Miya serebral falajligi

Bolalar miya falajiga chalingan bolalarda mushaklar kuchsizligi, harakatlarning cheklanishi, sekinligi va beqarorlik kabi muammolar boʻlishi mumkin. Bundan tashqari yana muvozanatni saqlashda qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Baʼzi bolalarda belgilar yengil koʻrinishda boʻladi va ular yaxshi yurishlari va yaxshi muloqot qilishlari mumkin. Boshqalariga nogironlar aravachasi kerak boʻladi va ularga kundalik yumushlarni ham bajarish mushkul boʻladi. 12 oygacha miya falajiga aniq tashxis qoʻyish qiyin va uzoq vaqt talab qilishi mumkin. Dastlabki aralashuv xizmatlari bolangizning natijalari va hayot sifatini yaxshilashi mumkin.
Body

Miya falaji nima?

Bolalar miya falajligi (BMF) insonning harakatlanishiga, muvozanatni saqlashiga va gavdani toʻgʻri tutishiga taʼsir qiladigan buzilishlar majmuidir. “Miya” soʻzi bosh miya bilan bogʻliq holatni bildiradi, “falaj” soʻzi esa, mushaklarning kuchsizligi va ularni boshqarishdagi qiyinchiliklarni anglatadi.

Bolalar miya falajiga chalingan bolalarda mushaklar kuchsizligi, harakatlarning cheklanishi, sekinligi va beqarorlik kabi muammolar boʻlishi mumkin. Ular muvozanatni saqlashda ham qiyinchiliklarga duch kelishlari ehtimoli bor.

Miya falajining sabablari

Miya falaji miyaga zarar yetganda yoki miyaning mushak harakatlarini boshqaradigan qismlarida miya rivojlanishi bilan bogʻliq muammolar boʻlganda rivojlanishi mumkin.

Miyaning rivojlanishi bilan bogʻliq shikastlanish yoki muammolar quyidagi hollarda yuz beradi:

  • homiladorlik payti ona qornida bolaning miyasi toʻgʻri rivojlanmasa;
  • bola muddatidan oldin tugʻilsa, bu holatda miya toʻliq rivojlanmagan boʻladi;
  • homiladorlik paytida ona baʼzi virusli kasalliklarga chalingan boʻlsa;
  • tugʻuruq paytida bola yetarli miqdorda kislorod olmasa;
  • homiladorlik payti ona qornida yoki tugʻilgandan keyin chaqaloq miyasining qon bilan taʼminlanishi buzilsa;
  • bola tugʻilganidan soʻng jiddiy miya infeksiyasi bilan kasallansa;
  • bola hayotining dastlabki yillarida maʼlum turdagi jarohatlarga duch kelsa, masalan, jiddiy avtohalokatga uchrasa.

Miya falajining turlari

Miya falajining uch xil turi mavjud.

Spastik miya falaji

Ushbu turdagi miya falajiga chalingan bolalarning mushaklari qattiq va tarang tortilgan boʻladi.

Diskinetik miya falaji

Ushbu turdagi falajlikda bolalarda beixtiyor burish va takroriy harakatlar koʻp boʻladi. Bu tananing har qanday qismida boʻlishi mumkin, piyolani olish yoki gaplashish kabi harakatlarda kuchli namoyon boʻladi. Ushbu harakatlar bolalarga oʻtirish, turish, biror narsaga choʻzilib uni olish va ushlashni juda qiyinlashtirishi mumkin.

Ataksik miya falaji

Ushbu turdagi falajlikda bolalarda qaltiroq, beqaror va titroqli harakatlar yuzaga keladi. Ular muvozanat bilan bogʻliq muammolarga ham duch keladi, muvozanatni saqlash uchun esa oyoqlarini keng tashlab yurishlari mumkin.

Miya falajiga chalingan bolalarning aksariyatida ushbu turdagi miya falajining ikkitasi yoki undan koʻprogʻining birga uchrash holati kuzatiladi.

Miya falajining belgilari va oqibatlari

Miya falajiga chalingan har bir bolada turlicha belgilar qoʻshilgan holatda namoyon boʻladi.

Baʼzi bolalarda belgilar yengil koʻrinishda boʻladi, ular yaxshi yurishlari va yaxshi muloqot qilishlari mumkin. Ogʻir miya falajiga chalingan bolalar bir muncha vaqt nogironlar aravachasidan foydalanishlari kerak. Miya falajiga chalingan bolalarning taxminan uchdan bir qismi harakatlanishi uchun qoʻshimcha yordamga muhtoj, toʻrtdan bir qismi esa gapira olmaydi.

Miya falajining oqibatlari turlicha boʻlishi mumkin.

Goʻdaklarda

Miya falajiga chalingan goʻdaklarda quyidagi muammolar kuzatilishi mumkin:

  • ovqatlanish bilan bogʻliq muammolar;
  • rivojlanishning orqada qolishi;
  • qoʻl va oyoqlarning nomutanosib harakatlari. Masalan, ular bir qoʻl va bir oyoq bilan koʻproq harakat qilishlari mumkin;
  • mushaklar harakatining nazorati yomon boʻlishi;
  • mushaklar tonusining past yoki aksincha, yuqori boʻlishi;
  • boʻgʻimlarni harakatga keltirishda mushaklarning kuchli qisqarishlari yuzaga kelishi.

Miya falajiga chalingan goʻdaklarda miya shikastlanishi kelajakda kuchaymaydi. Ammo oʻsib ulgʻaygani sayin paydo boʻladigan qoʻshimcha qiyinchiliklarni yengish qiyinlashishi mumkin. Masalan, oʻsmirlik davrida boʻyning keskin oʻsishi yurishda ularga qiyinchilik tugʻdirishi mumkin.

Bolalar

Miya falajiga chalingan bolalarda eng koʻp uchraydigan muammolar:

  • harakatlanishga qiynaladi;
  • ovqatlanishga qiynaladi;
  • ogʻriq kuzatiladi;
  • uyqu buziladi;
  • muloqot qilishda qiyinchiliklar kuzatiladi.

Yana shunday muammolar paydo boʻlishi mumkin:

  • taxminan 45% bolalarda aqliy rivojlanish orqada qoladi yoki oʻqishda qiyinchiliklar kuzatiladi;
  • xulq-atvordagi muammolar;
  • koʻrish qobiliyatigining buzilishi;
  • eshitish qobiliyatining buzilishi.

Bola sogʻligʻidagi boshqa muammolar

Miya falajiga chalingan koʻplab bolalar sogʻliq bilan bogʻliq boshqa muammolarga ham yoʻliqadi. Masalan, oshqozon-qiziloʻngach reflyuksi, ich qotishi, epilepsiya, ortopedik muammolar va qaytalanuvchi nafas yoʻllari kasalliklarini boshdan kechiradilar.

Bolangizning holatini eng yaxshi biladigan inson – sizsiz. Agar farzandingizning rivojlanishidan xavotirda boʻlsangiz, his-tuygʻularingizga ishoning va oʻzingizni tashvishga solayotgan muammolar boʻyicha shifokoringiz yoki hamshirangiz bilan suhbatlashing.

Miya falajini aniqlash usullari va tahlillar

Miya falaji murakkab kasallik boʻlib, 12 oygacha aniq tashxis qoʻyish har doim ham oson emas.

Miya falajini aniqlash uchun shifokor kasallik toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot yigʻib, bolangizni yaxshilab tekshiradi. Boshqa shubhalarni istisno qilish uchun farzandingiz bir nechta mutaxassisga murojaat tekshiruvidan oʻtishiga toʻgʻri kelishi ham mumkin.

Miya falajiga chalingan bolalar uchun erta aralashuv xizmatlari

Miya falajini davolash imkoniyati yoʻq boʻlsa-da, erta aralashuv farzandingizning holatini, uning natijalarini yaxshilashi va bolangiz toʻliq potensialidan foydalana olishiga koʻmaklashishi mumkin.

Dastlabki aralashuv xizmatlari orqali siz sogʻliqni saqlash sohasi mutaxassislari bilan birgalikda bolangizga eng mos keladigan davolash usullarini tanlashingiz mumkin.

Sizni va bolangizni qoʻllab-quvvatlash bilan shugʻullanadigan mutaxassislar guruhi tarkibiga pediatrlar, fizioterapevtlar, logoped, maxsus taʼlim oʻqituvchilari, shuningdek, ijtimoiy xodimlar kirishi mumkin. 

Oʻzingizga va oilangizga gʻamxoʻrlik qilish

Farzandingizga gʻamxoʻrlik qilish odatdagi vazifangiz boʻlsa-da, oʻz salomatligingizga eʼtibor berish ham juda muhimdir. Jismoniy va ruhiy jihatdan sogʻlom boʻlsangiz, bolangizga yaxshiroq gʻamxoʻrlik qilasiz.

Boshqa ota-onalar bilan suhbatlashish yordam olishda juda qoʻl kelishi mumkin. Shu kabi holatlarga duch kelgan boshqa ota-onalar bilan yuzma-yuz koʻrishish yoki onlayn qoʻllab-quvvatlash guruhi orqali bogʻlanishingiz mumkin.

Agar boshqa farzandlaringiz boʻlsa, ular ham umkoniyati cheklangan aka-uka yoki opa-singillari kabi siz uchun muhim ahamiyatga ega ekanliklarini, siz ular haqida va ular boshidan kechirayotgan jarayon haqida qaygʻurayotganingizni his qilishlari kerak. Ular bilan suhbatlashish, birga vaqt oʻtkazish va ularni toʻgʻri qoʻllab-quvvatlash yoʻlini topish muhimdir.