Mukovissidoz

Mukovissidoz – oʻpka, ovqat hazm qilish tizimi, ter bezlari va farzand koʻrish qobiliyatiga taʼsir qiluvchi irsiy kasallik. Maxsus davolash mukovissidoz bilan kasallangan bolalarning hayot sifatini yaxshilashi mumkin.
Body

Mukovissidoz

Mukovissidoz bu – tizimli irsiy kasallik. Mukovissidozli bolalarning teri tarkibida juda koʻp tuz boʻladi. Mukovissidoz kasalligida oʻpkani toʻsib qoʻyadigan, nafas yoʻllarida tiqilib qoladigan va qiyin yoʻtalib chiqariladigan quyuq, yopishqoq, shilimshiq ishlab chiqariladi. Bunday tiqilib qolgan joylarda bakteriyalar toʻplanadi, bu esa yalligʻlanishga va oʻpkaning shikastlanishiga olib keladi.

Shu sababli mukovissidoz bilan kasallangan bolalar koʻp yoʻtalishi, nafas olishi qiyinlashishi va nafas yoʻllari infeksiyasi rivojlanishi mumkin.

Shuningdek, mukovissidoz tufayli hosil boʻlgan quyuq shilimshiq oshqozonosti bezida tiqilib qolishi mumkin, bu esa ovqat hazm boʻlishiga yordam beradigan oshqozonosti bezi shirasining ichaklarga oqishini toʻsib qoʻyadi. Mukovissidozli bolalarning ovqatlari toʻgʻri hazm boʻlmagani uchun ular toʻyib ovqatlanmaslik, vazn yoʻqotish va diareyadan aziyat chekishlari mumkin.

Mukovissidoz nafas yoʻllarining doimiy infeksiyalari, vazn qoʻshishning susayishi va diabet kabi uzoq muddatli muammolarga olib kelishi mumkin.

Mukovissidoz boʻlgan erkaklar bepusht boʻlishi mumkin.

Tashxislash va davolashning rivojlanishi tufayli mukovissidozli bolalar balogʻat yoshiga qadar yashaydilar, ammo bunday tashxis ularning umr koʻrish davomiyligi boshqa odamlarga qaraganda qisqaroq boʻlishi mumkinligini anglatadi.

Mukovissidoz sabablari

Mukovissidoz bu – tanadagi hujayralarga kiradigan va ulardan chiqadigan tuz va suv miqdorini nazorat qiluvchi genda nuqson yoki anomaliya tufayli kelib chiqqan genetik kasallik.

Ota-onaning ikkalasi ham bu genni tashuvchisi boʻlsa, chaqaloq mukovissidoz bilan tugʻilishi mumkin.

Farzandi mukovissidoz bilan kasallangan ota-onalarda ushbu kasallik bilan yana bola tugʻilishi ehtimoli 25 foizni tashkil qiladi.

Mukovissidozni aniqlash

Oila aʼzolardan birida mukovissidoz aniqlangan boʻlsa, tibbiy-genetik maslahatini oling va mukovissidozga tahlil topshiring. Kasallik geni borligini oddiy qon tekshiruvi yordamida aniqlash mumkin.

Homilador boʻlsangiz va farzandingizda mukovissidozning gendan oʻtish ehtimoli mavjud boʻlsa, buni aniqlash uchun qoʻshimcha tahlillarni topshirishingiz mumkin.

Farzandingizda bu kasallikka shubha tugʻdiradigan belgilar boʻlsa, masalan, nafas olish tizimi va/yoki ichaklar bilan doimiy muammolar boʻlsa, bola mukovissidozga tekshiriladi. Bu “ter sinamasi” deb ataladigan oddiy tahlil boʻlib, u ter ishlab chiqarish uchun tananing kichik maydonini qoʻzgʻatishni oʻz ichiga oladi.

Baʼzi mamlakatlarda yangi tugʻilgan chaqaloqlar mukovissidozga tekshirilishi mumkin. Ushbu tekshiruvda chaqaloqning tovonidan qon olinadi.

Mukovissidozli bolalarga yordam berish va davolash

Mukovissidozning davosi yoʻq.

Farzandingiz mukovissidozga chalingan boʻlsa, u, ehtimol, mukovissidoz boʻyicha koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maxsus guruh tomonidan maxsus boʻlimda davolanadi.

Mukovissidozni davolash jadal boʻlishi va koʻp vaqt talab qilishi mumkin. Bolalar muntazam ravishda maxsus boʻlimga qatnashlari, baʼzi bolalar esa nafas yoʻllari infeksiyalarini davolash uchun tez-tez shifoxonada davolanishlari kerak.

Fizioterapiya va turli xil davolash usullari ushbu kasallikka chalingan bolalarning salomatligi va hayot sifatini qoʻllab-quvvatlashi mumkin. Bemor bolalar odatda kuniga ikki marta oʻpkasini tozalash uchun maxsus muolajalarga muhtoj. Bunday muolajalar odatda ota-ona yoki parvarishlovchi yaqin inson tomonidan amalga oshiriladi.

Odatda kunlik antibiotiklarning bir nechta kursi talab qilinadi. Mukovissidoz bilan kasallangan bolalarga oʻpka infeksiyasini davolash uchun ozuqaviy qoʻshimchalar va steroidlar ham kerak boʻlishi mumkin. Shifokorlar baʼzida bolalarning ovqatlanishini yaxshilashga yordam beradigan fermentlar oʻrnini bosuvchi davoni, shuningdek, tuz va vitamin qoʻshimchalari boʻlgan yuqori energiyali parhezni tavsiya qiladilar.

Bolangizda mukovissidoz boʻlsa, quyidagi sogʻliqni saqlash mutaxassislari kuzatuvida boʻlishingiz mumkin:

  • tibbiy genetika boʻyicha maslahatchi
  • pediatr
  • pulmonolog
  • dietolog
  • fizioterapevt

Mukovissidoz bilan yashash

Faol turmush tarzi, jismoniy mashqlar va koʻkrak qafasi fizioterapiyasi mukovissidozli bolalarga oʻpkalarini sogʻlom saqlashga yordam beradi. Mukovissidoz bilan kasallangan bola shifoxonada muntazam davolanish zarurati tufayli tez-tez maktabni qoldirishi mumkin. Agar farzandingizda mukovissidoz boʻlsa, uning kasalligi haqida oʻqituvchilarga aytish va ular bilan muntazam muloqot qilish muhimdir. Yaxshi davolanish orqali mukovissidoz bilan kasallangan bolalar oʻrta yoshgacha toʻliq hayot kechirishlari mumkin.