Mehr bilan “yoʻq” deyish
Kerak boʻladigan materiallar: talab etilmaydi.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: bu yoshda, balki, bolajoningiz emaklay boshlashi mumkin. Bu esa u atrofdagi barcha narsalarni, shu jumladan, xavfli boʻlishi mumkin boʻlgan narsalarni ham oʻrgana boshlayotganligini anglatadi. Siz farzandingizga baʼzi paytlarda “yoʻq” deyish kerakligini tushunasiz. Buni qanday qilib samarali va muloyim tarzda uddalash mumkin? Bu borada bir nechta maslahatlar:
- Farzandingizning qoʻli yetishi mumkin boʻlgan xavfli narsalarni bartaraf qiling, uyni bola uchun xavfsiz holatga keltiring.
- “Yoʻq” soʻzini iloji boricha kamroq ishlating. Farzandingiz xavfli obyekt yoki joyga qarab yaqinlashayotganini koʻrsangiz, uni chalgʻiting yoki boshqa qiziqarli narsa tomon yoʻnaltiring. “Kel, oʻyin uchun xavfsiz narsalarni topaylik” deyishingiz mumkin.
- Hamisha ham “yoʻq” demang, boshqa soʻzlardan foydalaning. “Toʻxta” yoki “Bu kir! Qorning ogʻriydi!” kabi gaplar ham rad etish maʼnolarini ifodalashi mumkin.
- Farzandingiz dastlab “yoʻq” degan soʻzni tushunmaydi, uning yaqiniga borib, qisqacha tushuntiring (“Hoy! Bu senga ziyon yetkazadi!”). Jiddiy tarzda gapiring.
- Bolangiz koʻproq “yoʻq” emas, balki “ha”ni eshitishiga harakat qiling.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: bolangiz oʻz tanasini oʻrganishi va harakatlantirishi kerak, ammo bu xavfsiz tarzda amalga oshirilishi lozim. Siz uning xavfsizligini taʼminlashga yordam berasiz va asta-sekin xavfli narsalardan qochishga oʻrgatasiz. U soʻzni (“yoʻq”, “toʻxta” yoki “tegma”) obyekt yoki vaziyat bilan bogʻlashni oʻrganmoqda. Bu fikrlash va nutqni rivojlantirish uchun muhimdir. Shu bilan birga, farzandingiz uning xavfsizligini taʼminlashingizga va yaxshi mashgʻulot, oʻyinlar topishga yordam berishingizga ishonishni oʻrganadi.