Koʻngil aynishi
Koʻngil aynishi nima?
Koʻngil aynishi bu – hozir qayt qilib yuboradigandek tuygʻu. Quyidagi holatlarda farzandingizning koʻngli aynishi mumkin:
- u kasal – masalan, unda gastroenterit (oshqozon va ingichka ichakning yalligʻlanish kasalligi) boʻlsa;
- u baʼzi dori-darmonlarni qabul qilsa;
- unda oziq-ovqat mahsulotlarini koʻtara olmaslik boʻlsa;
- chayqalish kuzatilsa.
Koʻngil aynishining belgilari
Kattaroq yoshdagi bolalar va oʻsmirlar sizga oʻzlarini yaxshi his qilmayotgani yoki qayt qilib yuboradigandek tuygʻuni his qilayotganidan shikoyat qilishlari mumkin.
Yosh bolalar esa sizga koʻngli aynishini aytolmagani sababli rangpar va nosogʻlom koʻrinishlari mumkin.
Baʼzida koʻngil aynishi oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi, baʼzida esa farzandingiz rostdan ham qayt qilishi ehtimoli bor.
Farzandingizning koʻngli aynisa, pediatrga koʻrsatish kerakmi?
Farzandingizda koʻngil aynishi 24 soatdan ortiq davom etsa yoki koʻngil aynishi quyidagi belgilar bilan kelsa, darhol pediatrga koʻrsatish kerak:
- qayt qilish (qusish);
- yaqinda sodir boʻlgan bosh shikastlanishi;
- qorin ogʻrigʻi yoki damligi;
- yuqori isitma;
- bolaning ahvolidan xavotirda boʻlsangiz.
Agar koʻngil aynishi quyidagi alomatlar bilan birga kuzatilsa, zudlik bilan farzandingiz uchun tez yordam chaqiring (103 raqamiga qoʻngʻiroq qiling):
- bosh ogʻrigʻi yoki boʻyin mushaklarining qotishi;
- nafas olishning qiyinligi yoki yuz, ogʻiz atrofining shishishi;
- koʻrishning xiralashishi;
- hushning buzilishi va uyquchanlik.
Farzandingizning koʻngli aynisa va siz uning ahvolidan xavotirda boʻlsangiz, pediatrga yoki shifoxonaga murojaat qilishni kechiktirmang.
Koʻngil aynishini davolash
Farzandingizda koʻngil aynishi kuzatilsa, oddiy usullar unga yordam beradi. Oldin koʻngil aynishiga nima sabab boʻlganini bilib oling va sababini bartaraf qiling.
Masalan, gastroenterit (oshqozon va ingichka ichakning yalligʻlanish kasalligi) bilan bogʻliq koʻngil aynishida farzandingizga yogʻli yoki ogʻir hazm boʻluvchi ovqatlarni bermang. Buning oʻrniga, unga suv yoki ORV (ogʻiz orqali regidratatsion vosita), shuningdek, yengil yegulik bering.
Koʻngil aynishining oldini olish uchun yosh bolalarga turli dorilar bermang, bu nojo‘ya va xavfli taʼsir qilishi mumkin.