Minorani qulatish
Kerak boʻladigan materiallar: kichik qutilar, tuxum idish boʻlaklari, yostiqlar, yogurt qutilari, oʻyin uchun yogʻoch kublar.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: dastlab oʻyin uchun joy tayyorlab olish kerak. Bu mashgʻulotni birorta sokin xonaning polida oʻtkazish mumkin.
Kichkintoyni polga oʻtqizing va uning yoniga oʻtiring, oʻyin uchun tanlangan buyumlar qoʻl yetadigan masofada turganiga ishonch hosil qiling. Farzandingizning koʻz oldida minora yasang va unga: “Qara, minora!” deng.
Keyin esa minorani qulating va qarsak chaling. Kichkintoyingiz bu oʻyin ekanini tushunadi. Unga narsa-buyumlarni olib berishini va yana bitta minora qurishini ayting.
Bu safar minorani qulatishni kichkintoyingizga qoʻyib bering. Ehtimol, birinchi safar uning qoʻlidan ushlab, bu ishni qanday bajarish kerakligini koʻrsatib berishingizga toʻgʻri kelar. Oʻyinni kichkintoy charchab qolguncha yoki bu mashgʻulotga qiziqishi yoʻqolguncha davom ettiring.
Mashgʻulotning xavfsiz kechayotganiga ishonch hosil qiling, minorani juda baland qilib qurmang va oʻta qattiq narsalardan foyalanmang. 5 tadan ortiq boʻlmagan narsalardan minora yasashni rejalashtiring.
Minora qulagandagi shovqindan kichkintoyingiz qoʻrqib ketishi mumkin, shuning uchun minoraning har qulashida kulish, qarsak chalish va zavqlanish tavsiya etiladi, bunday harakatlar orqali siz xotirjam ekaningizni va hammasi joyidaligini koʻrsatasiz.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: bu mashgʻulot obyektlarni turli yoʻllar bilan oʻrganishga yordam beradi, shuningdek, minora qurish va qulatish paytida qoʻl mushaklari mustahkamlanadi va harakat muvofiqligi yaxshilanadi.