Nimalar roʻy berdi?
Kerak boʻladigan materiallar: hech narsa kerak emas. Baʼzan suhbatni farzandingiz yaqinda boshdan kechirgan hodisa tushirilgan fotosuratlar (masalan, tugʻilgan kun kabi) yoki u yaqinda oʻtkazgan tajriba bilan bogʻliq narsalar (masalan, bozorga borib, olib kelgan baʼzi oziq-ovqatlar) yordamida boshlashingiz mumkin.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: har kuni bolangiz bilan maroqli suhbatlar oʻtkazing. Bu yoshda farzandingiz koʻproq gapiradi va siz u aytib bermoqchi boʻlgan narsaga qiziqishingizdan xursand boʻladi. Boʻsh vaqtingizda farzandingizga kunlarning birida yoki yaqinda sodir boʻlgan voqeani eslab, aytib berishini tavsiya qilishingiz mumkin. Masalan, bunday deyishingiz mumkin: “Ertalab buvingning uyiga bordik. Esingdami? Birgalikda maza qilib vaqt oʻtkazdinglar. Nimalar qildinglar?”
Albatta, farzandingizning taʼrif-tavsifiga eʼtibor bering. Agar u “ovqatlandim”ga oʻxshash biror-bir gap aytsa, koʻproq narsani eslashga undashingiz mumkin. “Nimalar yeding? Senga koʻproq nima yoqdi?”, “Biz yana nima qildik? Mushuk bilan ham oʻynading” kabi gaplar bilan uni soʻzlashga undang. Farzandingizning bu kabi hikoyalari vaqt oʻtishi bilan uzunroq va murakkabroq boʻla boshlaganini sezasiz.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: ushbu mashgʻulot farzandingizning soʻz boyligini oshirish uchun juda foydali. Farzandingiz koʻproq soʻzlarni oʻrganyapti va ularni ishlatyapti, keyinchalik oʻqishida asqatadigan mustahkam poydevor ham yaratmoqda. Farzandingiz oldin sodir boʻlgan narsalarni eslashga harakat qilish bilan miyasini rivojlantiradi. Tajriba va xotiralar boʻlishiladigan kundalik suhbatlarda siz va farzandingiz orasida paydo boʻlayotgan iliq aloqalar juda muhimdir.