Gripp
Gripp haqida
Gripp bu – virus keltirib chiqaradigan oʻtkir respirator kasallik. Gripp viruslarining koʻp turlari mavjud, “A” va “B” turlari keng tarqalgan.
Gripp viruslari doimo oʻzgarib turadi. Shuning uchun gripp bilan koʻp marta kasallanish mumkin.
Gripp qishda koʻp uchraydi. Baʼzida virus juda koʻp tarqalib, “epidemiya”ni keltirib chiqaradi. Epidemiya paytida, grippga odatdagidan koʻproq odam duch keladi.
Gripp juda yuqumli boʻlib, odamdan odamga asosan havo tomchi orqali, shuningdek, aloqa qilganda, yaʼni qoʻllar orqali yuqadi.
Gripp belgilari
Gripp belgilariga burunning oqishi, tomoq ogʻrishi, yoʻtal, isitma, bosh va mushak ogʻriqlari kiradi. Farzandingiz qaltirashi/titrashi mumkin, unga juda sovuq yoki juda issiq boʻlishi mumkin.
Baʼzida gripp koʻngil aynishi, qusish va diareyaga olib kelishi mumkin.
Gripp odatda 2–5 kun davom etadi, lekin charchoq va yoʻtal bir necha hafta kuzatiladi.
Koʻp odamlar, garchi ularda oddiy shamollash boʻlsa ham, grippga chalinganlarini aytadilar. Ushbu belgilarni ajratish qiyin. Gripp bilan kasallangan odamlarda koʻproq mushaklarning ogʻrigʻi va titroq/qaltirash boʻlishi mumkin.
Grippning asoratlari
Bolalarda gripp odatda yengil kechadi, lekin asoratlarni keltirib chiqarishi ham mumkin. Bu asoratlar baʼzan juda jiddiy boʻlishi mumkin.
Grippning eng keng tarqalgan asoratlari pnevmoniya/zotiljamdir. Bola odatdagidan koʻra tez va qiyin nafas oladi.
Surunkali kasalliklari boʻlgan bolalarda, homilador ayollarda va boshqa kattalarda, ayniqsa keksa odamlarda gripp ogʻirroq oʻtishi mumkin.
Astma bilan ogʻrigan bolalarda gripp astma xurujini qoʻzgʻatishi mumkin.
Farzandingiz gripp boʻlganda shifokorga murojaat qilish kerakmi?
Farzandingizni shifokorga olib borishingiz kerak, agar:
· bola suyuqlik icholmasa yoki yomon ichsa
· bola tez-tez qussa
· bolaning ahvoli 48 soat ichida yaxshilanmasa
· farzandingizning ahvoli yomonligidan xavotirlansangiz
Farzandingizda quyidagi belgilar boʻlsa, tez yordam chaqiring yoki shifoxonaning shoshilinch boʻlimiga olib boring:
· kuchli bosh ogʻrigʻi
· rangpar va uyquchan
· odatdagidan koʻra tez yoki qiyin nafas olish
Grippni davolash
Koʻp hollarda gripp maxsus davo talab qilmaydi. Grippning ogʻir holatlarida va surunkali kasalliklarga chalingan bolalar uchun shifokor kerakli davoni buyurishi mumkin.
Grippga qarshi kurashda bajarish mumkin boʻlgan yagona toʻgʻri yoʻl – shifokor tavsiyasiga koʻra belgilarni davolash va farzandingiz uchun qulay sharoitni yaratishdan iborat:
· zarur boʻlganda, farzandingizda uni bezovta qiladigan ogʻriq yoki isitma boʻlsa, shifokor paratsetamol yoki ibuprofen buyuradi. Bu yordam berishi mumkin;
· suvsizlanishning oldini olish uchun koʻproq suyuqlik berish kerak. Iliq ichimliklar tomoq ogʻrigʻini va ogʻiz qurishini yengillashtiradi;
· farzandingiz yotoqda qolishi shart emas. Qanchalik faol boʻlishini oʻzi hal qilsin;
· farzandingizni ovqat yeyishga majburlamang, lekin uni ovqatlanishga undang. Unga tez-tez va oz-ozdan taom taklif eting. U oʻzini yaxshi his qila boshlaganda ishtahasi yaxshilanishi mumkin
Quyidagilardan ehtiyot boʻlishingiz kerak:
· yoʻtalga qarshi dorilar – farzandingiz yoʻtaladi, chunki uning nafas yoʻllarida ogʻriq hissi yoki koʻp shilimshiq bor va yoʻtalga qarshi dorilar bu muammolarning birortasiga yordam bermaydi;
· shishga qarshi eritmalar (qontomirni toraytiruvchi burun uchun tomchilar) yurak tez urishi, asabiylashish va uyqusizlik kabi nojoʻya taʼsirga ega va grippda yordam bera olmaydi;
· antibiotiklar – gripp virus tufayli kelib chiqadi, shuning uchun antibiotiklar yordam bermaydi va hatto oshqozon ogʻrigʻiga va diareyaga olib kelishi mumkin.
Bola yoki oʻspiringa aspirin yoki tarkibida aspirin (atsetilsalitsil kislotasi) boʻlgan dorilarni bermang. Aspirin farzandingizni kamdan kam uchraydigan, ammo oʻlimga olib kelishi mumkin boʻlgan Reye sindromiga moyil qilib qoʻyishi mumkin.
Grippning oldini olish
Grippning oldini olishning eng yaxshi usuli – qoʻllarni muntazam ravishda sovunli suv bilan yuvish. Shuningdek, koʻzlaringiz, burningiz va ogʻzingizga qoʻllaringiz bilan tegmaslikka harakat qiling.
Oila aʼzolarini yoʻtalayotganda ogʻzini roʻmolcha, yengi yoki tirsagi bilan toʻsishga undang. Shuningdek, hammani yoʻtal va aksirishdan keyin qoʻllarini yuvishga daʼvat eting.
Farzandingiz grippni boshqa odamlarga yuqtirishi ehtimolini kamaytirish uchun kasal boʻlganida bolalar bogʻchasi, maktabgacha taʼlim tashkiloti yoki maktabga yubormang.
Grippga qarshi emlash
Grippga qarshi emlash xavfsiz va farzandingizning gripp bilan kasallanish ehtimolini kamaytiradi. Olti oylikdan katta barcha bolalarga grippga qarshi emlash tavsiya etiladi.