Hayvonlar bilan choyxoʻrlik
Kerak boʻladigan materiallar: choyshab yoki adyol, stakanlar, likopchalar, choynak (xohish-istakka koʻra ovqat haqiqiy boʻlishi mumkin), yumshoq ayiqcha yoki shunga oʻxshash sevimli oʻyinchoqlar.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: adyolni polga yoyib, uning chetlariga stakan va likopchalarni aylana shaklida terib chiqing. Aylana markaziga choynakni qoʻying. Oʻyinning bu qismini farzandingiz bilan birgalikda bajarishingiz yoki barchasini oʻzingiz mukammal darajaga yetkazishingiz mumkin. Shunda uning yuzidagi mamnunlik ifodasini koʻrib zavqlanasiz.
Farzandingizni barcha sevimli yumshoq oʻyinchoqlarini toʻplashga va ularni choyxoʻrlikka taklif qilishga undang. Oʻzingiz uchun joy qoldirishni unutmagan holda adyolning chetiga yumshoq oʻyinchoqlarni joylashtiring. Siz bu “choyxoʻrlik”ka istaganingizcha doʻstlarni taklif qilishingiz mumkin. Ular oʻzlarining yumshoq oʻyinchoqlari bilan ham kelishlari mumkin. Axir, bu yerdagi “choy” cheksiz, yetmay qolishidan umuman xavotirlanmasa boʻladi!
Barcha doʻstlaringizga choy bering va suhbatni boshlang: “Maymoqvoy, kelganing uchun rahmat. Bir piyola choyga nima deysan?” Bolalar uyalsa yoki oʻz gʻoyalarini aytishda hayajonlansa, kattalar ularga hikoyalar aytib yordam berishlari mumkin – bu yerda notoʻgʻri javoblar yoʻq, shunchaki tasavvuringizga erk bering!
Bu oʻyinda eng muhimi – tasavvur, ammo bir nechta shirin kulchalar ham bor boʻlsa, zarar qilmaydi!
Farzandingiz nimani oʻrganadi: yumshoq oʻyinchoqlarini betakror choyxoʻrlikka taklif qilish farzandlaringizga yoqib qoladi! Bu rolli oʻyin orqali bolalarning ijodkorlik qobiliyati, soʻz boyligi va tasavvurini rivojlantiradigan klassik mashgʻulotdir. U bolalarning ijtimoiy koʻnikmalarini ham rivojlantiradi, chunki ular sizni oʻzlarining sevimli doʻstlari bilan tanishtirishadi!