Motorika va oʻyinlar: kichkintoylar
Kichkintoylar uchun oʻyinlar: motorikani rivojlantirishda ular nima uchun muhim?
Oʻyin – bolalarning oʻrganishlari, rivojlanishlari va oʻsishlari uchun eng asosiy usullardan biridir. Oʻyin farzandingizning barcha rivojlanish sohalari, jumladan, jismoniy rivojlanishi uchun foydalidir.
Kichkintoy bilan kunlik oʻyinlar uning mushaklari va suyaklarini harakatga keltiradi va mustahkamlaydi. Shuningdek, farzandingizning oʻziga boʻlgan ishonchini ham mustahkamlaydi, chunki u oʻz qobiliyatlarini sinab boradi va har safar yanada yuqoriroq koʻtarilishi, yanada tezroq yugurishi, yanada uzoqroqqa sakrashi mumkinligini anglaydi.
Oʻyinlar sababli kun davomida farzandingizning jismoniy faolligi yuqori boʻladi, bu esa uning umumiy salomatligi va kayfiyati uchun foydalidir.
Bolalar har kuni bir necha soat faol oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlishi zarur, bunga sokin oʻyinlar ham kirishi mumkin – masalan, polda oʻtirgan holda kubiklardan nimadir qurish. Bola maydonchada sayr qilishi, yugurishi, sakrashi va oʻynashi kerak. Jismoniy imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun shifokor va mutaxassislar maqolalarimizdagi tavsiyalarni farzandingiz oʻz tanasidan foydalanishi va harakat qobiliyatlarini mustahkamlashi uchun qanday moslashtirishi borasida foydali koʻrsatmalar berishi mumkin.
Kutilayotgan natijalar: kichkintoylar va motorika
Bu yoshdagi kichkintoyingiz, ehtimol:
– koʻrsatkich va bosh barmoqlari yordamida uncha katta boʻlmagan ovqat boʻlaklarini olishi mumkin;
– 2–3 yoshida qalamni yozish uchun asosiy holatda ushlay oladi;
– 2–3 yoshida oyoqlarini galma-galdan qoʻyib, zinapoyadan yuqoriga koʻtarilib, pastga tusha oladi, biroq u hali ham kattalarning qoʻlidan yoki zinapoya dastagidan ushlashiga toʻgʻri keladi;
– yiqilmasdan koptokni otishi mumkin.
Kichkintoyingizning oʻzini oʻzi nazorat qilish qobiliyati yaxshilanib boradi va kundalik ishlarini yaxshiroq bajaradi. Misol uchun, ular oʻzlari mustaqil kiyinishni boshlaydi, qoshiq va sanchqi yordamida mustaqil yeya oladi, shuningdek, piyoladan icha oladi. Uch yoshga borib esa mustaqil ravishda hojatga borishi mumkin.
Farzandingiz oʻz jismoniy imkoniyatlarini iloji boricha yuqori darajaga koʻtarilish va iloji boricha uzoqroqqa yugurish orqali tekshirib koʻrishni xohlashi mumkin – kichik gʻurra va yiqilishlar odatiy holga aylanadi. Kichkintoyingizni nazorat qiling, bu ham oddiy holligini unutmang. Aynan shu tarzda bolajonlar oʻrganishadi va rivojlanishadi.
Agar bolangiz uch yosh atrofida yaxshi harakatlanmasa yoki yangi narsalarni faol ravishda oʻrganishga qiziqish bildirmasa, pediatr bilan uchrashing va tegishli maslahat oling.
Motorika va kichkintoylar uchun oʻyinlar
Kichkintoyingizni harakatga keltirish uchun bir nechta oʻyin gʻoyalari:
– kichkintoyingizni ritmga mos harakatga keltiradigan musiqa tinglang. Oʻyinga farzandingiz silkitishi, aylantirishi yoki oʻzi aylanishi mumkin boʻlgan oddiy narsalar, masalan, lentalar yoki oʻzingiz yasagan marakaslarni qoʻshing. Farzandingiz orqangizdan qaytarishi uchun oddiy qoʻshiq yoki ovutmachoqlar aytishingiz mumkin. Agar uyda oʻz ona tilingizda gaplashsangiz, unda bu bolangizga faol oʻyin orqali soʻzlarni oʻrgatish uchun ajoyib imkoniyatdir;
– uyingizda itaradigan oʻyinchoqlar boʻlsa, kichkintoyingiz 12 oylik boʻlganda ular bilan oʻynab koʻring. Agar bunday oʻyinchoqlar boʻlmasa, xona boʻylab karton qutini itarib yurish ham mumkin;
– uyingizda samokat yoki uch oyoqli velosiped boʻlsa, bolangiz 2–3 yoshga toʻlganda ularni haydashdan zavqlanishi mumkin. Farzandingiz qiziqish bildirsa, ulardan ertaroq foydalanishi ham mumkin;
– katta va kichik buyumlarni solishi uchun kichkintoyingizga turli oʻlchamdagi idishlarni bering, bunday mashq orqali uning qoʻl harakatlari boshqaruvi, koʻrish qobiliyati va miya faoliyati rivojlanadi;
– pazlli mozaikalar yigʻing va birgalikda yirik detalli konstruktordan narsalar yasang;
– kichkintoyingiz yurganida, yugurganida va oʻzining tadqiqot ishlarini olib borganida uning uchun xavfsiz boʻlgan ochiq havoda oʻynang. Sayrga uzoqroqqa borish imkoniyatingiz boʻlmasa, oʻzingizning hovlingiz yoki hatto ayvoningizda farzandingiz turli yuzalarda yirik motorika koʻnikmalarini mashq qilishi mumkin;
– oʻyin maydonchalari ochiq boʻlsa, bolangizga oddiy jihozlar bilan oʻynashiga ruxsat bering. Bola shikastlanmasligi uchun uni nazorat qilish, shuningdek, qanday qilib tepaga xavfsiz tarzda koʻtarilishni oʻrgatish tavsiya etiladi.
Ekran oldidagi va faol oʻyinlar uchun vaqt
Amaldagi milliy va xalqaro qoidalarga koʻra, ikki yoshdan kichik boʻlgan bolalarga ekran oldida vaqt oʻtkazish tavsiya etilmaydi, yaqin kishilar bilan videoaloqalar bundan mustasno. Chunki juda kichik bolalar haqiqiy hayotdan tajriba orttirgan holda oʻrganadi va rivojlanadi, masalan, faol oʻyinlar, koʻchadagi oʻyinlar, ijodiy oʻyinlar, oila va doʻstlar bilan muloqot qilish orqali. Ikki yoshdan katta va maktabgacha yoshdagi bolalar uchun ham ekran oldidagi vaqtni cheklash kerak. Harakatda boʻling!