Yosh onalar: tugʻuruqdan keyingi tana holati
Yosh onalar: tugʻuruqdan keyingi birinchi haftada tanangizdagi oʻzgarishlar
Farzandingiz tugʻilgandan keyingi birinchi hafta – yangi tugʻilgan chaqaloqqa gʻamxoʻrlik qilish va u bilan tanishish vaqti. Sizda qindan qon ketish holatlari va uning atrofida ogʻriqlar yoki kesar kesishdan keyingi jarohat boʻladi. Shuningdek, tugʻuruqdan keyingi ogʻriqlar va koʻkrakda yoki koʻkrak soʻrgʻichlarida ogʻriqlar boʻlishi mumkin. Shuning uchun, tugʻuruqdan keyingi birinchi haftada imkon qadar koʻproq dam olishingiz va tiklanishingiz kerak.
Agar ogʻriq dam olishingizni, uxlashingizni, oʻzingizga yoki farzandingizga gʻamxoʻrlik qilishni qiyinlashtirsa, shifokoringiz bilan maslahatlashing. Shifokoringiz sizga ogʻriqni yengillashtiradigan dori-darmonlar bilan yordam berishi mumkin. Bundan tashqari, oʻzingiz yoki chaqalogʻingiz haqida boshqa savollarni ham shifokordan soʻrashingiz mumkin.
Qindan qon ketishlar
Sizda qindan ozroq qon ketishi kuzatiladi. Bu tugʻuruqdan soʻng darhol boshlanadi va 4–6 hafta davom etadi. Qon ketishi odatda birinchi haftalarda kamayadi va rangi och qizildan toʻq qizil-jigarranggacha oʻzgaradi.
Tamponlarni emas, balki tagliklarni (prokladka) ishlatishingiz kerak boʻladi. Dastlab homiladorlar uchun tagliklardan foydalanishingiz afzalroq – ular oddiy tagliklardan koʻra kattaroq va uzunroq boʻladi. Emizganingizda yoki yurganingizda qon ketishi qisqa vaqtga koʻpayishi mumkin.
Agar oraliqda issiqlik sezilsa yoki u joy shishib qolsa yoki qindan qon ketishi bilan bogʻliq yoqimsiz hid paydo boʻlsa, shifokor bilan maslahatlashing. Ushbu oʻzgarishlar infeksiya belgisi boʻlishi mumkin.
Tabiiy tugʻuruqdan keyingi ogʻriq
Tabiiy tugʻuruqdan keyin hatto oraliqda yirtilish yoki tikish holati boʻlmaganda ham, ogʻriqni sezishingiz mumkin. Bu ogʻriq oraliq atrofidagi mushaklar va nervlarning choʻzilishi va lat yeyishidan kelib chiqadi.
Oraliqdagi ogʻriq, shish va lat yeyish holatida yordam beradigan bir nechta tavsiyalar bor:
- Yon tomonga yotib, tos tubi uchun moʻljallangan mashqlarni bajaring.
- Shifokor bilan maslahatlashgandan soʻng paratsetamol yoki boshqa ogʻriq qoldiruvchi yengil dorilarni qabul qiling. Ayniqsa, koʻkrak bilan emizayotgan boʻlsangiz, shifokordan qaysi ogʻriqni qoldiruvchi vositalar sizga mos kelishini soʻrang.
- Har kuni choʻmilish, dush qabul qilish va tagliklarni muntazam almashtirish orqali oraliq sohasining tozaligiga eʼtibor bering.
- Har bir yuvishdan keyin yumshoq sochiq yoki mato bilan oraliqni quritib oling.
Agar siydik ajratishda ogʻriq boʻlsa, shifokorni bundan xabardor qiling. Bu holat oraliqdagi tirnalishlar tufayli kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Siz quyidagilarni bajarishshingiz mumkin:
- siydik ajratish vaqtida jinsiy aʼzolarga iliq suv quyish;
- shifokor maslahati boʻyicha siydikni ishqorlovchi vositalar (siydikda nordon muhitni kamaytiradigan dori vositalari)dan foydalanish;
- koʻp miqdorda suv ichish.
Agar oraliqning yirtilishi yoki episiotomiyadan (oraliq yoki qin orqa devorining jarrohlik kesilishidan) keyin tikilgan choklar boʻlsa, ular tugʻuruqdan 1–2 hafta oʻtgach, asta-sekin soʻrilib ketadi.
Kesar kesishdan keyingi ogʻriq
Kesar kesishdan soʻng qorin boʻshligʻining pastki qismida jarrohlik yarasi boʻladi. Yaraning ogʻrigʻi meʼyor hisoblanadi.
Chalqancha yotganda tizzalar ostiga yoki yonboshlaganda qoringa yostiqlar qoʻyish yaraning ogʻrigʻini kamaytirishga yordam berishi mumkin. Yotgan holatdan turish uchun yon tomonga agʻdariling va tanangizning yuqori qismini toʻshakdan koʻtarish uchun qoʻllaringizdan foydalaning.
Shifokoringiz kesar kesishdan keyin kuchli mashqlarni va jismoniy faollikni cheklash kerakligini aytadi. Dastlabki bir necha haftada ogʻir yuk koʻtarish, tashish va avtomobil haydash kabi ishlarni qilmaslik kerak. Doʻstlaringiz va oilangizdan bu ishlarni bajarishda yordam soʻrashingiz mumkin.
Har kuni sayr qilish tanangizning tiklanishiga yordam beradi. Bundan tashqari, iloji boricha koʻproq uxlash va dam olishingiz kerak.
Keng kiyim va beldan yuqorida turuvchi paxtadan ishlangan ichki kiyimlar yarangiz uchun qulayroq boʻladi.
Kesar kesishdan keyingi chandiqning kattaligi har bir ayol uchun turlicha boʻlishi mumkin, ammo yarangiz tugʻuruqdan keyingi dastlabki bir necha hafta ichida kichikroq koʻrinadi, chunki koʻkarishlar va shish kamayadi.
Agar yarangiz yoki uning atrofidagi joylar qizargan boʻlsa, tekkanda qizish his qilinsa yoki undan ajralma chiqayotgan boʻlsa, unga infeksiya tushgan boʻlishi mumkin. Shifokoringizga zudlik bilan murojaat qiling.
Tugʻuruqdan keyingi ogʻriqlar
Tugʻuruqdan keyingi ogʻriqlar bachadonning qisqarishidan kelib chiqadigan qisqa spazmlar boʻlib, u bachadon qisqarishi va qon ketishi toʻxtashi uchun yordam beradi. Tugʻuruqdan keyingi ogʻriqlar emizish vaqtida paydo boʻlishi mumkin, chunki bu paytda ajraladigan gormonlar ham bachadonning qisqarishiga olib keladi. Bu bachadon qisqarishiga va homiladorlikdan oldingi holatiga qaytishiga yordam beradi.
Tugʻuruqdan keyingi ogʻriqlar noqulayliklarga sabab boʻlishi va bir necha kun davom etishi mumkin. Bu holatga qorin boʻshligʻida yoki orqaga issiqroq kompresslar qoʻyish yordam berishi mumkin.
Tugʻuruqdan keyingi ogʻriqlar oldin tuqqan ayollarda koʻproq uchraydi, lekin birinchi marta tugʻganlarda ham kuzatilishi mumkin. Ular odatda har bir tugʻuruqda kuchayib boradi.
Koʻkrak bezi va koʻkrak soʻrgʻichlaridagi ogʻriqlar
Tugʻuruqdan keyingi birinchi haftada koʻkrak soʻrgʻichlarida ogʻriq va koʻkrak bezida shish boʻlishini kutish kerak, chunki siz bolani emizishni oʻrganasiz va koʻkrakka sut kelishni boshlaydi.
Ogʻriqning eng keng tarqalgan sababi chaqaloqni koʻkrakka notoʻgʻri tutishdir. Yaxshi tutilganda bu odatda oʻtib ketadi. Agar bunga ishonchingiz komil boʻlmasa yoki sizda ogʻriq kuchli boʻlsa, shifokorga yordam soʻrab murojaat qiling.
Koʻkrak bezi va koʻkrak soʻrgʻichlaridagi ogʻriqlarni kamaytirish uchun bajarilishi kerak boʻlgan bir nechta tadbirlar quyida keltirilgan:
- Emizish paytida issiq mato qoʻyilishi sut oqimini ragʻbatlantiradi.
- Toʻlishgan koʻkraklarni yengil uqalab koʻring.
- Har bir emizishning oxirida bir necha tomchi sutni sogʻing va koʻkrak soʻrgʻichlariga surting. Bu ogʻriqli koʻkrak soʻrgʻichlarini tinchlantirishi va ularning tiklanishiga yordam berishi mumkin.
- Koʻkrak soʻrgʻichlariga oz miqdorda krem surtib koʻring. Koʻkrak suti bilan boqish uchun moʻljallangan kremdan foydalaning.
Agar koʻkrak bezi va koʻkrak soʻrgʻichlaridagi ogʻriq kun sayin yaxshilanmasa, mutaxassisga murojaat qiling.
Tugʻuruqdan keyingi dastlabki bir necha oyda siydik va najas tutolmaslik
Tugʻuruqdan keyingi dastlabki oylarda, ayniqsa, kulganda, yoʻtalganla yoki aksirganda tasodifiy siydik yoki najas tutolmaslik holatlari boʻlishi mumkin.
Odatda bu oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi, chunki shishlar kamayadi, sezgirlik qaytadi va mushaklar kuchayadi. Bunga tos tubi mushaklarini mustahkamlashga moʻljallangan mashqlar yordam berishi mumkin.
Tugʻuruqdan soʻng olti hafta yoki undan koʻp vaqt oʻtganiga qaramay, tutolmaslik muammosi saqlanib qolsa, shifokoringizga murojaat qiling, u sizga yordam berishi yoki mutaxassisga yuborishi mumkin.
Tugʻuruqdan keyingi siydik va najas tutolmaslik juda keng tarqalgan. Ularni davolovchi koʻplab muolaja usullari bor.
Tugʻuruqdan keyingi dastlabki bir necha oyda vazn holati
Vazn yoʻqotish odatda tugʻuruqdan keyin asta-sekin sodir boʻladi. Sogʻlom ovqatlanish va yurish kabi yengil jismoniy mashqlar vazn yoʻqotilishiga yordam beradi. Emizish ham yordam berishi mumkin.
Vazn yoʻqotish sekin-asta sodir boʻlsa, bu eng xavfsizi hisoblanadi. Agar maqsadingiz homiladorlikdan oldingi vazningizga qaytish boʻlsa, bu jarayon bir necha oy davom etishi mumkin.
Agar homiladorlikdan oldin ortiqcha vaznga ega boʻlib, endi ozish niyatida boʻlsangiz, shifokoringiz bilan maslahatlashing. Agar juda koʻp vazn yoʻqotsangiz va vazningiz kamayib ketsa, shifokoringiz tavsiyasini oling.
Tugʻuruqdan keyingi dastlabki bir necha oyda sochlarning holati
Tugʻuruqdan keyin bir necha oy sochlaringiz toʻkilishi mumkin. Bu uzoq davom etmaydi va farzandingiz olti oylik boʻlganida oʻtib ketishi lozim.
Bu tanangizdagi gormonlar darajasining oʻzgarishi bilan bogʻliq. Soch toʻkilishi emizish bilan bogʻliq emas, shuning uchun bolani koʻkrakdan ajratish uni toʻxtatishga yordam bermaydi.
Teri kengayishi izlari
Homiladorlik paytida qorin, son sohasi va koʻkrakda teri kengayishi belgilari paydo boʻlishi mumkin. Tugʻuruqdan soʻng bu belgilar odatda oʻzgaradi: qizarishdan kumush rangga oʻtadi va kamayadi.
Sizning va farzandingizning sogʻligʻini shifokoringiz / tibbiyot xodimi birinchi oy ichida 3 marta tekshiradi: tugʻuruqxonadan chiqqach, 3 kun ichida, 15 kunlikda va 1 oylikda. Bu paytda oʻzingizni tashvishga solgan har qanday jismoniy yoki hissiy oʻzgarishlar haqida soʻrab olishingiz mumkin.
Ota-onalikning dastlabki oylaridagi munosabatlaringiz
Ota-ona boʻlish – siz va turmush oʻrtogʻingiz uchun katta oʻzgarishlar olib keladi. Baʼzi juftliklar chuqurroq aloqa oʻrnatadi, ayrim juftliklarga esa ota-onalik munosabatlarini mustahkamlashi uchun vaqt kerak boʻladi.
Jinsiy aloqa va yaqinlik haqidagi his-tuygʻularingiz koʻplab omillarga, jumladan, tugʻuruq boʻyicha tajriba, ogʻriq, charchoq, bola parvarishi talablari va homiladorlik hamda tanangizning tugʻuruqdan keyingi holati haqidagi fikrlaringizga bogʻliq boʻlishi mumkin.
Tajriba va gʻoyalar bilan oʻrtoqlashish juda katta yordam berishi mumkin. Onalar maktabiga borib, boshqa yosh onalar bilan suhbatlashishingiz mumkin. Agar bunday maktabni qayerdan topishni bilmasangiz, patronaj hamshirangizdan soʻrang.