Isitma
Isitma nima?
Bolalar uchun meʼyordagi tana harorati 36,0 °C – 37,4 °C oraligʻida boʻladi. Isitma bu – bolangizning tana harorati 37,5 °C va undan yuqori boʻlishi.
Isitma kasallik emas, balki kasallik belgisidir.
Bolalardagi isitmaning sabablari
Bolalarda tana haroratining koʻtarilish sabablari turlicha.
Bugungi kunda bolalardagi isitmaning keng tarqalgan sababi bu infeksiya. Umuman olganda, isitma bu – bolaning tanasi infeksiyaga qarshi kurashayotganining belgisidir.
Bolalardagi infeksiyalarning koʻpchiligini viruslar keltirib chiqaradi. Boshqa infeksiyalarga bakteriyalar sabab boʻlishi mumkin. Isitmani chiqaradigan infeksiyalar tananing biror qismini yoki tizimning faoliyatini buzishi mumkin.
Isitmaning boshqa, kam tarqalgan sabablari ham bor. Bularga dorilar yoki vaksinalarga reaksiyalar, boʻgʻimlarning surunkali yalligʻlanishi, baʼzi oʻsmalar va oshqozon-ichak kasalliklari kiradi.
Isitmaning belgilari
Yuqori isitma bola oʻzini yomon his qilishiga olib kelishi mumkin. Farzandingizda isitma boʻlsa, sovqotishi, titrashi, isitmasi tushsa, terlashi mumkin. Agar bola isitmada koʻp suyuqlik yoʻqotsa va yetarli miqdorda suyuqlik ichmasa, unda suvsizlanish kuzatilishi mumkin.
Olti oylikdan olti yoshgacha boʻlgan bolalarda isitma sababli shaytonlashlar kuzatilishi mumkin.
Isitma chiqaradigan koʻpgina kasalliklar bir necha kun davom etadi. Ammo baʼzida isitma uzoqroq davom etadi, ayniqsa, bu oʻtkir yoki surunkali kasallik belgisi boʻlsa.
Agar bolangizda isitma bor deb oʻylasangiz, uning tana haroratini termometr bilan oʻlchang, bu sizga bolangizda isitma bor yoki yoʻqligini aniq koʻrsatib beradi.
Bolada isitma boʻlsa, qachon shifokorga murojaat qilish kerak?
Ikki oylikkacha boʻlgan chaqaloqlarda isitma boʻlsa, darhol shifoxonaga olib borish kerak. Bu yoshda isitma jiddiy kasallikning belgisi boʻlishi mumkin.
Ikki oylikdan katta bolalarda tana harorati koʻtarilsa, shu kunning oʻzida tibbiy yordam olishi uchun shifokorga murojaat etish kerak.
Agar bolalarda isitma va quyidagi belgilardan birortasi kuzatilsa, zudlik bilan tez yordam chaqiring yoki shifoxonaga olib boring:
- juda yuqori isitma (39,5 °C yuqori);
- bola icha olmasa yoki ema olmasa;
- bola juda boʻshashgan, harakat deyarli yoʻq yoki juda bezovta;
- uzoq vaqt davomida (3 soatdan ortiq) yigʻlash yoki chinqirish;
- terisi juda oqargan yoki/va koʻkargan;
- bola boʻynini ega olmaydi, egishga harakat qilganda ogʻriq kuzatiladi;
- bolada shaytonlash boʻlsa;
- bolaning ahvoli ogʻir boʻlib koʻrinsa;
- har qanday ovqat yegandan yoki suyuqlik ichgandan keyin qusish kuzatilsa;
- bola uyquchan yoki hushsiz boʻlsa;
- nafas olishi qiyin boʻlsa;
- badanida toshmalar boʻlsa;
- axlati suyuq, tez-tez va unda qon boʻlsa.
Farzandingizda tekshiruvdan soʻng 48 soat davomida harorat koʻtarilishi davom etsa, shifokorga qayta murojaat qiling.
Isitmani davolash
Isitma kamdan kam hollarda xavfli boʻladi. Odatda bolalar isitmani yaxshi koʻtara oladilar.
Tana harorati 38,5 °C va undan yuqori boʻlsa, siz isitmani dori-darmon bilan tushirishingiz kerak.
Agar farzandingizda isitma boʻlsa, eng muhimi, unda suvsizlanishning oldini olish uchun yetarli miqdorda suyuqlik ichiring.
Ehtimol, bolaga suyuqlikni oz miqdorda, lekin tez-tez ichirishingiz kerak boʻladi.
Agar farzandingizda isitma boʻlsa:
- bolaga yengil kiyim kiydiring;
- parasetamolni shifokor necha marta va qanday dozada tavsiya etgan boʻlsa, ularga amal qilib bering. Ibuprofenni ikki oylikdan katta bolalarga berish mumkin. Isitmani tushiradigan dorilarni tez-tez yoki uzoq vaqt bermang, chunki ular jigarga nojoʻya taʼsir etishi mumkin;
- farzandingizni ovqat yeyishga majburlamang. Agar bola isitma paytida ovqat yeyishni xohlamasa, bu oddiy holat. Buning oʻrniga, bolani ovqatlanishga undang, unga odatdagidan koʻra kam, ammo tez-tez ovqat taklif qiling.
Agar farzandingizning isitmasi bakterial infeksiya hisobiga boʻlsa, kasallikni bartaraf etish uchun antibiotiklar bilan davolash kerak boʻlishi mumkin.
Har qanday holatda bolalarga aspirin bermang. Aspirin kamdan kam uchraydigan, ammo oʻlimga sababchi boʻladigan kasallikka – Reye sindromiga (miya shishi va jigar shikastlanishi bilan kechadigan ogʻir kasallik) olib kelishi mumkin.