Kichkintoylarda va katta yoshdagi bolalarda charchoq belgilari
Charchoq belgilari: nima uchun ular muhim?
Bolalar charchaganliklarini xulq-atvordagi oʻzgarishlar orqali koʻrsatadi. Masalan, farzandingiz toʻsatdan asabiylashishi, haddan tashqari faol yoki talabchan boʻlib qolishi mumkin.
Farzandingizdagi “charchoq belgilarini” aniqlash juda muhim. Ular sizga qachon tinchlantirish va qachon uxlatish kerakligini harakatlari orqali xabar beradi. Agar siz farzandingizning oʻta charchashini kutsangiz, uni tinchlantirish qiyin boʻladi.
Yangi tugʻilgan chaqaloqlar: charchoq belgilari
Agar yangi tugʻilgan chaqaloqlar 1–1,5 soat uxlamasa, charchab qoladi.
Agar sizning yangi tugʻilgan chaqalogʻingiz charchagan boʻlsa, quyidagi charchoq belgilaridan baʼzilarini koʻrishingiz mumkin:
- oʻz quloqlarini tortadi;
- qoʻllarini musht qilib siqadi;
- esnaydi;
- koʻzlarini pirpiratadi yoki diqqatini jamlashga qiynaladi – unda hatto yengil gʻilaylik yoki bir nuqtaga qarayotgandek koʻrinishi mumkin;
qoʻl va oyoqlari bilan keskin harakatlar qilishi yoki oʻzini orqaga tashlashi mumkin;
- bezovtalanadi;
- barmoqlarni soʻra boshlaydi bu – yaxshi belgi boʻlishi va chaqalogʻingiz uxlash uchun harakat qilayotganini anglatishi mumkin.
Kichkintoylar va kattaroq yoshdagi bolalar: charchoq belgilari
3–6 oylik chaqalogʻingiz 1,5–3 soat uxlamasa, charchab qolishi mumkin.
6–12 oylik kichkintoyingiz 2–3 soat uxlamasa, charchab qolishi mumkin.
12–18 oylik kichkintoyingiz ertalabki yoki kunduzgi uyquni oʻtkazib yuborsa, charchab qolishi mumkin.
Agar chaqalogʻingiz charchagan boʻlsa, siz quyidagi belgilardan baʼzilarini koʻrishingiz mumkin:
- uning harakatlari besoʻnaqay boʻlib qoladi;
- u sizga “yopishib” oladi;
- u gʻashlik qiladi yoki yigʻlaydi;
- u eʼtibor talab qiladi;
- unga oʻyinchoqlar bilan oʻynash zerikarli boʻlib qoladi;
- u ovqatlanish vaqtida bezovtalanadi.
Charchoqmi yoki ochlik?
Injiqlik yoki yigʻi farzandingizning charchaganini anglatishi mumkin, lekin baʼzida charchagan injiq bolani och qolgan injiq boladan farqlash qiyin boʻladi.
Agar kichkintoyingiz oxirgi ikki soat ichida ovqatlangan boʻlsa-yu, lekin injiqlik qilsa, bunday holatda, ehtimol, charchagan boʻlishi mumkin. Agar ishonchingiz komil boʻlmasa, unga ovqat taklif qiling. Agar u oz miqdorda yesa, lekin injiqlik davom etsa, uyqusi kelgan boʻladi.
Bezovtalikni qoʻzgʻatadigan holatlarni kamaytirish
Agar bolada charchoq belgilari boʻlsa, bezovtalikni qoʻzgʻatadigan holatlarni kamaytirib, dam olishiga tayyorlang. Buning uchun quyidagilarni bajarish mumkin:
- bolani odatda uxlaydigan joyiga olib boring;
- oʻyinchoqlarni olib qo‘ling;
- past ovozda va xotirjam ohangda gapiring;
- jalyuza va pardalarni yoping;
- umumiy xona chiroqlarini oʻchiring – agar kerak boʻlsa, tungi yoritkichdan foydalaning;
- sokin musiqa qoʻying, bu shovqinni kamaytirishga yordam beradi.
Tinch muhitni yaratish
Farzandingiz odatda uxlaydigan joyda yotishdan oldin biroz vaqt oʻtkazing, bu unga dam olish uchun moslashishiga yordam beradi.
Bola bilan quchoqlashish, hikoya so‘zlab berish, kitob oʻqish va tinchlantiruvchi, sokin qoʻshiqlar aytib berish kabi mashgʻulotlar bilan shugʻullaning.
Farzandingizga dam olish va uyquga ketishga tayyor boʻlishidan oldin bir necha daqiqa sokin muhit kerak boʻlishi mumkin. Agar uyingiz shovqinli boʻlsa, farzandingizga uxlashidan oldin tinch muhitda boʻlishi uchun qoʻshimcha vaqt kerak boʻladis.