Nima uchun o‘zingizning OIV maqomingizni bilishingiz muhim?

Body

OIV — bu odam immunitet tanqisligi virusi. U bir marta tanaga kirib, unda abadiy qoladi. Bugungi kunda insoniyatni ushbu virusdan butunlay xalos qiladigan dori mavjud emas. Biz hammamiz bir jamiyatda yashaymiz, demak, biz juda ehtiyot bo‘lishimiz, hamda o‘zimizni va boshqalarni himoya qilish uchun mumkin bo‘lgan hamma narsani qilishimiz kerak.

Quyida OIV holatini aniqlovchi testdan o‘tishning 5 ta sababi keltirilgan:

1.Tekshiruv hayotlarni saqlab qoladi — odam o‘zining OIV maqomi haqida qanchalik tez bilib olsa, davolash shunchalik samarali bo‘ladi, ya’ni normal to‘liq hayot kechirish uchun imkoniyatlar ko‘proq bo‘ladi.

2.Test tekshiruvi o‘zini va boshqalarni xavfdan yiroq qiladi — tekshirilayotgan shaxsning OIV maqomiga qarab, OIV profilaktikasining turli xil variantlariga imkoniyat ochib beriladi, bu o‘zingizni va yaqinlaringizni OIV infeksiyasini yuqtirishdan himoya qilish imkonini beradi.

3. Davolanish virusning yuqishini oldini oladi. OIV testi davolanishga yo‘ldir, o‘z o‘rnida samarali davolanish OIVning oldini olishning ajoyib vositasidir: u hayotni saqlab qoladi va virus tarqalishining oldini oladi. OIV infeksiyasini davolash virusli yukni, ya’ni inson organizmidagi OIV miqdorini aniqlanilmaydigan darajaga kamaytiradi. OIVning aniqlanilmaydigan darajasi bo‘lgan odam virusni boshqalarga yuqtirmaydi.

4.OIV holatini bilish uni onadan bolaga yuqishini oldini oladi. OIV+ maqomiga ega bo‘lgan homilador va emizayotgan ayol o‘z chaqalog‘iga virusni yuqtirmasligi va uning sog‘lom tug‘ilishini ta’minlaydigan bir qator imkoniyatlardan foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunga faqat o‘zining holatini bilsagina erishish mumkin.

5.To‘liq hayot kechirish. OIV maqomini aniqlashga qaror qilganda, inson o‘z sog‘lig‘i foydasiga tanlov qiladi.

OIV testidan O‘zbekiston Respublikasining istalgan poliklinikasi va ixtisoslashtirilgan OITSga qarshi kurash markazlarida o‘tish mumkin.