Mikrosefaliya
Mikrosefaliya nima?
Mikrosefaliya bu – bolaning kichkina bosh bilan tugʻilishi yoki tugʻilishdan keyin boshi oʻsishdan toʻxtaydigan holat.
Mikrosefaliya bilan tugʻilgan bolalarning boshi va miyasi odatdagidan kichikroq. Shuningdek, ularda koʻpincha aqliy rivojlanishdan ortda qolish va nevrologik muammolar, masalan talvasa, mushaklar ishlashining buzilishi (harakatlarni bajara olmaslik) yoki muvozanat bilan bogʻliq muammolar kuzatiladi.
Chaqaloqlar mikrosefaliya bilan tugʻilishi yoki mikrosefaliya bola hayotining birinchi yillarida rivojlanishi mumkin. Bu oʻz-oʻzidan sodir boʻlishi mumkin, lekin koʻpincha Daun kasalligi kabi boshqa asab rivojlanish kasalliklari bilan birga keladi.
Mikrosefaliyani irsiy oʻzgarishlar keltirib chiqarishi mumkin. Baʼzida mikrosefaliyani keltirib chiqaradigan irsiy oʻzgarishlar ota-onadan meros boʻlib oʻtadi. Baʼzida bu irsiy oʻzgarishlar bolada birinchi marta uchraydi.
Shuningdek, baʼzi viruslar va boshqa kasallik qoʻzgʻatuvchilar ham mikrosefaliyaga olib kelishi mumkin. Masalan, homiladorlik paytida qizilcha, sitomegalovirus viruslari yoki toksoplazmoz bilan zararlanish mikrosefaliyaga olib kelishi mumkin.
Homilador ayol baʼzi toksik kimyoviy moddalar bilan aloqa qilsa yoki homiladorlik paytida spirtli ichimliklar yoki giyohvand moddalarni qabul qilsa, bu homilaning bosh miya rivojlanishiga taʼsir etib, bosh miyaga zarar yetkazishi mumkin.
Mikrosefaliya 25000 boladan bittasida uchraydi.
Mikrosefaliya belgilari
Jismoniy xususiyatlari
Mikrosefaliya bilan tugʻilgan chaqaloqlarning koʻpchiligining boshlari odatdagidan kichikroq va oʻsishi meʼyoriy koʻrsatkichlardan past boʻladi.
Boshqa jismoniy xususiyatlariga kamvaznlik va boʻyining pastligi kiradi.
Bilim olish, oʻrganish belgilari
Mikrosefaliyali bolalarda koʻpincha quyidagilar kuzatiladi:
- rivojlanishdan orqada qolish
- sekinlashgan nutq
- aqliy zaiflik
- muvozanat va muvofiqlashtirishda qiyinchiliklar.
Xulq-atvor belgilari
Mikrosefaliyali bolalarda giperaktivlik, qoʻzgʻalish va tajovuz kabi xatti-harakatlar boʻlishi mumkin.
Mikrosefaliya bilan bogʻliq tibbiy muammolar
Mikrosefaliyasi bor bolalarda boshqa kasalliklar, shu jumladan tutqanoq xuruji ham boʻlishi mumkin.
Mikrosefaliyani tashxislash
Mikrosefaliyani hali bola bachadonda boʻlganida homiladorlik skriningi paytida aniqlash mumkin. Bu ultratovush tekshiruvi vaqtida amalga oshiriladi. Ultratovush tekshiruvi odatda uchinchi uchoylikda (trimestrda) amalga oshiriladi, chunki homiladorlikning erta muddatlarida bosh hajmi odatdagidan kichikroq boʻlishini aniqlash qiyin.
Mikrosefaliya chaqaloq tugʻilgandan keyin rivojlansa, kasallikka chaqaloqning bosh aylanasini oʻlchash yoʻli bilan va bolaning oʻsishi davomida bosh aylanasi kattalashishi nazorati orqali tashxis qoʻyiladi. Rentgen va magnit rezonans tekshiruvi (MRT) ham amalga oshirilishi mumkin.
Mikrosefaliyasi bor boʻlgan bolalar uchun erta davolash aralashuvi
Mikrosefaliyaning davosi yoʻq. Ammo farzandingizda mikrosefaliya boʻlsa, bolalikning erta bosqichlarda davolash oʻtkazish uning hayot sifatini yaxshilashga yordam beradi.
Baʼzi mikrosefaliyasi bor bolalarga bosh hajmini oʻlchash uchun muntazam koʻrikni tayinlashdan boshqa hech qanday davo kerak boʻlmaydi. Ayrimlar nutqida va oʻqitish jarayonida jiddiy qiyinchiliklar boʻlishi mumkin. Baʼzilariga talvasadan dorilar kerak boʻladi.
Farzandingizda mikrosefaliya boʻlsa, bolani erta yoshda davolaydigan tibbiyot mutaxassislari: pediatr, logoped, nevropatolog, ergoterapevt (imkoniyati cheklangan insonlarda harakat koʻnikmalarini tiklash boʻyicha mutaxassis) va fizioterapevt bilan bogʻlaning.
Siz va mutaxassislar jamoasi birgalikda farzandingizga eng yaxshi yordam beradigan parvarish va davolash usullarini tanlashingiz mumkin.
Oʻzingiz va oilangizga gʻamxoʻrlik qilish
Farzandingizda mikrosefaliya boʻlsa, uning parvarishiga butunlay shoʻngʻib ketishingiz oson. Ammo oʻz sogʻligʻingizga gʻamxoʻrlik qilish juda muhimdir. Jismoniy va aqliy jihatdan sogʻlom boʻlsangiz, farzandingizni yaxshiroq parvarish qilishingiz mumkin.
Sizga yordam kerak boʻlsa, avvalambor pediatr, tibbiy genetik maslahatchi yoki psixolog bilan suhbatlashing.
Boshqa ota-onalar bilan suhbatlashish – qoʻllab-quvvatlashning ajoyib usuli boʻla oladi. Shu kabi holatlarda boshqa bolalarning ota-onalari bilan til topishishingiz tavsiya etiladi. Buning uchun yuzma-yuz yoki onlayn qoʻllab-quvvatlash guruhiga qoʻshilish orqali bogʻlanishingiz mumkin.
Boshqa farzandlaringiz, imkoniyati cheklangan farzandingizning aka-ukalari bor boʻlsa, ular ham siz uchun juda muhim ekanini, ular haqida qaygʻurishingizni va boshidan oʻtkazayotgan voqealarga befarq emasligingizni his qilib turishlari kerak. Ular bilan suhbatlashish, ular bilan birga boʻlish va ular uchun ham ragʻbatlantiruvchi soʻzlarni topish muhimdir.