Хavfsiz uyqu
Sifatli uyquni taʼminlash va jarohatlardan saqlanish uchun bolaning xonasini va yotogʻini xavfsiz holatga keltirish, bolalarni toʻgʻri kiyintirish va ularning eng xavfsiz holatda uxlashlarini taʼminlash juda muhimdir.
Body
- Karavotga yotqizishdan oldin, yaxshilab tekshirib koʻring, bolaga shikast yetkazishi mumkin boʻlgan yoriqlar va shikastlangan qismlari yoʻqligiga, uning mustahkamligiga ishonch hosil qiling.
- Toʻshakni solayotganda, uning oʻlchamlari karavotning oʻlchamiga toʻliq mos kelishiga, bola matras va karavot orasidagi boʻshliqqa tushib tiqilib qolmasligiga ishonch hosil qiling.
- Karavotni derazadan, eshikdan, pardadan, shuningdek, bola tiqilib qolishi yoki boʻgʻilib qolishi mumkin boʻlgan barcha arqonlar, tasmalardan va kabellardan xavfsiz masofada joylashtiring.
- Barcha xavfli buyumlarni (lampalar, mayda buyumlarni) karavotdan xavfsiz masofada saqlang.
- Karavotni issiqlik radiatorlari va boshqa issiqlik manbalaridan uzoqroq tutish kerak, chunki ular chaqaloqlarning kuyib qolishiga sabab boʻlishi mumkin.
- Bolaning karavotida oʻyinchoqlar boʻlmasligi kerak. Kattaroq bolaga batareyadan ishlaydigan oʻyinchoqlar bilan uxlashiga yoʻl qoʻymang, chunki ular qizib ketishi va suyuqligi oqib, kuyish yoki zaharlanishga olib kelishi mumkin.
- Bola uxlaydigan choyshabni mahkam tortib solish, burmalar qolmasligiga eʼtibor berish, koʻrpa va ogʻir adyol ishlatmaslik kerak.
- Siz bolaning ustini yengil adyol bilan yopishingiz mumkin, lekin hech qachon boshini yopmang.
- Bola hayotining birinchi oylarida yostiqdan foydalanmang.
- Kichkintoylar va bolalarga kamroq alangalanadigan materiallardan tayyorlangan, mos oʻlchamdagi pijama (tungi kiyim) kiydiring. Farzandingizni kundalik kiyimida, noqulay kiyimda yoki uni boʻgʻib qoʻyadigan iplari bor kiyimlarda yotqizmang.
- Chaqaloqni katta bola yoki kattalar bilan bir toʻshakda yotqizish maqsadga muvofiq emas, chunki ular uyqu paytida uni bexosdan urib, ezib qoʻyishlari mumkin yoki boshqa odamning tanasi uni bosib qolishi mumkin.
Agar hali ham farzandingiz bilan bir toʻshakda uxlasangiz, yumshoq joyda yotmang, matrasning iloji boricha qattiqrogʻini tanlang, bolaning atrofiga va ostiga adyol va yostiq qoʻymang, chekmang, spirtli ichimliklar va boshqa psixotrop moddalarni (dorilar va boshqalar) qabul qilmang. Kunduz kuni hech qachon bolani karavotingizda yoki divanda uxlayotganida nazoratsiz, yolgʻiz qoldirmang.
- Farzandingiz uxlayotgan xona haddan tashqari isib ketishiga yoʻl qoʻymang. Haddan tashqari issiqlik chaqaloqlar va yosh bolalarning toʻsatdan oʻlim sindromi uchun xavf omillaridan biri hisoblanadi.
- Bola yotadigan yoki uxlaydigan xonada chekmang. Tamaki tutuni sogʻlikka zarar yetkazishidan tashqari, toʻsatdan oʻlim sindromi xavfini oshiradi.
- Bola maxsus avtomobil kursisida, yarim oʻtirgan holatda ushlab turadigan moslamalarda uzoq uxlamasligi kerak. Manzilga yetib kelishingiz bilan, bolani uxlashi uchun qulay boʻlgan joyga yoki karavotga oʻtkazing.
Agar farzandingiz bilan boshqa joyda tunamoqchi boʻlsangiz, oʻzingiz yashaydigan muhitni yaxshilab koʻrib chiqing va undan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha xavflarni bartaraf etishga harakat qiling.