Kariyes
Kariyes nima?
Kariyes – tish kasalligi boʻlib, tish emal qavatida yemirilish kuzatiladi.
Ogʻizdagi mikroblar tish yuzasida yopishqoq parda hosil qilganda tishlarning shikastlanishi yuzaga keladi. Bu mikroblar ovqat va shirin ichimliklardagi qand moddasi bilan oziqlanadi va kislota ishlab chiqaradi. Bu kislota esa tish yuzasini shikastlaydi. Vaqt oʻtishi bilan bu kislota tish yuzasini yemiradi va tishlarda teshiklar va “gʻovak”lar paydo boʻladi.
Kariyes tishda ogʻriq kuzatilishiga va yalligʻlanishga olib kelishi mumkin. Sut tishlarining kariyesi ovqatlanishga, nutq va jagʻning rivojlanishiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoli bor.
Kariyes qanchalik uzoq vaqt davolanmasa, bolada quyidagilar kuzatilishi mumkin:
• ogʻriq va noqulaylik;
• yangi kariyes yuzaga kelish xavfi;
• murakkab va qimmat davolash;
• tish shifokoriga borishdan tashvishlanish;
• stomatolog tashrifi sababli maktabda darslarni oʻtkazib yuborish holatlari.
Kariyes tish kariyesi ham deyiladi.
Kariyesning belgilari
Kariyesning birinchi belgisi – tishlarda milklar boʻylab oq, xira tasmaning paydo boʻlishi. Keyinchalik siz tishlarda qoraygan teshiklar yoki singan tishlarni koʻrishingiz mumkin. Agar kariyes yalligʻlanishga olib kelsa, milkda va yuzda shishlar paydo boʻladi.
Kariyesning oldini olish: uchta asosiy qadam
Farzandingizda kariyesning oldini olish uchun uchta asosiy qadamni bajarish kerak:
- Tarkibida ftor tutuvchi tish pastasidan foydalanib, tishlarni kuniga ikki marta yuving. Bolalarda tishlarni parvarish qilishni erta boshlash ularda butun hayoti davomida samarali tozalik koʻnikmalarini shakllantirishga olib keladi.
- Ovqatlanganda qand moddasining miqdori kam boʻlgan mahsulotlarni isteʼmol qilishga oʻrgating.
- Muntazam ravishda tishlarni tekshiruvdan oʻtkazing. Doimiy ravishda tish shifokorida tekshiruvlari bolaning tishlarida kariyesning rivojlanishining oldini oladi.
Kariyesni oldini olishda sogʻlom taomlar va ichimliklar
Tishlarni yuvish kariyesning oldini olishning kafolati emas. Shuningdek, farzandingiz isteʼmol qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar tishlarning holati hamda kariyesning rivojlanishiga taʼsir qiladi.
6 oygacha boʻlgan bolalar
Yangi tugʻilgan chaqaloqlar va goʻdaklar faqat koʻkrak sutini emishi kerak.
6 oydan katta bolalar
Agar farzandingiz olti oyga toʻlsa, unga oz miqdorda suyuqlik berish mumkin. Farzandingizga shirin sut, meva sharbati va shirin ichimliklar bermang.
Kattaroq yoshdagi bolalar va oʻsmirlar
Bolalarga ovqatlanishi uchun turli-tuman sogʻlom mahsulotlar kerak. Eng yaxshisi, qand miqdori kam boʻlgan ovqatlar va ichimliklar isteʼmol qilish kerak. Bolalarga shirin pechenye va pishiriqlarni bermaslikka harakat qiling. Agar bola shirinlik isteʼmol qilsa, bir piyola suv ichishi yoki tishga zarar yetkazmaydigan taom isteʼmol qilib, tishidagi kislotalarni kamaytirishi mumkin.
Tarkibida shakar miqdori kam boʻlgan va tishlar uchun foydali oziq-ovqat mahsulotlari chaynashni yengillashtiradi va bolada soʻlak ajralib chiqishini kuchaytiradi. Tishlar uchun foydali oziq-ovqat mahsulotlariga pishloq, sabzi va selderey kabi sabzavotlar kiradi.
Kariyesning oldini olishda to‘g‘ri ovqatlanish odatlari
To‘g‘ri ovqatlanish odatlari ham kariyesning oldini oladi. Bu esa farzandingiz qachon va qanday ovqatlanishiga diqqat-eʼtiboringizni qaratish lozimligini anglatadi.
Masalan, ovqat va ichimlik ogʻzida qancha uzoq vaqt qolib ketsa, kislotaning paydo boʻlishi va tish emaliga zarar yetkazish ehtimoli shuncha yuqori boʻladi. Shuning uchun oziq-ovqatlarni uzoq vaqt davomida isteʼmol qilish kariyesga olib kelishi mumkin.
Siz bolani uzoq vaqt davomida ortiqcha ovqatlanishdan voz kechtirishingiz mumkin, buning uchun:
- bolangizni kun boʻyi ovqatlantirmasdan muntazam ravishda ovqatlar va shu jumladan, shirin ichimliklar orasida 1,5–2 soat vaqt oʻtkazishga harakat qiling;
- farzandingiz bir joyda – masalan, faqat stolda oʻtirib ovqatlanishiga va suyuqlik ichishiga ishonch hosil qiling;
- ovqatlanish vaqti tugashi bilan ovqatni olib qoʻying;
- bola chanqaganda sharbat, shirin ichimliklar oʻrniga oddiy suv ichishini ragʻbatlantiring;
- farzandingizga shirinliklarni ovqatning bir qismi sifatida bering.
Kariyesning oldini olishning boshqa usullari
Taqlid qilish uchun namuna boʻlish
Tishlaringizni parvarish qilishingiz va kuniga ikki marta yuvishingiz, isteʼmol qilayotgan shakar miqdorini cheklashingiz va tish shifokori tekshiruvidan oʻtishga ijobiy munosabatda boʻlishingiz bilan farzandingizga tishlarni sogʻlom saqlashda namuna koʻrsata olasiz.
Shishachadan ovqatlantirish
Sunʼiy sut aralashmalari solingan shishachani bolaning ogʻziga solib yotqizish tavsiya etilmaydi. Bolani ogʻzida shishacha bilan yotqizish kariyesga olib kelishi mumkin. Uyqu vaqtida bolaning ogʻzida soʻlak ozayib ketadi va bu tish emalini himoya qilolmaydi.
Astmani davolash uchun ingalyatorlar
Bu astmani davolash rejasining muhim qismidir. Lekin baʼzi ingalyator kukuni tarkibida kislota boʻladi, bu esa tish emaliga zarar yetkazishi mumkin. Agar tishni tozalash qoidalariga rioya qilinmasa, vaqti kelib bu kariyesga olib kelishi mumkin. Kariyesni oldini olish uchun har safar ingalatsiyadan soʻng bolaning ogʻzini suv bilan chayib tashlang.