Men mustaqil kiyina olaman!

Kerak boʻladigan materiallar: farzandingizning kundalik kiyimlari.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: bu yoshda farzandingiz kiyinishga (yoki dastlab yechinishga) qiziqa boshlaydi. Albatta, uni oʻzingiz kiyintirib-yechintirib qoʻya qolganingiz samaraliroq boʻladi, ammo farzandingiz bu ishni mustaqil bajarishiga imkon bering.

Hech qayerga shoshilmayotgan paytingiz atayin vaqt ajrating. Balki, farzandingizni choʻmiltirish uchun yechintirishdan boshlaganingiz osonroq boʻlar. Yechintirish va kiyintirish uchun kiyilishi va yechilishi yengil kiyimlarni tanlashga harakat qiling. Shuningdek, farzandingizni oddiyroq harakatlarni bajarishga undashingiz mumkin.

Birga boʻlgan paytingiz ushbu faoliyatni suhbat bilan boyiting. Kiyimlarning nomini, rangini va boshqalarni ayting, farzandingizning harakatlarini izohlang: “Qara, qoʻlingni koʻylagingning yengiga kirgiza olayapsan. Zoʻr-ku!”

Farzandingiz nimani oʻrganadi: kiyinish “oʻz-oʻziga xizmat qilish” koʻnikmasidir. Bu farzandingizda oʻz-oʻzini hurmat qilish va mustaqillik tuygʻularini ham rivojlantiradi. Farzandingiz kiyimni qanday kiyishni, birinchi navbatda nima qilishi kerakligini, kiyimning qaysi qismi qayerga kiyilishini tushunishi uchun unga fikrlash malakasi zarur. Unga qiziqarli boʻlgan vazifa haqida suhbatlashish orqali esa farzandingizning nutqi rivojlanadi.