Muvozanatlashtirish

Kerak boʻladigan materiallar: qulay stul.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: farzandingiz endigina dunyoga keldi va atrofida nimalar sodir boʻlayotganini deyarli tushunmaydi. Uning dunyosi juda kichkina va u kashf etishi kerak boʻlgan narsalar koʻp. Bu mashq koʻrish qobiliyatidan foydalanib, tevarak-atrofni jadalroq oʻrganishga undaydi.

Dastlab farzandingizni qoʻlingizga olib, qulay stulga oʻtirishingiz kerak. Endi farzandingizni uning beli sizning oyoqlaringiz bilan bir xil yoʻnalishda boʻladigan shaklda ushlang. Boshi va belidan ikkala qoʻlingiz bilan ushlab, uning xavfsizligini taʼminlayotganingizni bildiring.

Soʻng farzandingiz nigohini yuzingizga qaratishi uchun uning eʼtiborini jalb qiling. Buning uchun uni oʻz ismi bilan chaqirishingiz, yoqimli qoʻshiq kuylashingiz, sheʼr oʻqib berishingiz yoki u bilan yoqimli va ijobiy narsalar haqida gaplashishingiz mumkin.

Uning eʼtiborini oʻzingizga qaratgach, farzandingizni asta-sekin u tomondan bu tomonga chayqating. Bolaning eʼtiborini chiroyli soʻzlar yoki qoʻshiqlar bilan jalb qilishda davom eting; mashqning turini oʻzgartirish uchun turli harakat va holatlarni sinab koʻrishingiz mumkin.

Agar farzandingiz sizga qaramayotganini sezsangiz, toʻxtab, yana uning eʼtiborini tortishga harakat qiling. Farzandingiz charchagunga qadar mashqni takrorlang. Farzandingizni oʻyinni davom ettirishga hech qachon majburlamang, chunki bu yoqimsiz mashq boʻlib qoladi va maqsad amalga oshmaydi.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: ushbu mashq bolangiz koʻz harakatini muvofiqlashtirishi, buyumlarga nigohini qaratishi, sizning yoki yaqin atrofdagi kattalarning yuzini tanib olishi, ijtimoiy munosabatlarni yaxshilashi va tana muvozanatini yanada yaxshiroq saqlashni rivojlantirishiga yordam beradi.