Kichkintoylar uchun sezgini oshiruvchi oʻyinlar

Kerak boʻladigan materiallar: rangli matolar, yumshoq oʻyinchoqlar, haykalchalar, rangli pufaklar, folga, chiroqli oʻyinchoqlar.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: mashgʻulotni quyidagi ketma-ketlikda bajarish kerak:

1. Yumshoq gilam yoki adyolga turli rang va uslubdagi oʻyinchoqlar toʻplamini yoyib chiqing.

2. Kichkintoyingizni oʻyinchoqlar orasiga yotqizing va unga qiziq boʻlgan buyumlar ichida yurishiga ruxsat bering. Kichik yoshdagi bolalarga oʻzlarining sevimli oʻyinchoqlarini koʻrsatib, ularni zavqlantirgan buyumlar oldida dumalashga undang.

3. Turli oʻyinchoqlarni koʻrsatib, ularning rangi va shaklini ayting. Chiroqli oʻyinchogʻingiz yoki rang-barang yumshoq yoritkichingiz boʻlsa, uni bolangizga koʻrsating va  bu oʻyinchoqni diqqat bilan tomosha qilishiga qoʻyib bering.

4. Bolani turli buyumlarga teginishga va ularni qoʻl bilan ushlashga undang. Turli matolarni bolangizning qoʻli yoki yuziga tekkizing, kichkintoy mato tuzilishini his qilsin.

5. Oʻyinchoqning tovushiga eʼtibor qarating, ularni bir-biriga uring va bolangiz eplasa, uni ham shunday qilishga undang. Turli vazn va zichlikdagi oʻyinchoqlarni bir-biriga tegizish orqali har xil tovushlarni chiqarishga harakat qiling. Har turdagi shovqinlarni hosil qilish uchun turli oʻlchamdagi folga tasmalarini har xil tezlikda siqing.

6. Kichkintoylar oʻyinchoqlarni turlicha usullarda oʻrganishi uchun ularni silkiting, taraqlating, taxlang va silang. Farzandingiz obyektlarni oʻrganayotganda uni maqtang, bu uning oʻziga boʻlgan ishonchini mustahkamlashning ajoyib usulidir.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: sezgini oshiruvchi oʻyinlardan chaqaloq dunyoga kelganidan keyinoq foydalanish mumkin. Bolalar hatto ona qornida ham tovushlarni eshitishi, ularga munosabat bildirishi va ovqat taʼmini sezishi mumkin. Bola hayotining birinchi yilida his-tuygʻularning rivojlanishi oʻrganishga yordam berish hamda ota-ona va bola oʻrtasida aloqa oʻrnatish uchun muhimdir.