Men haqimda kitob

Kerak boʻladigan materiallar: qogʻoz (oddiy yoki rangli), qalam, mum qalamchalar yoki markerlar, stepler yoki skotch. Kitobning birinchi sahifasiga oldindan “Men haqimda kitob” degan soʻzlar yozib qoʻyilgan boʻladi. Farzandingizning familiyasi, ismi, yoshi va uy manzili katta harflar bilan yozilgan karta yoki qogʻoz (bola nusxa koʻchirishga harakat qilishi mumkin). “Men haqimda kitob”ni bezash uchun boshqa turli ashyolar. Masalan, stikerlar, farzandingizning fotosuratlari va hokazo.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: kichkintoyingizga u haqida maxsus kitob yaratishni taklif qiling! Birinchi sahifani “Mening ismim” deb nomlang – farzandingizga ismi va familiyasini aytib, ushbu sahifaga nusxa tushirishga yordam bering. Bolangiz mazkur sahifaga oʻz rasmini chizishi yoki fotosuratini joylashtirishi mumkin. Keyingi sahifani esa “Mening manzilim” deb nomlasa ham boʻladi. Farzandingizga uning manzilini oʻsha sahifaga nusxalashga yordam bering, agar u hali yozishni bilmasa, siz koʻmaklashing. Bu sahifada farzandingiz oʻzi yashaydigan joyning rasmini chizishi mumkin.

Agar bolada qiziqish uygʻonganini sezsangiz, koʻproq sahifalarni qoʻshishingiz mumkin, masalan, “Mening uy hayvonim” (agar bor boʻlsa), “Mening sevimli taomlarim”, “Mening akam” va boshqalar. Soʻzlarni yozish uchun birgalikda harakat qiling va bolangizni rasm chizishga undang.

Sahifalarni bir-biriga skotch yoki stepler yordamida mahkamlab, kitobni yakunlang. Uni oilangizning boshqa aʼzolariga oʻqib bering! Kitobni shunday joyga qoʻyingki, unga farzandingizning koʻzi tushib, qayta-qayta oʻqisin.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: mabodo, bolalar yoʻqolib qolsa, oʻzlarining shaxsiy xavfsizligi uchun toʻliq ismi, familiyasi va uy manzilini bilishi juda muhim. Bu turdagi maʼlumotlarni bilish farzandingizga oʻziga xos tomonlarini anglashiga yordam beradi, shuningdek, oilada va jamoada oʻz oʻrnini egallashiga xizmat qiladi. Ushbu mashgʻulot farzandingizning savodxonligini – uning harflar va soʻzlar, shuningdek, oʻqish va yozishning kundalik hayotdagi ahamiyati haqidagi bilimlarini oshiradi.