Yosh onalar: birinchi haftalar
Tugʻuruqdan keyin: yosh onalar nimalarni kutishlari kerak
Agar chaqalogʻingizni tugʻuruqxonada tuqqan boʻlsangiz, siz va chaqalogʻingiz tugʻuruqxonada kamida 24 soat qolasiz.
Agar sogʻligʻingizda muammolar boʻlsa, chaqalogʻingiz qoʻshimcha parvarishga muhtoj boʻlsa yoki tugʻuruq yordamchi usullar yordamida kechsa, masalan, sizga akusherlik qisqichlari qoʻyilgan yoki kesar kesish usuli qoʻlllangan boʻlsa, tugʻuruqxonada uzoqroq qolishingiz mumkin. Bunday hollarda siz 2–5 kun kasalxonada qolishingiz mumkin.
Agar chaqalogʻingiz muddatidan oldin tugʻilgan boʻlsa, ehtimol, u yangi tugʻilgan chaqaloqlarni jadal davolash boʻlimida yoki chaqaloqlarning maxsus boʻlimida uzoq vaqt qolishga toʻgʻri keladi.
Tugʻuruqxonadan chiqishdan oldin
Tiklanishingiz va bolangiz bilan dastlabki haftalarda uyda boʻlganingizda qanday yordam olishingiz kerakligi haqida bilib olishingiz lozim. Tugʻuruqxonadan chiqishdan oldin siz yoki turmush oʻrtogʻingiz quyidagilarni soʻrashingiz mumkin:
- Emizish masalasida yordam olish uchun kimga murojaat qilish kerak;
- mashina haydashingiz yoki ogʻir narsalarni koʻtarishingiz, tashishingiz mumkinmi;
- chok iplarini qachon va qayerda olib tashlash mumkin (agar sizda boʻlsa);
- tugʻuruqxonada koʻkrak suti bilan boqish boʻyicha maslahatchi yoki ayollar salomatligi boʻyicha shifokor-ginekolog bormi va bu mutaxassislar bilan qanday bogʻlanish mumkin.
Yangi tugʻilgan chaqaloqni parvarish qilish haqida ham soʻrashingiz mumkin. Masalan, quyidagilarni bilish muhim:
- yangi tugʻilgan chaqaloqni necha marta va qancha emizish mumkin;
- bolani emizish va tinchlantirish kerakligini bildiruvchi belgilarni qanday aniqlash mumkin;
- agar siz yoki chaqalogʻingiz betob boʻlib qolsa, kimga qoʻngʻiroq qilish kerak;
- uyingizga boradigan patronaj hamshirasi bilan qanday bogʻlanish mumkin va u sizga qanday yordam berishi mumkin.
Shifokor beradigan ushbu maʼlumotlar parvarishingizning bir qismidir.
Doʻstlaringiz yoki oila aʼzolaringizdan uy yumushlarini bajarishda, masalan, bolalar kiyimlarini yuvishda, tagliklar sotib olishda, muzlatkichni sogʻlom oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻldirishda yordam soʻragan maʼqul.
Tugʻuruqdan keyingi birinchi haftadagi his-tuygʻular
Uyda yoki tugʻuruqxonada tugʻishingizdan qatʼi nazar, tanangiz jiddiy stressni boshidan kechirdi. Ammo yaxshi xabar ham bor: siz sogʻayishni, ogʻriq va noqulaylikni yengishini boshlaysiz.
Ayollarning koʻpchiligi tugʻuruqdan keyin tez charchash va tushkunlikni his qiladi. Siz yengillik, baxt, qoʻrquv va quvonchni ham tuyishingiz mumkin. Tugʻuruqdan 3–5 kun oʻtgach, asabiylashishingiz va koʻzyoshi qilishingiz ham mumkin.
Oʻzingizni qanday his qilayotganingiz haqida turmush oʻrtogʻingiz bilan gaplashish foydalidir. Bu kayfiyatdagi har qanday oʻzgarish va uning qancha davom etishidan xabardor boʻlishda ikkalangizga ham yordam beradi.
Ehtimol, bir-ikki hafta ichida oʻzingizni yana doimgidek his qila boshlaysiz. Agar yengil ruhiy tushkunlik (depressiya) hissi yoʻqolmasa, yordam soʻrash kerak. Har yetti ayoldan biri uchun bu hislar tugʻuruqdan keyingi depressiyaga aylanadi. Agar ayol erta bosqichda yordam soʻrasa, u odatda tugʻuruqdan keyingi depressiyadan butunlay tuzalib ketadi.
Shifokor va hamshiraning uyga tashrifi
Shifokor va tibbiy hamshira odatda tugʻuruqxonadan chiqqaningizdan keyin 3 kun ichida uyingizga keladi. Ular sizni va chaqalogʻingizni tekshiradilar, savollaringizga javob beradilar. Baʼzi yosh onalar, emizish boʻyicha xususiy maslahatchiga murojaat qilishni afzal koʻradi.
Emizishni oʻrgatish
Koʻkrak suti bilan boqish baʼzida yosh onalar uchun qiyinchilik tugʻdirishi mumkin, lekin siz va chaqalogʻingizga mos keladigan emizish usulini tanlay bilish goʻdakni samarali emizishda katta ahamiyatga ega.
Ishonch bilan emizish uchun bir necha hafta kerak boʻlishi odatiy holdir.
Agar emizish bilan bogʻliq muammolar boʻlsa, shifokoringiz yoki hamshirangiz bilan gaplashing.
Bolani parvarish qilishni oʻrganish
Agar siz ilk bor ona boʻlgan boʻlsangiz, yangi tugʻilgan chaqaloqqa gʻamxoʻrlik qilish haqida koʻp narsalarni oʻrganish kerak:
- koʻkrak suti bilan boqishni;
- bir marta ishlatiladigan yoki matoli tagliklarni almashtirishni;
- chaqalogʻingizni choʻmiltirishni;
- yangi tugʻilgan chaqaloqning kun tartibini tanlashni;
- chaqaloqlar uchun xavfsiz uyquni taʼminlashni.
Qiyinlashtirmang
Baʼzan shunchaki chaqalogʻingizni ovqatlantirish va tinchlantirish, tungi kiyimni yechish va dush qilish yaxshi kun belgisi boʻlishi mumkin. Bu – meʼyoriy holat. Imkon boʻlganda dam olishga harakat qiling va chaqalogʻingiz bilan tanishish uchun oʻzingizga biroz vaqt bering.
Dastlabki kunlarda siz ishonadigan inson, masalan, turmush oʻrtogʻingiz, oila aʼzolaringiz yoki doʻstingiz sizni bir necha kun davomida qoʻllab-quvvatlashi maqsadga muvofiqdir.
Allaqachon ona boʻlgan boʻlsangiz ham, ayniqsa, parvarishlashga muhtoj boshqa farzandlaringiz boʻlsa, sizni albatta qoʻllab-quvvatlash kerak.
Sogʻlom ovqatlanish va ichimliklar
Sogʻlom ovqatlanish va suyuqlik ichish muhimligini bilsangiz ham, baʼzi kunlarda sogʻlom ovqat tayyorlashga vaqt ajratish qiyin boʻlishi mumkin. Agar doʻstlaringiz va qarindoshlaringiz ovqat tayyorlab berishni taklif qilsa, qabul qiling. Vaqt kam boʻlgan kunlarda tayyor ovqatlar, shoʻrvalar va salatlar sotib olishingiz ham mumkin.
Mehmonlar
Oila azolari va doʻstlar sizni va farzandingizni koʻrishdan xursand boʻlishadi. Shu sabab mehmonga kelishlari mumkin.
Mehmonlarni qachon va qanday shaklda kutmoqchiligingizni aytishingiz mumkin. Masalan, sogʻlom boʻlmagan (bemor) mehmonlarni rad etishingiz mumkin. Boshqa farzandlaringiz va oila aʼzolaringiz chaqaloq bilan uchrashishdan oldin barcha emlashlarni olgan boʻlishlari kerak.
Baʼzi yosh onalar mehmonlarni kutib olishni turmush oʻrtogʻi yoki oilaviy doʻstiga topshiradi. Masalan, ular qarindoshlar va doʻstlarga ikkita-ikkitadan kelishni yoki bir necha kun kutishni aytishlari mumkin.
Eshigingizga “bezovta qilmang” belgisini osib qoʻyish, ovozli pochtadan foydalanish va mobil telefoningizni ovozsiz rejimga oʻtkazish maqsadga muvofiq.
Boshqa ota-onalar yordam va qoʻllab-quvvatlashning ajoyib manbai boʻlishlari mumkin. Agar mahalliy yoki onlayn onalar maktabi guruhiga qoʻshilsangiz, boshqa onalar bilan fikr va tajriba almashishingiz mumkin boʻladi.