Mening birinchi shaqildogʻim
Kerak boʻladigan materiallar: shaqildoq; yumshoq yuza yoki bolalar oʻrindigʻi.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: chaqaloqlar qoʻshiqlarni yaxshi koʻradi, chunki qoʻshiqlar bolalarga tovush va til olamini tanitishning qiziqarli usulidir. Bu faoliyat orqali farzandingiz tevarak-atrofidagi tovushlarni ajrata olishiga yordam berasiz.
Dastlab farzandingiz oʻynaydigan joyni tayyorlab oling. Oʻyinga salbiy taʼsir koʻsatuvchi, chalgʻituvchi narsalarni olib qoʻying. Oʻyinni boshlash uchun shaqildoq kerak boʻladi.
Endi farzandingizni yumshoq yuzaga yoki bolalar oʻrindigʻiga oʻtqazing. Shaqildoqni farzandingiz yonida ushlab turing va asta silkiting. Ehtiyot boʻling, farzandingiz qoʻrqib ketmasligi uchun shaqildoqni qattiq shaqillatmang.
Shaqildoqni shaqillatib, bolalar qoʻshiqlarini yoki quyidagi qoʻshiqni kuylang:
Chip-chip joʻjalarim,
Chip-chip, chip-chip joʻjalarim.
Mening jajji joʻjalarim,
Turli-tuman joʻjalarim.
Siz bu qofiyadan turli hayvonlarni, masalan, itlar, mushuklar va hokazolar nomini qoʻyib foydalanishingiz mumkin. Farzandingiz shaqildoqqa qarayotganiga, shaqildoq bolaning diqqatini jalb etganiga ishonch hosil qiling. Agar shunday boʻlsa, farzandingiz shaqildoqqa burilib qarashi uchun shaqildoqni bir chekkaga surib qoʻying va yana qoʻshiq kuylashni boshlang.
Shaqildoqni xonaning turli tomonidan turib shaqillating va farzandingiz boshini burib, ovoz qayerdan kelayotganini kuzatayotganiga eʼtibor bering. Bola boʻyni uchun xavfli joylarda boshini burishidan ehtiyot boʻling.
Farzandingizda shaqildoqqa qiziqish uygʻonganini va uni oʻynashga tayyorligini his qilsangiz, qoʻliga olib, oʻynab koʻrishi uchun unga shaqildoqni berishingiz mumkin. Farzandingiz shaqildoqni shaqillatayotgan paytda siz qoʻshiq kuylashingiz mumkin.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: bolaning miyasi atrofdan olayotgan maʼlumotlari tufayli rivojlanadi va oʻsadi. Turli ovozlarning taʼsir qilishi farzandingizga tovushlarni tanish, farqlash va tovush qayerdan chiqayotganini aniqlashga, shuningdek, boʻyin va boshni harakatlantirishga yordam beradi.