Karta oʻyini
Kerak boʻladigan materiallar: oʻyin kartalari.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: oʻyinda qatnashayotgan barcha bolalar stol atrofida yoki polda, aylana shaklida bir-biriga yaqin oʻtirib olishlari kerak boʻladi. Har bir bola uchun kartalar toʻplamidan 4 ta bir xil karta olib, ularni aralashtiring. Soʻngra har bir oʻyinchiga toʻrttadan karta tarqating.
Oʻyindan maqsad – 4 ta bir xil shaklli kartani yigʻib, burunga barmoqni tekkizish!
Oʻyin boshlanishidan oldin bolalarga oʻz kartalariga qarab, ularni oʻzlari xohlagan tartibda joylashtirishlarini soʻrang. Ular qanday toʻrtlikni yigʻishmoqchi? Oʻyinni boshlash uchun har bir ishtirokchi qoʻlida turishini xohlamagan kartani stolga rasmini pastga qaratgan holda qoʻyadi va chapdagi ishtirokchi tomonga suradi. Keyin ishtirokchilar oʻzlariga uzatilgan kartani qoʻllariga oladi, shundan soʻng stolga yana boshqa karta qoʻyishadi.
Bolalar ishni iloji boricha tez bajarishlari kerak, shunda bu bolalarga albatta bir olam quvonch, kulgu ulashadi. Oʻyin yanada zavqli boʻlishi uchun uni bir ritmga solib koʻrishingiz mumkin, masalan: “Pastga – Oʻtkaz – Tepaga – Qara – Pastga – Oʻtkaz – Tepaga – Qara”.
Birorta ishtirokchi toʻrtta bir xil karta yigʻib olganida ularni tezda stolning ustiga qoʻyib, barmogʻini sekingina burniga qoʻyadi. Boshqa oʻyinchilar ham buni payqaganda shu ishni takrorlashi kerak. Buni eng oxirida bajargan ishtirokchi yutqazgan hisoblanadi va boshqalar oʻyinni tugatgunicha bir chekkada oʻtirib turadi.
Oʻyin ikkita ishtirokchi qolgunga qadar davom etadi – ularning ikkalasi ham gʻolib hisoblanadi!
Farzandingiz nimani oʻrganadi: bunday dinamik karta oʻyini bolaning koʻrishi va motorikasini muvofiqlashtirish va diqqatni jamlash koʻnikmalarini rivojlantirishda qoʻl keladi. Shuningdek, bu oʻyin turli yoshdagi bolalarga bir olam zavq va quvonch bagʻishlaydi!