Musiqa tilidan
Kerak boʻladigan materiallar: yumshoq koʻrpa, garmonika, oʻramli yumshoq qogʻoz (barchasi ixtiyoriy).
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: uyda bor eng yaxshi musiqiy asboblardan foydalaning: bu ogʻzingiz boʻlishi ham mumkin. Kichkintoylar sizdan turli xil tovushlarni tinglashni va ota-onalari bilan vaqt oʻtkazishni yaxshi koʻradilar, bu ikkala tomonni yaqinlashtirish uchun juda yaxshi mashgʻulot.
Dastlab bolani yumshoq koʻrpa ustiga yoki u yuzingizni koʻra olishi uchun tizzangizga yotqizishingiz mumkin.
Oʻyinni boshlash vaqti keldi, ogʻzingiz orqali tovushlarni chiqarishni boshlang: ovozli oʻpich, til bilan chertish, dvigatel ovoziga taqlid qilib gʻuvullash, lablarni tebratish, uvillash, qichqiriq, hushtak, qoʻshiq yoki gʻuvullash.
Bundan tashqari, hayvonlarning tovushlariga taqlid qilishingiz mumkin: oʻrdak, it, mushuk, ot, sigir, tovuq, xoʻroz, maymun, boʻri, qushlar va boshqa koʻp hayvonlar.
Kichkintoyingiz oʻziga juda yoqadigan tovushlarni sezdi, deylik. Bunday holda siz tovushlarni oʻzgartirish uchun musiqiy asbob qoʻshishingiz mumkin, masalan, garmonika, surnay, qoʻlbola megafon (oʻramli yumshoq qogʻoz yordamida) va boshqalar.
Foydalaniladigan asboblar yoki vositalar kichkintoyingiz uchun xavfli emasligiga ishonch hosil qiling. Tovushlar juda baland boʻlmasin, chunki bolangizni bezovta qilib, unga noqulaylik tugʻdirishingiz mumkin. Agar biror-bir tovush bolaga yoqimsiz ekanini sezsangiz, uni takrorlamang.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: ushbu mashgʻulot yordamida siz farzandingizga yon-atrofdan keladigan tovushlarni ajratib olish va topishda yordam berasiz. Koʻproq tovushlarni hosil qilish qobiliyatini shakllantirasiz, bu esa tilning rivojlanishiga yordam beradi.