Mening maxsus qutim
Kerak boʻladigan materiallar: quti (bola oʻzi ocha olishi uchun ustki qopqogʻi boʻlsa, yanada yaxshi), turli mayda buyumlar (qutiga solish uchun) – ular farzandingiz uchun xavfsiz ekaniga ishonch hosil qiling. Bu buyumlar qatoridan farzandingizning oʻyinchoqlari yoki shunchaki uyingizdagi buyumlar joy olishi mumkin.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: farzandingizga qutini koʻrsating, ustini ochib, ajablanganingizni bildiring: “Voy, qara, bu yerda nimalar bor ekan! Bu sening maxsus quting, uning ichida maxsus buyumlar bor. Kel, ularni oʻynaymiz”. Keyin (zarurat boʻlsa) buyumlarni qanday yigʻishni, ularni qutidan olib, soʻng yana qutiga qanday joylashni koʻrsatib berishingiz mumkin. Qoshiqqa oʻxshash jaranglagan ovoz chiqaradigan narsalar oʻyinni yanada qiziqarli qiladi. Farzandingiz yoningizda oʻtirib, istagancha oʻynashiga ruxsat bering.
Farzandingiz buyumlar solingan qutini oʻzi topib, mustaqil oʻynay olishi uchun uni doim muqim bir joyda saqlang.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: bu mashgʻulot orqali farzandingiz qoʻl va barmoq mushaklarini mashq qildirishni oʻrganadi. Qutidan narsalarni olish va qaytib joylashni rejalashtirish, buyumlarni bir-biriga moslashtirishni oʻylash davomida tafakkuri ham rivojlanadi.