Koʻkrak suti bilan boqish: juftliklar (er-xotin) bir-birlariga qanday yordam berishlari mumkin?
Koʻkrak suti bilan boqish: juftliklar (er-xotin) bir-birlariga qanday yordam berishlari mumkin?
Nima uchun er emizayotgan onani qoʻllab-quvvatlashi muhim?
Koʻkrak suti bilan boqish – bu siz va turmush oʻrtogʻingiz birgalikda bajara oladigan jarayon. Sizning bilimingiz, shijoatingiz va yordamingiz turmush oʻrtogʻingizning koʻkrak suti bilan boqishni oʻrganishida muhim ahamiyatga ega. Agar turmush oʻrtogʻingiz emizishda qiynalayotgan boʻlsa, siz uning oʻziga ishonchini oshirib, qiyinchiliklarni yengishga yordam berishingiz mumkin. Bu uning koʻkrak suti bilan boqishni uzoq davom ettirish ehtimolini oshiradi.
Birinchi navbatda nima qilish kerak: koʻkrak suti bilan boqish haqida bilib oling
Siz qilishingiz mumkin boʻlgan eng muhim narsalardan biri koʻkrak suti bilan boqishning afzalliklari va bola koʻkrak suti bilan qanday boqilishi haqida bilishdir. Shunda siz turmush oʻrtogʻingizga muhim maʼlumotlarni eslab qolish, emizish bilan bogʻliq muammolarni aniqlash va ularni erta bosqichlarida bartaraf etishda yordam berishingiz mumkin.
Koʻkrak suti bilan boqish haqida bilishingiz kerak boʻlgan asosiy maʼlumotlar:
- Koʻkrak suti – chaqalogʻingiz uchun toʻyimli, tabiiy oziq-ovqat. Koʻkrak suti bilan boqish chaqalogʻingizni infeksiya va kasalliklardan qoʻshimcha himoya qiladi, turmush oʻrtogʻingizda baʼzi kasalliklar paydo boʻlishi xavfini kamaytiradi. Ustiga ustak, bu tekin va qulay!
- Koʻkrak suti bilan boqish uzoq davom etishi mumkin. Yosh onalar uchun har bir emizish vaqti 10 daqiqadan bir soatgacha davom etishi mumkin. Koʻpincha yangi tugʻilgan chaqaloqlar kuniga kamida 10–12 marta emizadilar.
- Koʻkrak bilan boqishni oʻrganish uchun vaqt kerak boʻladi va bu har doim ham oson emas. Ona bolaning ogʻzini koʻkrak uchiga toʻgʻri tutishi va emizish uchun toʻgʻri holatda ushlab turishi muhimdir.
Turmush oʻrtogʻingiz emizish bilan bogʻliq keng tarqalgan muammolardan biriga duch kelishi mumkin:
- koʻkrak sutining yetishmasligi;
- koʻkrak sutining ortiqchaligi;
- chaqaloqning koʻkrakni olmasligi va koʻkrak uchini tishlashi;
- koʻkrak uchlarining ogʻrishi va koʻkrak infeksiyalari;
- mastit va sut kanallarining tiqilib qolishi.
Agar turmush oʻrtogʻingizda emizish bilan bogʻliq muammolar boʻlsa, hamshirangiz yoki shifokoringizdan yordam olishingiz mumkin. Ular sizga kerakli boshqa maslahatlarni ham beradi.
Koʻkrak suti bilan boqilayotgan bolaning otasiga qanday yordam berish kerak?
Garchi siz farzandlarni emizmasangiz ham, sizda bu jarayonga yordamlashish va oʻzaro munosabatlarni mustahkamlashning koʻplab usullari bor. Masalan;
- Farzandingizni slingda (bolani olib yurish uchun matodan tayyorlangan sharf) olib yuring yoki qoʻllaringizga oling. Bolani teriga teri usulida bagʻringizga bosish uning tinchlanishiga va oʻzaro aloqa oʻrnatishga yordam berishi mumkin.
- Bolani choʻmiltiring yoki uni massaj qiling. Bu uni tinchlantirishi va oʻzaro muloqot uchun ajoyib fursat boʻlishi mumkin.
- Chaqaloqni tinchlantiring. Buni siz turmush oʻrtogʻingizga qaraganda oson uddalashingiz mumkin.
- Bolangiz gʻashlik qilayotganda sut hidi uni tinchlantirish oʻrniga koʻkrakni izlashga majbur qilishi ehtimoli bor.
- Emgandan keyin ortiqcha sutni chiqarib tashlashi uchun chaqalogʻingizni koʻtaring, soʻng tagligini almashtiring.
Chaqalogʻi bor oilada shaxsiy ehtiyojlarni esdan chiqarish juda oson. Ammo imkoni boricha toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy faollik va uxlash orqali oʻzingizga gʻamxoʻrlik qiling. Bu intiqib kutgan chinakam ota-ona boʻlish orzungiz roʻyobga chiqishiga kuch-quvvat beradi.
Koʻkrak suti bilan boqayotgan onani parvarish qilish
Yangi emizikli onalar juda koʻp vazifalarni bajarishlari kerak. Turmush oʻrtogʻingiz bezovtalanish, charchash va jismoniy noqulaylik hissini tuyishi, chaqaloq tufayli hayajonlanishi va xursand boʻlishi odatiy holdir. Quyida siz yordam qila oladigan usullar berilgan:
- Turmush oʻrtogʻingiz emizayotganda unga yordam koʻrsatishning amaliy usullarini izlang. Unga bir piyola suv taklif qiling, zarur boʻlsa, boshqa yostiq olib keling yoki uni chaqaloqning aka-opalari, mehmonlar yoki uy hayvonlari kabi chalgʻituvchi holatlardan xoli qiling.
- Tungi ovqatlantirish uchun chaqaloqni turmush oʻrtogʻingizga olib keling, agar zarur boʻlsa, uni yana yotqizib qoʻying. Hatto bu ishni faqat tungi ovqatlantirish vaqtida bajarsangiz ham, bu turmush oʻrtogʻingizga katta yordam boʻladi.
- Turmush oʻrtogʻingiz siz bilan yaqinlik qilishni istamasa, sabr qiling. U chaqaloqni koʻp bor ovqatlantirish, koʻtarish va yoʻrgaklashdan toliqqan boʻlishi mumkin.
- Turmush oʻrtogʻingizni koʻp miqdorda suv ichishga undang va u sogʻlom ovqatlanishi uchun uyda barcha mahsulotlar borligiga ishonch hosil qiling. Koʻkrak bilan boqish unda ochlik va chanqoqni keltirib chiqaradi.
- Qoʻshimcha uy yumushlarini oʻz zimmangizga oling va ovqat pishirish va kir yuvish kabi ishlarni bajarish uchun iloji boricha uyda boʻlishga harakat qiling. Agar uy yumushlarini oʻzingiz bajara olsangiz, demak, turmush oʻrtogʻingiz ular haqida umuman tashvishlanmasligi kerak.
Turmush oʻrtogʻingizga u ajoyib ish qilayotganini va uning emizish borasidagi harakatlari va yutuqlarini qadrlashingizni bildiring. Agar koʻkrak suti bilan boqish uning barcha saʼy-harakatlariga qaramay, natija bermasa, shifokor yoki patronaj hamshiradan maslahat soʻrang.