Gastroezofageal reflyuks
Gastroezofageal reflyuks bu nima?
Gastroezofageal reflyuks bu – farzandingizning oshqozonidagi ovqat qiziloʻngach va ogʻiz boʻshligʻiga qaytib chiqishidir.
Bu farzandingizning qiziloʻngachi va oshqozoni orasidagi mushaklar bir muddat boʻshashganda sodir boʻladi, chunki ular toʻliq rivojlanmagan.
Bu qusish yoki tupurishga oʻxshaydi va “kekirish” deb ataladi.
Gastroezofageal reflyuksining belgilari
Farzandingizda gastroezofageal reflyuks boʻlsa, u sutni qusishi mumkin. Bu holat emish paytida, emizishlar oʻrtasida va emizib boʻlgach sodir boʻlishi mumkin.
Odatda reflyuks alomatlari bola tugʻilgandan keyingi birinchi 2 oy ichida roʻy beradi.
Koʻp bolalarda reflyuks ular yurishni boshlagan vaqtga kelib yoʻqoladi. Ehtimol, bu yoshga kelib ular tik holatda koʻproq vaqt oʻtkazishar. Bundan tashqari, ular quyuq ovqat isteʼmol qilishni boshlaydilar.
Baʼzi bolalarda ular yurishni boshlagandan keyin ham belgilar saqlanib qoladi.
Gastroezofageal reflyuks kasalligi
Baʼzi chaqaloqlarda va katta yoshli bolalarda reflyuks ayrim asoratlarga olib keladi. Bunday holda shifokor farzandingizga gastroezofageal reflyuks kasalligi tashxisini qoʻyishi mumkin.
Gastroezofageal reflyuks kasalligi belgilariga qorin yoki koʻkrakda ogʻriq va noqulaylik paydo boʻlishi kiradi, bu esa farzandingizning injiqlanishiga olib kelishi mumkin. Kichkintoyingiz koʻp yigʻlashi yoki belini egishi mumkin.
Farzandingizda gastroezofageal reflyuks kasalligi bor boʻlsa, unda quyidagi belgilar kuzatilishi mumkin:
· uyqu buzilishi
· vazn qoʻshishda ortda qolish
· surunkali yoʻtal va xirillash
· qon bilan qusish
Gastroezofageal reflyuksga shubha qilinganda bolani shifokorga koʻrsatish kerakmi?
Bolada quyidagilar boʻlsa, uni shifokorga koʻrsating:
· farzandingiz yutishga qiynaladi
· tana harorati yuqori boʻlsa
· koʻp asabiylashadi va uzoq vaqt tinchlana olmaydi
· ovqat yemaydi
· unda kuchli qusish bor
· oʻsishi meʼyoriy emas yoki vazn yoʻqotadi
· surunkali yoʻtal yoki koʻkrak qafasi aʼzolarida tez-tez kasallanish rivojlanadi.
Bolada tinimsiz qayt qilish kuzatilsa yoki qusugʻida yashil suyuqlik yoki qon boʻlsa, darhol tez yordam chaqiring (telefon 103).
Gastroezofageal reflyuksni aniqlash
Odatda reflyuksni aniqlash uchun hech qanday tahlillar oʻtkazilmaydi.
Farzandingizda reflyuks yoki gastroezofageal reflyuks kasalligi tufayli asoratlar kuzatilsa, shifokor qoʻshimcha tekshiruvlarni oʻtkazishi mumkin.
Gastroezofageal reflyuksni davolash
Gastroezofageal reflyuksi koʻp holatlarda oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi va davolanishni talab qilmaydi.
Farzandingizda reflyuksning yengil turi boʻlsa va uning vazn ortishiga taʼsir qilmasa, muammoni yengillashtirish uchun uni tik holatda ovqatlantirishga harakat qiling. Ovqatlantirib boʻlgach uni taxminan 30 daqiqa tik holatda ushlab turing.
Baʼzi hollarda shifokor oshqozon shirasi qiziloʻngachga zarar yetkazishiga yoʻl qoʻymaslik uchun shirani/kislotani kamaytiradigan dori-darmonlarni buyurishi mumkin.
Farzandingizda reflyuks boʻlsa ham, xavfsiz uyqu qoidalari haqida unutmang.
Uni chalqancha yotqizib uxlatish kerak. U baland boʻlmagan qattiq, tekis toʻshakda uxlashi lozim.