Mening birinchi koptogim
Kerak boʻladigan materiallar: katta shishiriladigan koptok (uni silindrsimon yostiq yoki kartonli silindr bilan almashtirishingiz mumkin).
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: shishiriladigan koptoklar kichik bolalar bilan oʻynaladigan koʻplab oʻyinlarda asqatadi. Ushbu turdagi koptok yordamida oʻynashingiz mumkin boʻlgan oʻyinlardan biri bolangizni koptok ustiga oʻtqizib, sakratishdir.
Dastlab kichkintoyga tanasi koptokdan sirpanib ketmasligi uchun taglik kiygizishingiz kerak. Koptokni gilam yoki yumshoq yuzaning markaziga qoʻying, kichkintoyingizni koptok roʻparasiga yotqizib, uni ikkala qoʻlingiz bilan yon tomondan ushlab turing. Siz bolaning oldida oʻtirib, qoʻlingizni kichik qoʻllari bilan ushlab turishiga imkon berishingiz kerak. Bu unga ishonch va xavfsizlik hissini beradi.
Koptokni oldinga, orqaga va yon tomonga sekin dumalating. Dumalatayotganingizda kichkintoyingizning koʻzlariga qarab quyidagi qoʻshiqni kuylashingiz mumkin:
Koptogim dum-dumaloq,
Toʻp-toʻp etib sakraydi.
Bolam oshib oʻmbaloq,
Mazza qilib oʻynaydi.
Ushbu mashgʻulot vaqtini har kuni bir necha daqiqadan koʻpaytirib, takrorlashingiz mumkin.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: ushbu quvnoq oʻyin qon aylanishini faollashtirishga, mushaklarning tonusini, egiluvchanlikni oshirishga va boshni tik tutishga oʻxshash tana harakatlarini boshqarishni oʻrganishga yordam beradi. Kichkintoyingizni koptokka qoʻyib, uning tanasi bilan tanishish, qoʻllar bilan ushlash mashqlarini bajarish va muvozanatni rivojlantirishga yordam berasiz.