Koʻzgu oʻyinlari: “Hech kim menga oʻxshamaydi”

Kerak boʻladigan materiallar: devordagi katta oyna yoki sinmaydigan kichik oyna (oʻyinchoq oʻrnida).

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: bolaga oynada oʻzini koʻrishiga imkon bering. Bola oʻzini koʻrishi uchun karavoti yoki yoʻrgak stoli yoniga sinmaydigan oyna qoʻying. Gapirishni boshlang va bola qarashi uchun oynaga tegining. “Mana, bu – Azizjon” deb ayting. Biroz vaqt oʻtgach, chaqaloq bu uning aksi ekanini tushunadi. Farzandingiz oynaga qoʻl tegizishiga va oʻz aksini qoʻli bilan koʻrsatishiga ruxsat bering.

Bolangiz bilan birga oynaga qarang – tabassum qiling va oynada unga qoʻl siltang. Kulgili yuz ifodalarini yarating. Pomada yoki qalam yordamida katta oynada goʻdagingiz aks etadigan joyni belgilab chizing, oʻzgarishlarni oʻrganishi va tushunishi uchun shu joyga barmoqlarini tegizishga va oynani qoʻl bilan boʻyashga undang. Bolaning har bir qilgan ishini ijobiy va dalda beruvchi izohlar, tovushlar bilan qoʻllang, uni nima qilayotgani, nima yuz berayotgani, oynada kim aks etgani haqida farzandingiz bilan gaplashing, farzandingizning ismini takrorlang va koʻzgudagi aksiga ishora qiling. Oʻzingizni koʻrsating va nomlang: bu – oyisi, bu esa Azizjon. Farzandingiz ulgʻaygani sari u oʻz ismini taniy boshlaganini koʻrasiz. Ismni tez-tez ishlatib turing.

Oyna oldida farzandingiz bilan berkinmachoq oʻyinlarni ham oʻynashingiz mumkin: “Azizjon qayerda? Oyisi qayerda?”. U olib tashlayotgan roʻmolingiz orqasida oʻzini va / yoki sizni yana koʻrganda sevinchdan porlab tabassum qiladi.

Kichkintoy qornida dumalay yoki emaklay boshlaganda “Kel meni tutib ol” oʻyinini oʻynang. Farzandingiz biroz harakatlansin, siz esa uning orqasidan ergashasiz va uni ushlaganingizda quchoqlaysiz.

Bu kabi mashgʻulotlardan chiroyli katta koʻzgu bor har qanday joyda, shuningdek, polda, beshikda, katta karavotda oʻynayotganda, shifokor qabulini kutayotganingizda va hokazo paytlarda foydalanishingiz mumkin.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: ushbu oʻyinlar goʻdak uchun juda qiziq, shu bilan birga bolaning oʻz qiyofasi, tashqi koʻrinishi va atrof-muhitdagi oʻrni haqida tasavvuri shakllanishiga xizmat qiladi.