Kichkintoylar va bolalarning oftobdan saqlanishi

Quyoshda uzoq vaqt qolish – kuyish, koʻzlarning shikastlanishi, teri saratoni va immun tizimining zaiflashishiga olib kelishi mumkin. Oddiy ehtiyot choralari quyoshning yomon taʼsir qilish xavfini kamaytirishi mumkin. Bolalarning quyoshda xavfsiz boʻlishi nurning taʼsir qilish vaqti, soya-salqin mavjudligi, himoya kiyimlari va quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalanishga bogʻliq. Quyoshdan himoya qilish uchun sizning bu yoʻnalishdagi xatti-harakatlaringiz namuna sifatida muhim ahamiyatga ega.
Body

Quyosh nuri ostidagi xavfsizlik: bu nima uchun muhim?

Oftobda uzoq vaqt qolish oftobdan kuyishga, koʻzning shikastlanishiga, teri saratoniga va immun tizimining zaiflashishiga olib kelishi mumkin.

Quyosh nurlari farzandingizning tanasida D vitaminini ishlab chiqarishga yordam beradi, bu esa suyaklar va mushaklar mustahkam boʻlishiga olib keladi. Lekin siz farzandingiz terisiga quyosh qancha vaqt tushishiga eʼtibor berishingiz kerak.

Yil davomida va kunning turli vaqtlarida quyoshdan himoyalanish

Farzandingizni quyoshdan himoya qilish yilning va kunning turli vaqtlarida turli xil boʻlishi kerak. Buning sababi ultrabinafsha nurlarining taʼsiri mavsumga qarab yil davomida oʻzgarib turadi.

Ultrabinafsha nurlari darajasi siz qayerda boʻlishingizga va yil mavsumiga qarab taxminan ertalab soat 9:00–16:00 orasida eng yuqori boʻladi.

Yozda bolalar maydonchasiga, istirohat bogʻiga yoki choʻmilish joyiga erta tongda yoki kechga yaqin borish maqsadga muvofiq boʻladi.

Soya-salqin

Soya-salqin joy sizni va farzandingizni ultrabinafsha nurlanishidan anchagina himoya qiladi. Ayniqsa, pana joylarni yaratuvchi boshpanalar ishonchli hisoblanadi.

Lekin soya joylarda ham siz ultrabinafsha nurlaridan toʻliq himoyalana olmaysiz. Shuning uchun agar siz va farzandingiz soyada boʻlsangiz ham, himoya qiluvchi ustki kiyimlarni, koʻp soya beradigan bosh kiyimlarni kiying va quyoshdan saqlaydigan koʻzoynaklarni taqing. Terining ochiq joylariga quyoshdan saqlaydigan kremdan surting.

Agar siz bolalar aravachasidan foydalanayotgan boʻlsangiz, uni soya qiladigan va havo oʻtkazadigan mato bilan yopib qoʻying. Baʼzi bolalar aravachasida quyosh holatining oʻzgarishiga qarab soya beradigan va boshqariladigan soyabonlari mavjud.

Agar soya-salqin joy topa olmasangiz, soyabondan foydalaning. Mashinada ketayotganingizda bolani oftobdan himoya qilish uchun yon oynalariga yopishtirish moslamasi yordamida parda iling.

Kun quyoshli boʻlmasa ham, ultrabinafsha nurlari taʼsiri ostida qolishingiz mumkin. Bu siz bulutli yoki salqin kunlarda ham binolar, suv, qum yoki qordan aks etgan quyosh nurlari taʼsirida kuyib qolishingiz mumkin degan maʼnoni anglatadi.

Ustki himoya kiyimlari, bosh kiyimlar hamda quyoshdan saqlaydigan koʻzoynaklar

Farzandingiz uchun quyoshdan himoya qiladigan kiyimlarni tanlashda kerak boʻlgan baʼzi maslahatlar:

  • Qalin mato bolaning terisini quyoshdan himoya qilishga yordam beradi. Matodan quyosh nuri qancha oʻtishini aniqlash uchun, matoni quyosh nuriga qarating. Agar matodan yorugʻlik koʻp oʻtsa, demak mato ultrabinafsha nurlarini koʻp oʻtkazadi.
  • Yengi uzun koʻylak va shimlar bola terisining katta qismini yopadi. Agar qoʻl va oyoqlarni toʻliq yopadigan kiyimda bola isib ketsa, kalta shim va yengi tirsagigacha boʻlgan koʻylak kiygizing.
  • Quyoshdan saqlaydigan suzish kiyimi – bola choʻmilayotganda yoki suvda boʻlganda quyoshdan saqlaydigan eng yaxshi kiyimdir.
  • Sunʼiy materialdan tayyorlangan kiyimlarga qaraganda paxtadan tayyorlangan kiyimlarda salqinroq boʻladi.
  • Erkin kiyimda yurish tanaga salqinlik beradi.

Bosh kiyimlar

Bosh kiyimlar bolangizning yuzini, boʻynini va quloqlarini quyoshning ultrabinafsha nurlaridan himoya qiladi. Bolalar panamkasi (yumshoq matodan tikilgan bosh kiyim), shlyapa (ayvonli bosh kiyim) va maxsus kepka (boshga kiyganda yuzini, boʻynini, quloqlarini himoya qiladigan bosh kiyim) quyoshdan saqlaydigan eng yaxshi himoya hisoblanadi. Oddiy kepkalar tavsiya etilmaydi.

Kichkintoylarga kiyib yotganda qulay boʻlishi uchun yumshoq bosh kiyim tanlang. Bogʻichlari uni boshda ushlab turishga yordam beradi. Uzun bogʻichli yoki tugmali ilgaklarni kichkintoy boshining orqasiga bogʻlab qoʻying yoki uzun bogʻichlar boʻynini qisib qoʻymasligi uchun kesib tashlang.

Koʻp chaqaloqlar va bolalar bosh kiyimni yoqtirmaydilar – har gal kiydirishni toʻxtatmang, qatʼiyatli boʻling va vaqti kelib bosh kiyimni kiyish farzandingiz uchun oddiy holat boʻlib qoladi.

Quyoshdan himoya qiladigan koʻzoynaklar

Quyoshdan himoya qiladigan koʻzoynaklar va bosh kiyim bolangizning koʻzlarini himoya qilishga yordam beradi. Quyoshdan saqlovchi zich yopishib turadigan  koʻzoynaklarni tanlang. Ultrabinafsha nurlari uzoq vaqt taʼsir qilishi katarakta (koʻz gavharining xiralashishi) rivojlanishi uchun xavf omilidir.

Bolaning toʻgʻridan toʻgʻri quyosh nuri ostida emasligiga ishonch hosil qilish uchun uning bosh kiyimini va ustki kiyimlarini muntazam tekshirib turing.

Quyoshdan himoya qilish kremi

Quyoshdan himoyalanish omili (SPF) 30 yoki undan yuqori boʻlgan har ikki turdagi nurlardan himoya qiluvchi suv oʻtkazmaydigan quyoshdan himoya kremini bolaning yuziga, qoʻllariga va terining ochiq qismlariga surkang. Quyoshdan himoya qiladigan kremdan koʻp miqdorda foydalaning – odatda koʻpchilik kremni kam surkaydi, shuning uchun kerakli himoyani ololmaydi.

Quyoshdan himoya qiluvchi kremni koʻchaga chiqishdan kamida 20 daqiqa oldin surkang va uni har ikki soatda qayta surkab turing.

Quyoshdan himoya qiluvchi kremning foydalanish muddati tugamaganiga ishonch hosil qiling va uni 30 °C dan past haroratda salqin joyda saqlang.

Esingizda boʻlsin, quyoshdan himoya qiluvchi krem ultrabinafsha nurlarini ushlab qoladi, lekin uni butunlay toʻsib qoʻymaydi. Siz avvalgidek quyoshda qolmasligingiz va bolaga quyoshdan himoya qiluvchi kiyimni kiydirishingiz kerak.

Quyoshdan himoya qiluvchi krem va chaqaloqlar

Agar farzandingizning olti oydan kichik boʻlsa, unga quyoshdan himoya kremini surkash kerak emas – soya-salqin joy, ustki kiyim va bosh kiyimlar eng yaxshi himoyachi vazifasini bajaradi.

“Goʻdaklar uchun” yoki “sezgir teri uchun” deb yozilgan quyoshdan himoya qiluvchi kremlarning teriga zarar qilish ehtimoli kam. Kremga teri reaksiyasi bor yoki yoʻqligini tekshirish uchun har doim quyoshdan himoya qiluvchi kremni bola terisining kichik bir qismida sinab koʻring.

Yaxshi namuna boʻling

Siz farzandingiz taqlid qilishi uchun eng asosiy namunasiz va siz nima qilsangiz, farzandingiz shundan nusxa oladi. Agar oʻzingiz quyoshdan toʻgʻri saqlansangiz, farzandingiz ham xuddi shunday qiladi.