Sanchiq: bu nima?

Agar chaqaloqlar koʻp yigʻlasa yoki haddan tashqari faol boʻlsa va ularni tinchlantirib boʻlmasa, buning sababi koʻpincha qorin sanchigʻi boʻladi. Sanchiq turli xil sabablarga koʻra yuzaga kelishi mumkin, ammo bir narsa aniq – uni boshqarish qiyin kechadi.
Body

Sanchiq nima?

Chaqaloq yigʻlash va bezovtalik orqali sanchiqlar haqida xabar berishi mumkin. Sanchiq tez-tez paydo boʻlishi va uzoq vaqt davom etishi mumkin. U bola tugʻilganidan bir necha kun yoki hafta oʻtib boshlanishi mumkin.

Agar chaqalogʻingizda sanchiq boʻlsa, u ovqatlanish paytida haddan tashqari koʻp bezovtalanadi va ortiqcha harakat qiladi. Masalan, och qolganday ovqatlanishi mumkin, lekin koʻp oʻtmay yana ovqatlanishni xohlayotganga oʻxshaydi. Yoki chaqalogʻingiz yaxshi ovqatlanmasligi, doim koʻkrakdan yuzini oʻgirishi mumkin.

Eʼtibor bering, agar bolada sanchiq boʻlsa, farzandingiz uzoq vaqt tinchlanmaydi, injiqlik qiladi yoki bezovtalanadi, tinchlanmasdan juda qattiq yigʻlashi ham mumkin. Bu vaqtda chaqaloq xuddi ogʻriq boʻlayotgandek, oyoqlarini qorni tomonga tortib oladi. Bu holatda uni tinchlantirish juda qiyin yoki imkonsiz boʻladi. Urinishlaringiz hech qanday yordam bermayotganga oʻxshaydi.

Yigʻi va bezovtalik bir necha soat davom etgandek tuyulishi mumkin va bu holatlar koʻpincha kechqurun avjiga chiqadi.

Bu siz, farzandingizga qarovchilar, shifokorlar va hamshiralarning taʼbini xira qilishi mumkin. Lekin chaqalogʻingiz yigʻlasa va juda bezovta boʻlsa, bu sizning yomon ota-ona ekaningizni anglatmaydi. Eng tajribali, oʻziga ishongan va xotirjam ota-onalarning chaqaloqlari ham koʻp yigʻlashi mumkin.

Sanchiq alomatlari bor baʼzi chaqaloqlarda sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar boʻladi, shuning uchun agar chaqalogʻingiz koʻp yigʻlasa, kasallikning oldini olish uchun shifokorga murojaat qiling.

Yigʻi va bezovtalik: nimani kutish kerak?

Chaqaloqlar uchun yigʻi va bezovtalik odatiy holdir. Chaqaloqlar oʻrtacha hisobda kun davomida taxminan 3 soat, baʼzilari esa bundan ham koʻproq yigʻlaydi va bezovtalanadi. 6 haftalik boʻlganda yigʻi avjiga chiqadi, keyin bola katta boʻlgani sari asta-sekin kamayib boradi.

Chaqaloqlarda tushdan keyin va kechqurun injiqlik va bezovtalik koʻproq kuzatiladiganga oʻxshaydi, lekin bu kundan kunga oʻzgarib turishi mumkin.

Goʻdaklar mijozi, uyqu davrlari va ovqatlanish tartibiga koʻra yigʻlaydi. Bola oʻsib ulgʻaygani sayin yigʻi koʻproq siz bilan muloqot qilish yoki atrofdagi voqea-hodisalar haqida sizga xabar berish vositasiga aylanadi. Shu sababli chaqaloqning kun davomida turli vaqtlarda yigʻlash ehtimoli koʻproq. Bolaning yigʻlashidan xavotirlanishingiz tabiiy. Yodda tuting, koʻp hollarda chaqaloqlar 3–4 oylik boʻlganda kamroq yigʻlaydi. Bu bola hayotidagi tezda oʻtib ketadigan bosqichdir.

Sanchiqning sabablari

Sanchiqning sababi nima ekani hozirgacha aniq emas.

Atrof-muhitdagi taʼsirlantiruvchi narsalarning juda koʻpligi sanchiqqa sabab boʻlishi ehtimoli bor. Yigʻi yangi tugʻilgan chaqaloqqa uni oʻrab turgan atrof-muhitni nazorat qilishga yordam berishi mumkin. Bola yigʻlaganda goʻyo “Men dunyodan uzoqlashish uchun yigʻlayapman” degandek boʻladi.

Koʻpchilik sanchigʻi bor bolalarda yigʻining aniq jismoniy yoki tibbiy sabablari boʻlmaydi. Agar farzandingiz bezovta boʻlsa va koʻp yigʻlasa, quyida keltirilgan ehtimoliy sabablarni bartaraf etish uchun pediatrga murojaat qiling:

  • gastroezofagial refleks – kamdan kam hollarda uchraydi, lekin yigʻiga sabab boʻlishi mumkin;
  • yalligʻlanish – masalan, quloq yoki siydik yoʻllari yalligʻlanishi;
  • churra – masalan, chov yoki kindik churrasi;
  • allergiya – masalan, onaning yegan ovqatiga yoki sigir sutiga;
  • yoʻrgak toshmasi (bichilish) yoki terining boshqa shikastlanishi.

Tinchlantiruvchi usullar quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:

  • kichkintoyingizni chalgʻitish uchun mashinada yoki aravachada sayrga olib boring;
  • uni koʻtarib yuring yoki qoʻlda tebrating;
  • iliq suvli vannada choʻmiltiring va suvda oʻyinchoqlar bilan oʻynating;
  • qornini silang yoki pastga yotqizib yelkalarini mayin uqalang;
  • tinchlantiruvchi tovushlarni eshittiring;
  • koʻzga tushadigan yorugʻlikni kamaytiring.

Ota-onalarning oʻzlarini parvarish qilishi

Sanchigʻi bor bolani parvarishlash hatto tajribali ota-onalarni ham charchatishi mumkin. Oʻzingizga va turmush oʻrtogʻingizga gʻamxoʻrlik qilishni va dam olishni unutmang:

  • Bola parvarishida turmush oʻrtogʻingiz bilan navbat almashing.
  • Oʻzingizni ayblamang, sanchiqlar vaqtinchalik ekanini yodda tuting. Sanchiq xurujlari odatda bola 3–4 oylik boʻlganda oʻtib ketadi.
  • Zarur boʻlganda pediatrga murojaat qiling.