Kichkintoylarda tasavvur, ijodkorlik qobiliyati va oʻyinni rivojlantirish

Bolalardagi tasavvur va ijodkorlik oʻyin orqali rivojlanadi. Ilk yoshdagi kichkintoyingiz yolgʻondakam oʻyinlarni juda koʻp oʻynaydi. Ular uchun bu oʻrganishning ajoyib usulidir. Bolaning tasavvurini rivojlantiruvchi oʻyinlarga oʻqish, rasm chizish, ochiq havoda sayr qilish, xazina qutilari, kiyim almashtirish va tartibsiz oʻyinlar va boshqalar kiradi.
Body

Kichkintoylar uchun oʻyinlar: nega ular tasavvur va ijodkorlikni rivojlantirish uchun muhim?

Kichkintoylar ayni damda tasavvur va ijodkorlik jadal surʼatlarda rivojlanayotgan yoshda! Bu yerda oʻyinning roli juda muhim. Tasavvur va ijodkorlik farzandingizga:

  • dunyoni oʻrganish va oʻzining undagi oʻrnini tushunishga;
  • oʻzi va boshqa odamlarni yaxshiroq tushunishga;
  • his-tuygʻularini bilish va ularni ifoda etishga;
  • turli gʻoyalarni amalga oshirish va muammolarni hal qilish yoʻllarini topishga yordam beradi.

Farzandingizning tasavvuri rivojlanayotganda nimani kutish kerak?

Taxminan 15–18 oylik kichkintoy kiyimlarni almashtirish va yolgʻondakam oʻyinlarni oʻynashni boshlaydi. Farzandingiz eski kiyim va shlyapalardan foydalanib oʻzini kattalardek koʻrsatishni yaxshi koʻradi. Masalan, u avtobus haydayotganini yoki doʻkonda ishlayotganini tasavvur qilishi mumkin.

Kichkintoyingiz boshqalar bajaradigan ishlarga taqlid qilish orqali oʻrganadi. Misol uchun, ikki yoshli bola oʻzini hovlidagi barglar va oʻtlardan ovqat tayyorlayotgandek tutishi mumkin.

Shu bilan birga, kichkintoyingiz oʻzi oʻylab topgan yolgʻondakam oʻyinlarni oʻynashni boshlashi mumkin. Bunday oʻyinlar siz bilan birgalikda oʻqilgan kitoblardagi hikoyalar yoki oldinroq egallangan tajribalarga (masalan, shifokorga borish) asoslangan boʻlishi mumkin.

Har qanday musiqa bolajoningizga fantastik narsalarni, masalan, qush kabi uchishni tasavvur qilishga yordam beradi. Kichkintoy oʻzini turli koʻrinishda namoyon qilishi mumkin: qoʻshiq aytishi, raqsga tushishi va sevimli qoʻshiqlari sadolari ostida turli harakatlar qilishi mumkin.

Bu yoshdagi bolalar, ayniqsa, ust-boshini iflos qilishi mumkin boʻlgan oʻyinlarni oʻynashni yaxshi koʻradi. Unga qumda oʻtirib oʻynash yoki plastilin ezgʻilab oʻtirish juda yoqadi.

Shu bilan birga, kichkintoyingiz vannada choʻmilish va oʻynashni ham yoqtirishi mumkin. U bir oʻyinchoqdan ikkinchisiga suv qoʻyib yoki ularni suvga botirib oʻyinchoqlarining nimaga qodirligini sinab koʻrishi mumkin. Bola suv atrofida boʻlganida uni aslo nazoratsiz qoldirmang. Kichkintoylar tabiatan qiziquvchan va koʻpincha qoʻrquvni his qilmaydi, shuning uchun ularning suvda choʻkish xavfi bor.

Farzandingiz har xil ijodiy yondashuvlar yordamida oʻz tasavvurini mashq qildirib, gʻoyalarini hayotga tatbiq etayotganligini koʻrasiz.

Kichkintoylarda tasavvurni rivojlantirish uchun oʻyinlar va ijodiy faoliyat

Farzandingizga oʻyinlarni oʻzi oʻylab topishiga ruxsat bering. Bu foydali va bolangizga oʻz tasavvurlarini ifodalash uchun zoʻr imkoniyat beradi.

Kichkintoyingiz oʻz tasavvurini ifoda etishi uchun uyda quyidagi oʻyin gʻoyalarini sinab koʻring:

– birgalikda kitoblar oʻqing, sehrli joylar va mavjudotlar haqida hikoyalar ayting. Kichkintoyingiz bilan ushbu hikoyalarni muhokama qiling yoki undan keyin nima boʻlishi mumkinligini soʻrang;

– bolaligingizdan yodingizda qolgan ovutmachoqlarni ayting. Siz uyda gaplashayotgan til  yurtingizda koʻpchilik gaplashadigan tildan farqli boʻlsa, farzandingiz bilan muloqotda shu tildan foydalanishingiz ham yaxshi natija beradi;

– qoʻlda yasalgan yoki sotib olingan musiqa asboblari yordamida tovushlar va ritmlar yarating;

– rangli qalamlar yordamida qogʻozga rasm chizing. Kichkintoy xayoliga kelgan narsani chizsin. Uning qanday koʻrinishi muhim emas!

– uyingizda farzandingiz uchun qozon-tovoqlar solinadigan tortma yoki idishlar turadigan shkaf kabi yangi joylarni kashf qiling yoki sevimli joylarini tadqiq qilishiga ruxsat bering;

– uyingizda oʻyin uchun maxsus joy yarating. Bu juda oson: shunchaki ikki stul ustiga mato tashlang yoki katta karton qutining yon tomonini teshing. Kichkintoyingiz hikoya va oʻyinlar oʻylab topishi uchun unga mavzuga mos kiyim va oʻyin uchun koʻproq kubik bering.

Agar oʻz hududingizda sayr qilishingiz mumkin boʻlgan joylar cheklangan boʻlsa, kichkintoyingizning tasavvurini jonlantirishga yordam beruvchi ochiq havoda oʻynaladigan oʻyin turlari juda koʻp, masalan:

– sayr qilish uchun tabiat qoʻyniga boring, hatto oʻzingizning hovlingiz boʻlsa ham, bolangizni ilhomlantiradigan qiziqarli manzara va tovushlar boʻlgan joyni toping;

– yuqoriga qarang! Osmonda koʻringan hamma narsani tasvirlab bering: oy, yulduzlar va bulutlar kichkintoyni hayratga soladi;

– farzandingiz uchun xazina qutisini yasang, uning ichini tabiiy materiallar bilan toʻldiring, kichkintoyingiz ularni oʻynashi, tegishi va saralab turishi mumkin. Qutining ichiga barglar, rangli toshlar, yongʻoqlar yoki urugʻlarni solishingiz mumkin. Faqat eʼtiborli boʻling, kichkintoy ularni aslo ogʻziga solmasin!

– ust-boshni kir qilishi mumkin boʻlgan oʻyinlarni oʻynang, masalan, qum, plastilin yoki boʻyoqlar bilan. Faqat ularning tarkibida zaharlovchi moddalar yoʻqligiga ishonch hosil qiling, chunki oʻyin davomida farzandingiz qoʻllarini ogʻziga solishi mumkin;

– bolajon uchun suvli oʻyinlarni tashkil qiling. Bunday oʻyin uchun bor-yoʻgʻi bir chelak suv va bir nechta plastik stakan kerak xolos! Kichkintoyni, ayniqsa, pufakchalar quvontirishi mumkin. Suvli oʻyinlar paytida uning xavfsizligini taʼminlash uchun har doim sergak boʻling.

Bolalarning ekran oldida oʻtkazadigan vaqti va tasavvurni rivojlantirish uchun oʻyinlar

Amaldagi milliy va xalqaro qoidalarga koʻra, ikki yoshdan kichik bolalarga ekran oldida vaqt oʻtkazish tavsiya etilmaydi, yaqin kishilar bilan videoaloqalar bundan mustasno. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun ekran oldidagi vaqtni cheklash, shuningdek, ular faqat sifatli kontentdan foydalanishlarini taʼminlash kerak. Chunki juda kichik bolalar haqiqiy hayotdan tajriba orttirgan holda oʻrganadi va rivojlanadi, masalan, faol oʻyinlar, koʻchadagi oʻyinlar, ijodiy oʻyinlar, oila va doʻstlar bilan muloqot qilish orqali, ularning tasavvurlari aynan shular yordamida rivojlanadi.