Musiqa va oʻyin: musiqali “Bebi-miks”
Kerak boʻladigan materiallar: yengil musiqali gadjet, turli xil tovushlar chiqaradigan narsalar, shaqildoqlar.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: bolani ehtiyotkorlik bilan ushlab, musiqa ostida ohista tebrating (oʻzingiz qoʻshiq ayting yoki radioda / telefonda musiqa qoʻying). Qoʻlingizdagi chaqaloq bilan sekin xona boʻylab harakatlanishingiz mumkin. U yoshi ulgʻaygan sari turli xil tovushlar va musiqalarni aniqlay boshlaydi (siz va oilangiz yoqtiradigan narsalarni tanlang, jumladan, anʼanaviy musiqa va qoʻshiqlar).
Uxlashdan oldin chaqaloqni qoʻlingizda ushlab, ehtiyotkorlik bilan tebratib, alla ayting. Chaqaloqqa qoʻshiq aytib bering (yaxshi qoʻshiq aytolmasangiz ham, ular buni bilmaydi va ovozingizni eshitishni yaxshi koʻradi!). Bolani tinchlantirish uchun qoʻshiqlar va allalarni takrorlang. Anʼanaviy allalar uni sizning madaniyatingiz va hamjamiyatingiz bilan bogʻlaydi.
Chaqaloqqa tovushlarni tanishtirishning yana bir usuli – shovqin chiqaradigan baʼzi kundalik uy-roʻzgʻor buyumlaridan foydalanish. Misol uchun, qoshiqlar va stakanlar turli shakllarga ega va stol ustiga urilganda ajoyib tovushlar chiqarishi mumkin. Bir nechta qoshiq yoki stakanni chaqalogʻingiz qoʻllari (yoki oyoqlari) yetadigan masofada sekin harakatlantiring va silkiting. Keyin chaqaloqqa ularni ushlash, oʻrganish va silkitish uchun imkon bering. Siz ulardan ritm va ohang yaratish uchun foydalanishingiz mumkin – chaqalogʻingizdagi oʻzgarishlarni kuzatib boring.
Shaqildoqlarni qoʻngʻiroqchalar, jetonlar yoki shisha qopqoqlaridan yasang. Kichkintoyga ikkita shaqlidoqni taklif qiling, shunda ular har bir qoʻlida bittadan shaqildoq ushlab turadi. Ular maʼlum bir tovushni boshqasidan koʻra koʻproq yoqtirish-yoqtirmasligini aniqlashga harakat qiling.
Agar chaqalogʻingiz mustaqil oʻtira boshlagan boʻlsa, uni tizzangizda oʻzingizga qaratib ushlang. Bolalar qoʻshigʻi yoki boshqa anʼanaviy musiqa ritmiga mos ravishda tizzalaringizni yuqoriga va pastga harakatlantiring. Qoʻshiq ayting va ritmga rioya qiling. Chaqaloqning kaftlarini birlashtirishga yordam bering va qoʻshiqqa mos qarsak chaling.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: bu mashgʻulot kayfiyatni koʻtarishga va bolaning tinchlanishiga yordam berishi mumkin. Tanish ovozdan qoʻshiq eshitish chaqaloqqa oʻrganish va tinglashga yordam beradi.