Karlik va eshitish qobiliyatining buzilishi

Eshitish qobiliyati buzilishi tugʻilgandan beri yoki tugʻilgandan keyin boshlanishi mumkin. Baʼzi mamlakatlarda barcha yangi tugʻilgan chaqaloqlarda eshitish qobiliyatining buzilishi yoki karlik tashxisi uchun eshitish skriningi oʻtkaziladi. Farzandingiz kar yoki eshitishi zaif boʻlsa, u ogʻzaki nutq, imo-ishora bilan gaplashish yoki har ikkisidan ham foydalanishi mumkin. Farzandingizning karlik darajasiga qarab eshitish moslamalari nutqni eshitishga yordam beradi.
Body

Eshitish qobiliyatining buzilishi, karlik va eshitishning zaifligi: bu atamalar nimani anglatadi?

Farzandingiz eshitishi zaif yoki kar boʻlsa, demak, uning quloqlari oʻz vazifasini toʻliq yoki qisman bajara olmaydi. Masalan, farzandingiz zaif eshitish qobiliyatiga ega boʻlishi mumkin yoki u baʼzi yoʻnalishlardan keladigan tovushlarni eshita olmasligi yoki maʼlum chastotalar yoki tovushlarni eshitishida muammo boʻlishi mumkin.

Ushbu muammoni ifodalash uchun “karlik” yoki “eshitish qobiliyatining buzilishi” atamalari muqobil ravishda ishlatilishi mumkin.

Karlik yoki eshitish qobiliyati buzilishining turlari

Karlik yoki eshitish qobiliyatining buzilishi:

  • tugʻilgandan kuzatilishi mumkin, bu – eshitish qobiliyatining tugʻma buzilishi.
  • tugʻilgandan keyin boshlanadi, bu – eshitish qobiliyatining orttirilgan buzilishi.

Eshitish qobiliyatining ikkita asosiy turi mavjud – konduktiv va neyrosensor.

Konduktiv eshitish qobiliyatining buzilishi – quloq ichida tovush oʻtkazuvchanligining buzilishidir. Konduktiv eshitish qobiliyatining buzilishi, odatda oʻrta quloq infeksiyasi natijasida oʻrta quloqda suyuqlik toʻplanishidan kelib chiqadi va vaqtinchalik boʻladi.

Neyrosensor eshitish buzilishi – tovush qabul qilish va u nimani anglatishini ajratish uchun masʼul boʻlgan nervlar zararlanishidir. Neyrosensor eshitish buzilishi yengil, oʻrtacha, ogʻir yoki juda ogʻir shaklda boʻlishi mumkin. U bola hayoti davomida davom etadi va vaqt oʻtishi bilan yomonlashishi mumkin.

Eshitish qobiliyati yoʻqolishining aralash shakli – bolada ham konduktiv, ham neyrosensor eshitish qobiliyati buzilishi kuzatilishidir.

Yangi tugʻilgan chaqaloqlarda universal eshitish skriningi

Eshitish skriningi nima?

Skrining paytida maxsus uskuna chaqalogʻingizning quloqlariga maʼlum tovushlarni eshittiradi va chaqaloqning reaksiyasini yozib oladi.

Aksariyat hollarda chaqaloqlar, uyga chiqmaslaridan avval tugʻuruqxonada skriningdan oʻtkaziladi.

Karlik yoki eshitish qobiliyatining buzilishi belgilari

Farzandingiz kar yoki eshitishi zaif boʻlsa, u odamlarning gapirayotganini eshitmaydi, yaʼni u ovozlarga va boshqa shovqinlarga kutganingizdek javob bermasligi mumkin. U katta boʻlgani sari nutqi va tili boshqa bolalar kabi rivojlanmayotganini sezishingiz mumkin.

Quyida, odatdagidek rivojlanayotgan boladan nima kutish kerakligi keltirilgan. Agar farzandingiz quyidagilarni bajarmasa, shifokoringiz bilan maslahatlashish tavsiya qilinadi.

  • 0–4 oylikkacha boʻlgan davrda farzandingiz baland tovushlardan choʻchib ketishi, tovush manbaini topish uchun boshini aylantirishi yoki koʻzlarini harakatlantirishi kerak. Agar bola yigʻlab bezovtalansa, u ovozingizni eshitganda tinchlanishi kerak.
  • 4 oydan 8 oygacha boʻlgan davrda farzandingiz atrofidagi tovushlarni sezishi, u bilan gaplashganda tabassum qilishi, “xayr-xayr” kabi oddiy soʻzlarni tushunishi kerak.
  • 8 oydan 14 oygacha boʻlgan davrda farzandingiz oʻz ismiga javob berishi, “oyi” va “dada” kabi oddiy soʻzlarni aytishi, oddiy tovushlarni takrorlashi va yaqin atrofidagi odamlar eʼtiborini qaratish uchun ovozidan foydalanishi kerak.
  • 14 oydan 24 oygacha boʻlgan davrda farzandingiz soʻz boyligini rivojlantira boshlaydi, oddiy koʻrsatmalarni tushunadi va ularga rioya qiladi, ikkita soʻzni birlashtiradi.

Hamma narsa yaxshidek tuyulishiga qaramay hali ham xavotirda boʻlsangiz, shifokor yoki soha mutaxassisiga murojaat qilishingiz kerak. Chunki farzandingizni yaxshi bilasiz.

Muloqot qilishni oʻrganish: kar bolalar va eshitishi zaif boʻlgan bolalar

Farzandingiz kar yoki eshitishi zaif boʻlsa, u ogʻzaki nutq, imo-ishora yoki bir vaqtning oʻzida ogʻzaki nutq va imo-ishora ikkisidan foydalanishi mumkin.

Ogʻir darajadagi karlik yoki juda ogʻir karlik bilan ogʻrigan bolalar uchun ogʻzaki nutq bilan muloqot qilishni oʻrganish – juda qiyindir. Bunday oʻqitish koʻp yillarni talab etadi va har doim ham muvaffaqiyat qozonmaydi. Farzandingiz rivojlanishi va u bilan muloqot qilishingiz uchun eng muhimi bu – muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻlishingizdir.

Koʻpgina oilalar, bola ogʻzaki nutqdan foydalanishidan qatʼi nazar, bolasini ham gapirish, ham imo-ishoradan foydalanishga oʻrgatadi. Bu oilangizning tanlovi boʻlsa, siz va oilangizning qolgan aʼzolari ham imo-ishora tilini oʻrganishlari kerak.

Sizga va farzandingizga gʻamxoʻrlik qilayotgan tibbiyot mutaxassislaridan qoʻshimcha maʼlumot olish va imo-ishora tilini oʻrganish uchun yordam soʻrashingiz mumkin.

Kar va eshitishi zaif boʻlgan bolalar uchun eshitish moslamalari

Farzandingizga ogʻzaki nutqni eshitishga yordam beradigan moslamalar mavjud. Ogʻzaki nutqni eshitganida farzandingiz tildan foydalanishni oʻrganishni boshlashi mumkin.

Farzandingiz uchun toʻgʻri moslamani tanlash eshitish qobiliyatining turiga va ogʻirlik darajasiga bogʻliq boʻladi. Kuchaytirish yoki yordamchi eshitish moslamalari deb nomlangan ushbu moslamalarga quyidagilar kiradi:

  • eshitish apparatlari;
  • suyak oʻtkazuvchi implantlari;
  • koxlear implantlar – eshitishning ogʻir neyrosensor shakli boʻlgan bolalar uchun jarrohlik yoʻli bilan oʻrnatiladigan moslama;
  • shaxsiy chastota modulyatsiyasi tizimlari.

Farzandingiz bitta moslamadan yoki bir nechta moslamadan foydalanishi mumkin. Shuningdek, farzandingiz ushbu moslamalarni ogʻzaki nutq va imo-ishora bilan birgalikda ishlatsa boʻladi.

Eshitish qobiliyati zaif boʻlgan bolalarning aksariyati ikkala quloqda ham yordamchi eshitish moslamalaridan foydalanadilar.

Kar va eshitishi zaif boʻlgan bolalar uchun erta aralashuvlar

Farzandingizda eshitish qobiliyatining pasayishi mavjudligini qanchalik erta bilsangiz, unga erta davo muolajalari boshlanadi va u muloqot qilishi uchun tilni oʻzlashtira olishi imkoni oshadi. Bu shuningdek, siz va oilangiz iloji boricha tezroq maslahat va koʻmak olishingiz mumkinligini,farzandingiz uchun hayotga yoʻllanma degan maʼnoni anglatadi.

Sizni va farzandingizni qoʻllab-quvvatlovchi mutaxassislar jamoasiga audiologlar, logopedlar va maxsus taʼlim oʻqituvchilar (pedagog-defektologlar) kirishi mumkin.

Koʻp savol berishga qoʻrqmang

Bolaning eshitish va rivojlanishini ragʻbatlantirish uchun kun davomida u bilan oʻynashingiz va oʻzaro muloqotda boʻlishingiz unga juda ham katta yordam beradi. Bolalar ularga gʻamxoʻrlik qilayotgan va koʻp vaqtlarini ular bilan oʻtkazadigan insonlardan koʻp narsalarni oʻrganadilar.

Oʻzingiz va oilangizga gʻamxoʻrlik

Farzandingizga gʻamxoʻrlik qilishga boshingiz bilan shoʻngʻib ketsangiz-da, oʻz farovonligingizni ham unutmang. Siz jismoniy va aqliy jihatdan sogʻlom boʻlsangiz, farzandingizga yaxshiroq gʻamxoʻrlik qila olasiz.

Boshqa bolalarning ota-onalari bilan suhbatlashish – qoʻllab-quvvatlashning ajoyib usuli boʻlishi mumkin. Shu kabi holatlarda boshqa ota-onalar bilan umumiy til topishishingiz tavsiya etiladi. Buning uchun yuzma-yuz yoki onlayn qoʻllab-quvvatlash guruhiga qoʻshilish orqali bogʻlanishingiz mumkin.

Boshqa farzandingiz boʻlsa, imkoniyati cheklangan bolalarning aka-ukalari siz uchun juda muhim ekanini,ular haqida qaygʻurishingizni va ular boshidan oʻtkazayotgan voqealarga befarq emasligingizni his qilib turishlari kerak. Ular bilan suhbatlashish, birga boʻlish va ular uchun ham qoʻllab-quvvatlovchi soʻzlarni topish muhimdir.