Diareya
Diareya nima?
Diareya (ichketish) bu – bir sutkada 3 va undan koʻp marta axlatning suvsimon boʻlib tez-tez kelishi.
Diareya belgilari
Diareya belgilariga qorindagi ogʻriq, qorin dam boʻlishi, koʻngil aynishi, qayt qilish (qusish) va baʼzan isitma chiqishi kiradi.
Agar farzandingizda diareya boʻlsa, uning axlati suyuq, suvsimon holda tez-tez keladi. Axlatning rangi jigarrangdan yashilgacha oʻzgarishi va unda qisman parchalangan ovqat boʻlaklarini koʻrishingiz mumkin.
Diareya tananing suvsizlanishiga olib kelishi mumkin.
Farzandingizda diareya boʻlsa, shifokor koʻrishi kerakmi?
Farzandingizda diareya boʻlsa, yoshidan qaʼti nazar shifokorga murojaat qiling.
Agar bolaning:
- axlatida qon boʻlsa;
- diareya 14 kundan ortiq davom etsa, darhol shifokor bilan gaplashing.
Agar farzandingizda diareya va:
- suvsizlanish belgilari kuzatilsa, yaʼni bola kam siysa, suyuqlik ichmasa, rangpar, uyquchan yoki hissiz, koʻzlari kirtaygan, juda bezovta boʻlsa;
- qorinda kuchli ogʻriq boʻlsa va u oʻtib ketmasa;
- farzandingiz oʻzini yomon his qilayotgani sizni tashvishlantirsa, uni zudlik bilan shifoxonaga olib boring.
Siz farzandingizni boshqalardan koʻra yaxshi bilasiz, shuning uchun u oʻzini yomon his qilayotganga oʻxshasa, tuygʻularingizga ishoning. Shoshilinch tibbiy yordam talab qiladigan kasallik belgilariga bolaning ema olmasligi yoki suyuqlikni yaxshi ichmasligi, qorindagi kuchli ogʻriq, uyquchanlik, terining rangparligi yoki koʻkarishi, suvsizlanish belgilari, nafas olish qiyinlashishi va shaytonlash kiradi.
Diareyada tahlil olish
Agar diareyani maʼlum bir virus, bakteriya yoki parazit keltirib chiqargan boʻlsa, axlat tahlili kasallik sababi nimada ekanini koʻrsatadi.
Agar diareya surunkali boʻlsa, pediatr asosiy sababni aniqlash uchun axlat va qon tahlilini tayinlashi mumkin.
Diareyani davolash
Diareyani uy sharoitida davolashning 4 qoidasi:
- koʻproq suyuqlik ichkizish;
- rux preparatini berish;
- ovqatlantirishni davom ettirish;
- qachon shifoxonaga olib borishni bilish.
1-QOIDA. QOʻSHIMCHA SUYUQLIKLAR BERISH (FARZANDINGIZ QANCHA ICHA OLSA, SHUNCHA SUYUQLIK ICHIRING)
– tez-tez emizing va har bir emizishning davomiyligini oshiring;
– agar chaqaloq faqat ona suti bilan oziqlansa, qoʻshimcha ravishda ogʻiz orqali regidratatsiya vositasi (ORV) eritmasi yoki toza suv bering;
– agar bola sunʼiy ovqatlansa, unga ORV eritmasi, suyuq ovqatlar (masalan, shoʻrva, guruch suvi) yoki toza suv bering.
Odatdagidan tashqari beriladigan suyuqlik miqdori:
1. 2 yoshgacha boʻlgan bolaga har bir ichketishdan keyin 50–100 ml suyuqlik ichiring.
2. 2 yoshdan katta bolaga har bir ichketishdan soʻng 100–200 ml suyuqlik ichiring.
Suyuqlik ichish qoidalari:
– bolaga suyuqlikni kosadan tez-tez hoʻplatib bering;
– agar bola qayt qilsa (qussa), 10 daqiqa kuting, keyin davom eting, lekin sekinroq.
– qoʻshimcha suyuqlik berishni diareya toʻxtaguncha davom ettiring.
2-QOIDA. RUX PREPARATLARIDAN BERING
2 oylikdan 6 oylikkacha bolalarga 10–14 kun davomida kuniga 1/2 tabletka (10 mg);
6 oylik va undan katta bolalarga 10–14 kun davomida kuniga 1 tabletka (20 mg).
RUX PREPARATLARI QANDAY BERILADI?
– goʻdaklarga: dorini oz miqdordagi toza suv, sut yoki ORV eritmasi bilan kichik stakan yoki qoshiqda eritib oling va ichkizing;
– kattaroq bolalarga: dorini chaynash uchun berish mumkin yoki piyolada oz miqdordagi toza suv bilan eritib oling va ichkizing;
Rux preparatlarini 10–14 kun davomida ichkizing.
3-QOIDA. OVQATLANTIRISHNI DAVOM ETTIRING
Agar bola 6 oylikdan kichik boʻlsa, tez-tez emizing, undan katta boʻlsa, emizishni davom ettiring va uning yoshiga mos qoʻshimcha ovqatlar bering (BEBBO ilovasidagi “ovqatlantirish” boʻlimiga qarang).
4-QOIDA. QACHON KASALXONAGA OLIB BORISH KERAKLIGINI BILISH
Farzandingizda quyidagi belgilardan birortasi boʻlsa, zudlik bilan kasalxonaga borishingiz kerak:
– ahvoli yomonlashsa;
– suyuqlik icha olmasa yoki ema olmasa;
– tana harorati yuqori boʻlsa;
– axlatida qon boʻlsa.
Farzandingizda ushbu belgilar kuzatilmasa va ichketish 5 kun ichida toʻxtamasa, shifokoringizga qayta murojaat qiling.
Ogʻir suvsizlanishni davolash
Farzandingizda ogʻir suvsizlanish belgilari boʻlsa yoki tanasidagi suyuqlikni tez yoʻqotsa, tomchizgich orqali bevosita tomir ichiga yoki burunga kiritiladigan naycha (oshqozon zondi) orqali oshqozonga suyuqlik yuborish kerak boʻladi. Ushbu muolajalar faqat tibbiyot muassasasida amalga oshiriladi.
Farzandingizni diyareyaga qarshi dorilar bilan davolamang. Ushbu dorilar yordam berishi toʻgʻrisida hech qanday dalil yoʻq. Ehtimol, farzandingizga antibiotik ham kerak boʻlmas. Pediatrga zudlik bilan murojaat qiling, u bolani tekshirib, toʻgʻri davolash usulini tavsiya etadi.
Diareyaning oldini olish
Qoʻlingizni muntazam ravishda yuving va faqat bolangiz ishlatadigan piyola va idishlarni alohida ajratib qoʻying.
Agar bolada diareya boʻlsa, uni boshqa bolalardan ajratib qoʻying, diareya toʻxtamaguncha uni maktabga yoki bogʻchaga olib bormang.
Uzoq choʻziladigan diareya
Uzoq choʻziladigan diareya sabablari:
- laktozani (sutning shakarli komponentini) hazm qila olmaslik;
- parazitar infeksiyalar, masalan, gijjalar;
- glutenni hazm qila olmaslik;
- oziq-ovqat mahsulotlarini koʻtara olmaslik;
- ichak taʼsirlanishi sindromi;
- boshqa kam uchraydigan kasalliklar, masalan, ichaklar yalligʻlanishi kasalligi.