Issiq urishi – bu qanday sodir boʻladi va qanday oldini olish mumkin?
Issiq urishi – bu tana haroratining keskin, haddan tashqari koʻtarilishi va uni meʼyoriy chegaralarida ushlab tura olmaslik natijasida yuzaga keladigan hayot uchun xavfli holat.
Body
Issiq urishi nafaqat toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurlari taʼsirida sodir boʻlishi mumkin. Odatda bu yozgi issiqda namlik yuqori darajaga oshganda sodir boʻladi, chunki bunday sharoit ter ajralishiga toʻsqinlik qiladi. Bolalarda issiq urishi xavfi yuqori va ular qanchalik kichik boʻlishsa, xavf shunchalik jiddiy boʻladi.
Issiq urishining belgilari:
- yuqori tana harorati (40 °C dan yuqori);
- qizargan, issiq va quruq teri;
- tez-tez nafas olish;
- tez yurak urishi (bir daqiqada 160–180 ta);
- mushaklarning kuchsizligi va shaytonlashlar;
- qon bosimining pastligi;
- bosh aylanishi, bosh ogʻrishi, charchoq;
- koʻngil aynishi va qayt qilish/qusish;
- hushni yoʻqotish (baʼzida hushdan ketish birinchi belgi boʻladi);
- terlashning yoʻqligi.
Issiq urishining oldini qanday olish mumkin?
- Har doim yoningizda suv olib yuring va farzandingizga muntazam ravishda ichishga bering.
- Quyoshda, issiq va dim xonalarda qolmang, ortiqcha jismoniy zoʻriqishlardan saqlaning.
- Ob-havoga qarab kiyim tanlang. Issiq havoda yengil kiyimlarni tanlang. Farzandingizga yengsiz kiyim kiydiring va hech qachon oyoqlariga paypoq kiydirmang.
- Katta yoshli bolalar uchun yengsiz koʻylak (mayka) va kalta ishton (shortik) hamda tumshugʻi ochiq poyabzal masalan, sandalii tanlang.
- Oziqlanish muvozanatli va yengil, vitamin hamda minerallarga boy boʻlishi lozim.
Hech qachon bolalarni mashinada yolgʻiz qoldirmang va bolalar oʻynayotgan vaqtida, soʻramasdan mashinaga kirib olmasligi uchun uni har doim qulflab qoʻying. Bolalar koʻpincha mashina ichida issiq urishining qurboni boʻladilar. Ish bilan chiqib ketganingizda, agar issiq havoda farzandingizni mashinada besh daqiqaga qoldirsangiz, bu vaqt ichida u shunchalik qizib ketadiki, uning hayoti va sogʻligi jiddiy xavf ostida qoladi.