Men va mening doʻstlarim
Kerak boʻladigan materiallar: oddiy oʻyinchoqlar va tashqarida oʻynaladigan narsalar; bir necha bola birgalikda oʻynashi uchun xavfsiz, nazorat ostidagi joy.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: bu yoshda farzandingiz oʻz yoshidagi bolalar bilan birga nafaqat yonma-yon, balki birgalikda oʻynashni, nimalardir qilishni boshlaydi. Iloji boʻlsa, bir nechta bolani bir joyga toʻplang, dastlab qisqa muddatli oʻyinlar oʻynashsin (agar bolangiz maktabgacha taʼlim muassasalarida yetarlicha oʻyin imkoniga ega boʻlmasa). Baʼzi hududlarda bogʻ va xiyobonlar bor, agar sogʻliq bilan bogʻliq cheklovlar boʻlmasa, u yerlarda yangi doʻstlar orttirish mumkin. Farzandingiz boshqa bola bilan oʻynashga qiziqishini koʻrsatadigan alomatlarga eʼtibor bering. Agar bolalar nima qilishni bilmayotgan boʻlsa, siz takliflar berishingiz mumkin. Masalan, “Mana, ikkita qoshiq, har biringizga bittadan. Birgalikda chuqur qazishni xohlaysizlarmi? Katta oʻra qaziy olasizlarmi?” deb soʻrang. Xavfsizlikka eʼtiborli boʻlish va ziddiyatlar yuzaga kelsa, bolalarni qoʻllab-quvvatlash muhimdir. Unutmang, ularning soʻz boyligi hali koʻp emas, ijtimoiy koʻnikmalari ham dastlabki bosqichda.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: farzandingiz oʻz oilasidan tashqarida ijtimoiy aloqalardan zavqlana boshlaydi. Maktabda, hayotda ijtimoiy koʻnikmalar muhim va ular bolaga zavq bagʻishlaydi. Farzandingiz boshqa bolalar bilan nimani va qanday oʻynashni rejalashtirishi uchun fikrlash qobiliyatini oʻstiradi, oʻyin davom etishi uchun esa his-tuygʻularini boshqarish yoki “tartibga solish” koʻnikmasini oshiradi.