Kichkintoylarda tish chiqishi

Koʻpgina chaqaloqlarda birinchi tishlar 6 oylikdan 10 oylikkacha boʻlgan davrda paydo boʻladi. Farzandingizga qattiq, ammo xavfsiz narsa (chaqaloqlar uchun tish halqalari, tishyorgichlar) berib yoki milklarini muloyimlik bilan massaj qilish orqali noqulaylikni yengillashtirishingiz mumkin.
Body

Sut tishlarining oʻsishi

  • Tishlar chaqaloq hali bachadonda boʻlgan paytdayoq milklarda shakllanadi.
  • Aksariyat bolalarda birinchi tish 6 oylikdan 10 oylikkacha boʻlgan davrda yorib chiqadi, lekin u ertaroq, hatto tugʻilgan paytda yoki keyinroq, hayotning birinchi yilidan soʻng ham paydo boʻlishi mumkin.
  • Tishlar maʼlum bir tartibda chiqadi, bu tartib doim ham bir xil boʻlavermaydi.
  • Odatda dastlab pastki oʻrta kuraktishlar, keyin yuqori oʻrta va yon kuraktishlar yorib chiqadi. Birinchi yil oxirigacha bolaning 6 ta tishi boʻladi.
  • Uchinchi yil oxirigacha koʻpchilik bolalarda 20 ta sut tishi boʻladi.

Tish chiqishi

  • Tishlar milklarni yorib chiqa boshlaganda bolalar koʻp injiqlik qiladi. Bu davrda bolalarga milklarini massaj qilish uchun nimanidir tishlash va chaynash yoqadi, tish chiqayotgan joy biroz qizarishi va shishishi mumkin.
  • Tish chiqishi davrida baʼzi bolalarning feʼl-atvori oʻzgarmaydi, lekin aksariyat bolalarda ota-onalar muayyan feʼl-atvor oʻzgarishlarini sezadi: ular koʻproq yigʻlaydi, injiqlik qiladi, koʻp soʻlak ajratadi, odatdagidek ovqatlanmaydi, uxlashga qiynaladi va kechasi tez-tez uygʻonadi. Ular qoʻliga tushgan hamma narsani (oʻyinchoqlar, sochiqlar) chaynaydi; rezinka soʻrgʻich soʻraydi, tagligini tez-tez yomon qiladi; tish chiqayotgan tomondagi qulogʻini ishqalaydi.
  • Ushbu oʻzgarishlar – bolaning rivojlanish bosqichlaridan biridir, ammo baʼzida yengil infeksiyalarning belgisi boʻlishi ham mumkin.
  • Farzandingiz oʻzini yomon his qilsa, ayniqsa, unda isitma, diareya kuzatilsa yoki kasallikning boshqa belgilari sizni tashvishlantirsa, shifokorga murojaat qiling.

Tish chiqayotganda nima qilish kerak?

Siz:

  • farzandingizning milklarini barmogʻingiz yoki yumshoq choʻtka bilan asta-sekin massaj qilish;
  • unga chaynashi mumkin boʻlgan biror narsa (tishyorgich yoki oʻyinchoq) berish;
  • chaynamasdan yutsa boʻladigan boʻtqasimon ovqatlar tayyorlab berish orqali farzandingizga yordam berishingiz mumkin.