Jismoniy faollikdagi toʻsiqlar: ularni qanday yengish kerak?

Bolalarning jismoniy faoliyatiga toʻsqinlik qiladigan omillarga harakatsiz oʻtirgan vaqti, oʻyin uchun joy yoʻqligi, tigʻiz kun tartibi va ekran vaqti kiradi. Farzandingiz qancha vaqt harakatsiz oʻtirishini, uyingizda boʻsh joy bor-yoʻqligini, oilaviy tartibingiz va ekran vaqtiga boʻlgan yondashuvingizni koʻrib chiqing. Biroz oʻzgartirishlar kiritib, siz jismoniy faollik uchun koʻproq vaqt ajratishingiz va imkoniyat yaratishingiz mumkin.
Body

Bolalarning jismoniy faoliyatidagi keng tarqalgan toʻsiqlar

Bolalikdan yaxshi oʻsishi va rivojlanishi uchun turli yoshdagi bolalardan har xil miqdordagi jismoniy faoliyat talab etiladi.

Ammo bolalarning jismoniy faolligi uchun bir qancha umumiy toʻsiqlar bor:

  • uzoq vaqt harakatsiz oʻtirish;
  • uyingiz atrofidagi muhit;
  • oilangiz kun tartibining oʻta tigʻiz boʻlishi;
  • ekran qarshisida oʻtkazilgan vaqt.

Lekin yaxshi xabar ham bor: bu toʻsiqlarni yengib oʻtishning oddiy, amaliy va qiziqarli usullari va farzandingizning jismoniy faolligini oshirish imkoni mavjud.

Uzoq vaqt harakatsiz oʻtirishdan saqlanish

Uzoq vaqt harakatsiz oʻtirish bolalarning jismoniy faolligi qisqarishiga olib kelishi mumkin.

Avstraliyadagi qoidalarga koʻra, bolalar:

  • 1 yoshdan 5 yoshgacha uzoq vaqt bir joyda harakatsiz oʻtirmasliklari, aravachada, avtomobil oʻrindigʻida yoki ovqatlanish kursisida bir soatdan ortiq oʻtirmasliklari zarur.
  • 5 yoshdan 18 yoshgacha uzoq vaqt bir joyda oʻtirmaslikka harakat qilish kerak.

Ushbu toʻsiqni yengib oʻtishning usullaridan biri bolangiz bilan biror joyga ketayotganingizda oʻzi yurishiga, velosiped, samokat uchishiga yoki gʻildirakli oʻyinchoqni itarib yurishiga ruxsat berishdir. Bu sayohatingizni biroz sekinlashtirishi mumkin, shuning uchun oldindan rejalashtiring va manzilingizga borish uchun yetarlicha vaqt ajrating.

Baʼzida farzandingiz ilojsiz harakatsiz boʻlishi, masalan, kitob oʻqish, hikoyalar aytib berish, qoʻshiq kuylash, boshqotirma yechish yoki oʻyinchoq yasash kabi harakat talab qilmaydigan ishlar bilan mashgʻul boʻlishi ehtimoli bor. Osoyishta faoliyat ham muhimdir.

Ammo farzandingiz ancha vaqtdan beri harakatsiz oʻtirgan boʻlsa, uni oʻrnidan turishga va harakat qilishga undashingiz mumkin. Masalan, mehmonxonangizda raqs tushish, batutda sakrash uni oʻrnidan turib, harakat qilishga undashi mumkin.

Jismoniy faollik uchun joy topish

Baʼzida uyingiz atrofidagi muhit jismoniy faoliyatni qiyinlashtirishi mumkin.

Masalan, uyingizda koʻp joy boʻlmasligi mumkin. Koʻp ota-onalar mahallalari xavfsiz ekaniga toʻla-toʻkis ishonmaydi, shu sababli bolalar koʻp ham koʻchada yoki sayilgohlarda birga oʻynamaydilar. Baʼzi chekka hududlarda uydan piyoda borish mumkin boʻlgan masofada maktablar va doʻkonlar yoʻq.

Bunday toʻsiqlarni yengib oʻtish uchun siz:

  • farzandingizni bogʻga, sport maydoniga, suv havzasiga, doʻstlaringiz yoki oila aʼzolaringizning uyiga, kutubxonaga, maktabga, mahalla markaziga yoki oʻynash uchun moʻljallangan boshqa joyga olib boring;
  • koʻchada bolalarga qarab turish va ularni nazorat qilishni qoʻshnilar bilan kelishib oling;
  • avtomobilingizdan, avtobusdan yoki poyezddan manzilingizga biroz yetmay tushib qoling va qolgan yoʻlni piyoda, sayr qilgancha bosib oʻting.

Tigʻiz oilaviy kun tartibini oʻzgartirish

Oilaning tigʻiz kun tartibi bolalar jismoniy faol boʻlishlari uchun vaqt topishga xalaqit berishi mumkin.

Ushbu toʻsiqni yengish uchun siz:

  • farzandingizni haftada bir yoki ikki kun maktabgacha taʼlim tashkilotiga yoki maktabga olib borishni kun tartibingizga kiriting;
  • ishlamayotgan vaqtingizda toʻp tepish yoki farzandlaringiz bilan bogʻda oʻynash kabi jismoniy mashgʻulotlarga vaqt ajrating.

Boshqa ota-onalar yoki jamoangizdagilar bilan bir-biringizga yordam berishga kelishib olishingiz mumkin. Masalan, siz har kuni tashqarida oʻynayotgan, maktabgacha taʼlim tashkiloti yoki maktabga piyoda borayotgan bir guruh bolalarni nazorat qilishingiz mumkin.

Ekran vaqtini boshqa mashgʻulotlar bilan muvozanatlashtirish

Ekran qarshisida vaqt oʻtkazish – koʻplab bolalar hayotining bir qismi, lekin baʼzida bu bolalar uzoq vaqt bir joyda oʻtirishlariga sabab boʻlishi mumkin.

Hamma gap meʼyorda. Agar bola ekran qarshisida vaqt oʻtkazish bilan bir qatorda boshqa koʻplab mashgʻulotlar bilan shugʻullansa, masalan, jismoniy faol boʻlsa, kitob oʻqisa, ijodiy oʻyinlar oʻynasa va oila aʼzolari bilan vaqt oʻtkazsa, bu sogʻlom turmush tarzining bir qismi boʻlishi mumkin.

Quyidagi yettita maslahat kichkintoylar, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarning ekran vaqtini muvozanatlashingizga yordam beradi:

  • “Ekran qoidalari”ni tuzing.
  • Qisqa namoyishlarni qoʻyib berishga harakat qiling.
  • Farzandingizni harakat qilishga, ayniqsa, koʻchada oʻynashga undang.
  • Farzandingizni tasavvur va ijod qilishga undang.
  • Oʻyinni va boshqalar bilan doʻstlikni ragʻbatlantiring.
  • Yotishdan oldingi ekran vaqtini qisqartiring.
  • Kechasi ekranlarni yotoqxonadan uzoqroq tuting.

Farzandingizda gadjetlar boʻlsa, uni harakatga keltirish uchun ekran vaqtidan ham foydalanishingiz mumkin-ku! Masalan, shunday narsalarni sinab koʻrishingiz mumkin:

  • raqamli xaritadan foydalanib bolangiz bilan sayr qilishni rejalashtirish;
  • farzandingiz arqonda sakrash kabi yangi koʻnikmani oʻrganayotganini videoga olish va bu jarayonni koʻrishi uchun videoni unga qoʻyib berish;
  • bolangiz uchun videoli raqs oʻyinlari yoki virtual sport simulyatorlarini tanlash.

Amaldagi milliy va xalqaro koʻrsatmalarga koʻra, ikki yoshgacha boʻlgan bolalarga videosuhbat mumkin xolos.