Limfa tugunlarining kattalashishi

Farzandingiz infeksiya yoki yalligʻlanish bilan kurashsa, limfa tugunlari kattalashishi mumkin. Limfa tugunlari nima uchun kattalashganini bilmasangiz, ular ogʻriqli yoki kattalashishda davom etsa yoki bolaning ahvolidan xavotirda boʻlsangiz, farzandingizni pediatrga olib boring. Davolash limfa tugunlari kattalashishiga nima sabab boʻlganiga bogʻliq boʻladi.
Body

Kattalashgan limfa tugunlari nima?

Tana boʻylab limfa tugunlari mavjud. Ular immun tizimining bir qismidir va viruslar hamda bakteriyalarga qarshi filtr kabi ishlaydi.

Limfa tugunlari koʻp sabablarga koʻra kattalashadi. Kattalashgan limfa tugunlari koʻpincha tana virusli yoki bakterial infeksiyaga qarshi kurashayotganda paydo boʻladi, masalan, gripp yoki tomoq ogʻrigʻida.

Kattalashgan limfa tugunlari, tanangizning biror qismi yalligʻlangan boʻlsa ham paydo boʻlishi mumkin, masalan shilingan joy, kuyish yoki hasharotlar chaqishi natijasida.

Ekzemali baʼzi yosh bolalarda doimo limfa tugunlari kattalashadi. Buning sababi shundaki, mikroblar yalligʻlangan teri orqali tanaga osonroq kiradi, limfa tugunlari esa ulardan qutulishga yordam beradi.

Kamdan kam hollarda bolalarda kattalashgan limfa tugunlarining sababi saraton kasalligi boʻlishi mumkin. Bunday hollarda tugunlar odatda ogʻrimaydi, ular juda qattiq va paypaslaganda harakatlanmaydi.

Bolalarda limfa tugunlari odatda kattalarga qaraganda yirikroq va tez kattalashadi, shuning uchun ularni sezish osonroq. Baʼzan bola hatto sogʻlom boʻlsa ham ularni boʻyinning ikkala tomonida, qoʻltiq ostida va chov qismida, his qilishingiz mumkin. Bola ozgʻin boʻlsa, ularni koʻrish ham mumkin.

Limfa tugunlarining kattalashish belgilari

Limfa tugunlari bolaning butun tanasida yoki jarohatlanish, yoki yalligʻlanish joyi yaqinida kattalashishi mumkin. Masalan, bolada tonzillit (angina) boʻlsa, uning boʻynida kattalashgan va ogʻriqli qattiqlashishlarni sezishingiz mumkin. Uning barmogʻida teri infeksiyasi boʻlsa, shu tomondagi qoʻltiq ostida kattalashgan va ogʻriqli qattiqlashishlar paydo boʻlishi mumkin.

Limfa tugunlari kasallik tuzalgandan keyin ham 2–3 hafta davomida kattalashib turishi mumkin.

Bolaning limfa tugunlari kattalashganda pediatrga murojaat qilish kerakmi?

Bolani pediatrga koʻrsatishingiz kerak, agar:

  • Farzandingizda bir necha kun davomida limfa tugunlari kattalashgan va buning aniq sababi yoʻq, masalan tomoq ogʻrigʻi, burun oqishi yoki boshqa yengil kasalliklar boʻlmasa:
  • limfa tugunlarining oʻlchami yongʻoqdan kattaroq boʻlsa (diametri 1,5 cmdan ortiq):
  • bolaning boʻynida limfa tugunlari kattalashgan va unga yutish yoki nafas olish qiyin boʻlsa;
  • farzandingiz kattalashgan limfa tugunlari atrofidagi ogʻriq yoki sezuvchanlikdan shikoyat qilsa;
  • bolada kattalashgan limfa tugunlari sohasida terining qizarishi bor boʻlsa:
  • bolada limfa tugunlari kattalashib, isitma yoki toshma kabi boshqa alomatlar kuzatilsa;
  • bolada limfa tugunlari kattalashgan va bolani chindan ham betob deb oʻylasangiz.

Kattalashgan limfa tugunlarini davolash

Davolash limfa tugunlari kattalashishiga nima sabab boʻlganiga bogʻliq boʻladi.

Farzandingizdagi kattalashgan limfa tugunlari viruslar sabab kelib chiqqan boʻlsa, faqatgina tomoq ogʻrigʻi va isitma kabi virus belgilarini davolashingiz mumkin.

Farzandingizning limfa tugunlari bakterial infeksiya tufayli kattalashgan boʻlsa, bolangizga antibiotiklar kerak boʻlishi mumkin (shifokor koʻrsatmasiga koʻra).

Kamdan kam hollarda, saraton kasalligiga shubha qilinganida, aniq tashxis qoʻyish va keyingi davolanishni rejalashtirish uchun tugunning oʻzi yoki uning bir qismini olib tashlash kerak boʻlishi mumkin.