyasining oldini olish
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarda siydik yoʻllari infeksiyasining oldini olib boʻlmaydi. Agar farzandingiz siydik yoʻllari infeksiyasi sabab shifoxonada davolanishga muhtoj boʻlsa, bu sizni xavotirga soladi.
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarda siydik yoʻllari infeksiyasi oʻz vaqtida davolansa, ular tezda tuzalib ketadi.