Kichkintoylarning tishlarini parvarish qilish
Sut tishlarining rivojlanishi
Chaqaloqlar milklari ostida yashiringan 20 ta – 10 ta tepada va 10 ta pastda sut tishlarining toʻliq toʻplami bilan tugʻiladi. Har bir sut tishi milk yuzasiga yetganda milk ochiladi va tishning chiqishiga imkon beradi.
Koʻp hollarda birinchi tishlar 6 oydan 10 oygacha davrda paydo boʻladi, lekin barcha bolalarda ular turli vaqtlarda chiqadi. Baʼzi bolalarda tishlar uch oyligida paydo boʻladi. Boshqalarida ular taxminan bir yoshgacha chiqmaydi.
Juda kamdan kam hollarda chaqaloqlar bitta yoki ikkita tish bilan tugʻiladi.
Bolalarning koʻpchiligi uch yoshga toʻlgandan soʻng toʻliq sut tishlariga ega boʻladi.
Sut tishlarini parvarish qilish
Birinchi tish paydo boʻlishi bilan ikki yoshgacha boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan yumshoq tish choʻtkasidan foydalaning. Farzandingiz dastlab ogʻizdagi tish choʻtkasini yoqtirmasligi ehtimoli bor, bunday holatda siz toza dokadan foydalanishingiz mumkin.
Tishlarni suv bilan tish pastasisiz kuniga kamida ikki marta, birinchi va oxirgi emizishdan keyin yuving. Bu yoshda agar tish shifokoringiz tavsiya qilmasa, tish pastasini ishlatmang. Bolalar stomatologiya boʻlimidan sut tishlarini qanday yuvish kerakligini bilib oling.
Farzandingiz tish bilan tugʻilgan boʻlsa yoki birinchi tishi chiqqanda tish shifokoriga koʻrsating.
Erta yoshda kariyesning oldini olish
Sut tishlarida ham xuddi doimiy tishlar kabi kariyesga uchrash xavfi mavjud. Kariyesga qarshi kurash erta yoshda boshlanadi, buning uchun bir nechta oddiy ehtiyot choralariga amal qilish kerak. 6 oygacha boʻlgan chaqaloqlar faqat ona suti bilan oziqlanishi shart. Bu yoshda bolaga boshqa oziq-ovqatlar, ayniqsa, tishlarda kariyes xavfini oshiradigan shakarli suyuqliklar berilmasligi kerak. Ammo agar biron sababga koʻra chaqaloq shisha orqali boshqa oziq-ovqat bilan oziqlangan boʻlsa, chaqaloqni shishacha bilan uxlatmang. Kichkintoyingiz uxlab yotganida ogʻzida tishlarini himoya qiluvchi soʻlak kamroq boʻladi. Agar chaqalogʻingiz shishacha bilan uxlab qolsa, aralashma yoki sut asta-sekin uning ogʻziga tushib, tishlarini namlashi mumkin. Bu uning tishlari kariyesga uchrashi xavfini tugʻdiradi. Shuni ham yodda tutingki, chaqalogʻingizni shishacha bilan uxlatsangiz, unga suyuqlik tiqilib qolishi mumkin.