Farzandingizning tana haroratini oʻlchash

Bolaning haroratini oʻlchashda raqamli termometrdan foydalanish eng yaxshi usul. Raqamli naychali termometrlar haroratni aniq koʻrsatadi. U haroratni til yoki qoʻltiq ostida oʻlchaydi, baʼzan orqa chiqaruv teshigida ham oʻlchaydi. Quloq va chakka arteriya termometrlaridan foydalanish oson, lekin ular notoʻgʻri oʻlchashi mumkin.
Body

Bolalar uchun tana harorati oʻrtacha 37 °C atrofida. Agar bolaning tana harorati 37,5 °C va undan yuqori boʻlsa, uning isitmasi bor boʻladi.

Termometr turlari

Bolaning haroratini termometr yordamida oʻlchash kerak. Qoʻlingizni peshonasiga qoʻyib, uning tana haroratini his qilish harorat oʻlchashning ishonchli usuli emas.

Zamonaviy termometrlarning aksariyati bu – raqamli termometrlar.

Raqamli termometrlar

Bolaning haroratini oʻlchash uchun siz raqamli termometr yordamida 3 usuldan foydalanishingiz mumkin:

• ogʻiz orqali (til ostida): siz bu usuldan 4 yoshdan katta bolalarda foydalanishingiz mumkin;

• qoʻltiq ostida (bolaning qoʻltigʻi ostida): siz bu usuldan 3 oylikdan 4 yoshgacha boʻlgan bolalarda foydalanishingiz mumkin. Bu usulning ogʻiz yoki orqa chiqaruv teshigidagi haroratni oʻlchash usuliga qaraganda aniqlik darajasi pastroq;

• orqa chiqaruv teshigidagi harorat. Baʼzi mutaxassislar bu amaliyotni tavsiya qilmaydilar, chunki termometrning uchi bolaning toʻgʻri ichak shilliq qavatiga zarar yetkazishi mumkin. Ammo bu eng aniq oʻlchash usuli. Koʻpchilik mutaxassislar uni tugʻilish paytidan 3 oylikkacha boʻlgan chaqaloqlar uchun eng yaxshi usul, uni 3 oylikdan 4 yoshgacha boʻlgan bolalarda ham qoʻllash mumkin deb hisoblaydilar.

Tana haroratini oʻlchaganingizdan soʻng termometrni iliq sovunli suv yoki spirtli salfetka yordamida tozalash kerak.

Raqamli quloq termometrlari

Quloq termometrlarini ishlatish tez va oson, lekin u koʻrsatkich aniq boʻlmasligi mumkin.

Peshona yoki chakka arteriyasi raqamli termometrlari

Bu – termometrning eng oddiy turi. Uni bola uxlab yotgan paytda ham ishlatsa bo‘ladi, lekin u koʻrsatkich aniq boʻlmasligi mumkin.

Boshqa termometrlar

Raqamli soʻrgʻich termometrlari, isitma oʻlchash tasmalari va smartfon ilovalari tavsiya etilmaydi, chunki ular haroratni aniq koʻrsatmaydi.

Simobli termometrlar sinib qolsa, bolani zaharlashi mumkin, shuning uchun ulardan foydalanish tavsiya etilmaydi.

Bolaning haroratini oʻlchash.

Sizda qanday termometr boʻlishidan qatʼi nazar, uni birinchi marta ishlatishdan oldin foydalanish boʻyicha yoʻriqnomasini diqqat bilan oʻqib chiqish muhim.

Quyida bolangizning tana haroratini aniq oʻlchashda yordam beradigan maslahatlar keltirilgan.

Ogʻiz boʻshligʻida tana haroratini oʻlchash.

Siz naychali termometr yordamida ogʻiz boʻshligʻining haroratini oʻlchaysiz:

•farzandingiz issiq yoki sovuq ichimlik ichgan boʻlsa, besh daqiqa kuting;

•termometrni bola tilining ostiga joylashtiring;

•farzandingizga tishlari bilan emas, lablari bilan ushlab turishni va burundan nafas olishini ayting;

•termometr tovushli signal berishini kuting va keyin tana haroratini raqamli ekranda tekshiring.

Siz toʻrt yoshdan katta bolalarda ogʻiz boʻshligʻida tana haroratini oʻlchashingiz mumkin. Bundan kichik bolalarda ogʻizdagi tana haroratini oʻlchash qiyin, chunki ular har doim ham sizning talablaringizni bajara olmaydilar.

Qoʻltiq ostidagi harorat

Siz termometr naychasi yordamida qoʻltiq ostidagi haroratni quyidagicha oʻlchaysiz:

•termometrni bolangizning qoʻltigʻiga qoʻying;

•bolaning qoʻlini termometr ustidan yoping, tirsagini tanasi bilan ushlang;

•termometr tovushli signal berishini kuting va keyin tana haroratini raqamli ekranda tekshiring;

•bolaning qoʻltiq ostidagi haroratini oʻlchash odatda eng oson yoʻli, ayniqsa, yosh bolalarda. Afsuski, bu usulning ogʻizdagi tana haroratini oʻlchash usuliga qaraganda aniqlik darajasi past.

Orqa chiqaruv teshigidagi harorat:

•agar siz orqa chiqaruv teshigida haroratni oʻlchasangiz, termometrning uchiga vazelin surkang;

•kichkintoyingizni orqa tomonga yotqizib, sonlarini koʻtaring va orqa chiqaruv teshigiga 1,5–2 cm yogʻlangan termometrni kirgizing. Boshqa usul sifatida siz tizzangizga yoki boshqa qattiq joyga qorni bilan qoʻyishingiz mumkin. Agar siz bolani qorin tomoni bilan yotqizsangiz, uni ushlab turish uchun qoʻlingizni beliga qoʻying.

•Naychani toʻgʻri ichakka kiritishda qarshilik sezsangiz, hech qachon termometr naychasini majburlab kiritmang. Termometr tovushli signal berishini kuting va keyin tana haroratini raqamli ekranda tekshiring.

•Termometrni oling va koʻrsatkichni tekshiring.

Siz bolangizning haroratini tez-tez, masalan, har 3–4 soatda oʻlchashingiz mumkin. Lekin, eng asosiysi, bolangizdagi jiddiy kasallik belgilarini kuzatib borish.