Hasharot chaqishi
Asalari chaqishi
Belgilari
Farzandingiz, chaqish joyida qattiq ogʻriqni his qiladi, u odatda juda tez shishib ketadi.
Asalari chaqadigan nayzasi kertik boʻlib, ular zahar yelimi bilan terida qoladi. Asalari chaqqandan keyin oʻladi.
Farzandingizning asalari zahariga allergiyasi boʻlsa, unda jiddiy allergik reaksiya rivojlanish xavfi bor: keng tarqalgan toshma paydo boʻlishi, nafas olish qiyinligi va hatto hushidan ketishi mumkin.
Nima qilish kerak?
Hasharotni ehtiyotkorlik bilan olib tashlang. Asalari nayzasini siqib chiqarmang, chunki bu chaqilgan joyga koʻproq zahar tushishiga sabab boʻlishi mumkin. Buning oʻrniga, ari nayzasini pinset bilan olib tashlang.
Shishni kamaytirish uchun zararlangan joyga muz qoʻying. Ogʻriqni kamaytirish uchun shifokor tavsiyasiga koʻra bola yoshiga mos miqdorda paratsetamol yoki ibuprofenni berish mumkin. Allergiyaga qarshi dorilar qichishishni yengillashtiradi.
Farzandingizning asalarilar chaqishiga kuchli allergik reaksiyasi boʻlsa, darhol tez yordam chaqiring (103 raqamiga qoʻngʻiroq qiling).
Qirqoyoq chaqishi
Belgilari
Qirqoyoqlar oldingi tishlari yordamida tishlaydi. Ularning zahari zararli emas, lekin ularning chaqishi kuchli ogʻriq va shish paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin.
Nima qilish kerak?
Farzandingizga shifokor tavsiyasiga koʻra bola yoshiga mos miqdordagi paratsetamol yoki ibuprofenni bering. Tishlangan joyga muz qoʻying. Ogʻriq ketmasa, shifokorga murojaat qiling.
Burga chaqishi
Belgilari
Oʻzingiz yoki farzandlaringizning toʻpigʻida kichkina, qichishadigan qizil izlarni koʻrsangiz, uyingizda burgalar boʻlishi mumkin.
Nima qilish kerak?
Uy hayvonlari, ayniqsa yoz oylarida burga tashishi mumkin. Burgalar chaqishiga gumoningiz boʻlsa, shifokor maslahatini oling.
Bundan tashqari, gilam va mebellarga ishlov bering. Burgalar gilam va mebellarda bir necha oy yashashi va u yerdan odamlarga sakrashi mumkin. Yangi uyga koʻchib oʻtgan boʻlsangiz va avvalgi uy egalari uy hayvonlarini boqishgan boʻlsa, gilamga burgalarga qarshi vosita yordamida ishlov berish lozim.
Chivin chaqishi
Belgilari
Chivin chaqishiga allergik javoblar juda xilma-xil boʻlishi mumkin. Chivin chaqishiga sezgir boʻlgan baʼzi bolalarda chaqilgan joy atrofida juda qichishadigan qizil shishlar paydo boʻlishi mumkin. Chivin bolaning yuzini chaqsa, bu joylarda kuchli shish paydo boʻlish mumkin.
Nima qilish kerak?
Qichishishni yengillashtirish uchun chaqish joyiga quyoshdan kuyishga qarshi losyonni yoki bezovtalantirmaydigan hidsiz namlovchi vositani qoʻllang. Baʼzida muzni qoʻllash orqali shishni kamaytirish mumkin.
Chidab boʻlmas qichishishni bartaraf etish uchun shifokoringiz allergiyaga qarshi malham buyurishi mumkin.
Farzandingizda chivin chaqqan joy atrofida kuchli shish va qichishish boʻlsa, bu uning uxlashiga toʻsqinlik qilishi mumkin. Allergiyaga qarshi tabletkalar yoki sirop qichishishni kamaytirishga, baʼzilari esa bolaning uxlab qolishiga yordam beradi. Ammo bu muolajalar farzandingizning yoshiga mos kelishi borasida shifokoringiz bilan maslahatlashing.
Infeksiyaning oldini olish uchun farzandingiz chaqilgan joylarini tirnashiga yoʻl qoʻymang. Farzandingizning tirnoqlarini oʻz vaqtida qisqa qilib olib qoʻying.
Oldini olish
Kichkintoyning karavoti ustiga toʻr osib qoʻyish – uni chivinlardan himoya qilishning eng xavfsiz usuli. Kichkintoyingiz bilan koʻchaga chiqayotganda uzun yengli va shimi oyogʻini yopib turadigan ochiq rangli kiyimlarni tanlang.
Shuningdek, hasharotlarga qarshi vositani teriga emas, balki kiyimga qoʻllash mumkin. Baʼzi hasharotlarga qarshi vositalar matoga dogʻ tushirishi yoki zarar yetkazishi mumkin, shuning uchun avval uni sezilmaydigan joyida sinab koʻring.
Yozda chivinlar muammo boʻlishi mumkin va ular kechqurun juda faol boʻladi. Bu vaqt ichida ulardan himoyalanish uchun qoʻshimcha choralar koʻring.
Oʻrgimchak chaqishi
Belgilari
Oʻrgimchak chaqishi kuchli ogʻriq va shish chaqiradi.
Nima qilish kerak?
Farzandingizni oʻrgimchak chaqqan deb oʻylasangiz, shifokorga murojaat qiling:
· Farzandingizning ogʻrigʻi davom etadi
· Chaqilgan joy infeksiyalangan koʻrinadi
· Bola oʻzini yomon his qila boshlaydi yoki unda qusish, qorin ogʻrigʻi, isitma, terlash, yoki bosh ogʻrigʻi kuzatiladi
Ari chaqishi
Belgilari
Bir hujum paytida arilar koʻp marta chaqishi mumkin.
Ari chaqishi odatda ogʻriq va shish paydo boʻlishiga olib keladi, lekin allergik reaksiyalar keng tarqalmagan.
Nima qilish kerak?
Hasharotni ehtiyotkorlik bilan olib tashlang. Chaqilgan joyga muz qoʻying va shish hamda ogʻriqni kamaytirish uchun shifokor tavsiyasiga koʻra paratsetamol va allergiyaga qarshi dorilarni yoshiga mos keladigan miqdorda bering.
Farzandingizda ogʻriq davom etsa yoki toʻsatdan nafas olish qiyinlashsa, darhol tez tibbiy yordamga murojaat qiling (103 raqamiga qoʻngʻiroq qiling).
Oldini olish
Agar koʻchada shirin ichimliklar qabul qilsangiz, ehtiyot boʻling. Shakar arilarni oʻziga tortadi va ular idish ichiga kirib olishi, keyin esa undan ichgan odamni chaqishi mumkin.