Govmichcha
Koʻz govmichchasi
Govmiсhcha bu – kiprikning sochli xaltasining yalligʻlanishi. Govmichchaga odatda tillarang stafilokokk (Staphylococcus aureus) bakteriyasi sabab boʻladi.
Govmichcha – bolalar oʻrtasida keng tarqalgan kasallikdir.
Govmichchaning belgilari
Govmichcha kiprikning tagida, odatda pastki qovoqda joylashgan kichkina, qizil boʻrtmachaga oʻxshaydi.
Bu atrofdagi koʻz qovogʻining shishishiga olib kelishi va juda ogʻriqli boʻlishi mumkin. Govmichcha, shuningdek koʻzni bezovta qilishi va uning yoshlanishiga sabab boʻlishi mumkin.
Koʻp hollarda govmichcha bir necha kun ichida oʻtib ketadi.
Odatda, govmichcha koʻzga yoki koʻz qovogʻiga asoratli zarar yetkazmaydi.
Bolada govmichcha boʻlsa, shifokorga murojaat qilish kerakmi?
Quyida tavsiflanganidek, davolanish boshlanganidan keyin bir necha kun (3–7 kun) ichida govmichcha yoʻqolmasa, farzandingizni shifokorga koʻrsating.
Farzandingizda govmichchadan tashqari boshqa umumiy belgilar, jumladan isitma, bosh ogʻrigʻi va ishtahaning yoʻqolishi kuzatilsa yoki bolaning umumiy ahvoli yomon boʻlsa, shifokorga murojaat qiling.
Muammo bolaning koʻrish qobiliyatiga taʼsir qilsa, tibbiy yordam uchun murojaat qiling.
Govmichchani davolash
Govmichchani davolash mutaxassisning nazorati ostida va tavsiyalari asosida amalga oshirilishi kerak.
Shifokoringiz antibiotikli malhamlarni, kasallikning ogʻir kechishida ogʻiz orqali qabul qilinadigan antibiotiklarni buyurishi mumkin. Farzandingiz (va oilaning barcha aʼzolari) infeksiya tarqalmasligi uchun qoʻllarini tez-tez yuvib turishiga ishonch hosil qiling. Farzandingiz uchun alohida sochiqdan foydalaning.