Muddatidan oldin tugʻilgan bolaning rivojlanishi: 26–36-hafta

Muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloqning rivojlanishi xuddi bachadonda boʻlgani kabi amalga oshadi. Chaqaloqlarning muddatidan qancha oldin tugʻilgani vaqt oʻtishi bilan ularning oʻsish tezligiga va xatti-harakatlariga taʼsir qilishi mumkin. Chaqalogʻingiz sogʻligʻi, oʻsishi va rivojlanishi jihatdan belgilangan koʻrsatkichlarga erishganda, uni uyga olib ketsangiz boʻladi.
Body

Muddatidan oldin tugʻilgan bolaning rivojlanishi: asosiy qonun-qoidalar

Muddatidan oldin tugʻilgan bolaning rivojlanishi odatda bachadondagi kabi bir xil ketma-ketlikda sodir boʻladi. Muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloqning rivojlanish jarayonlari maʼlum bir tarzda oʻtishi uchun qolipga solingan va chaqaloq muddatidan oldin tugʻilsa ham, barcha jarayonlar davom etaveradi. Biroq muddatidan oldin tugʻilgan chaqalogʻingizda sogʻliq bilan bogʻliq muammolar paydo boʻlishi mumkin. Baʼzida bolalarning oʻsishi va rivojlanishi orqada qoladi, ayniqsa, ular kasal boʻlganda.

Hamma bolalar har xil, ularning xatti-harakatlari va rivojlanishi ham turlicha. Muddatidan oldin tugʻilgan bolalar orasidagi farqlar ularning qaysi muddatda tugʻilganiga bogʻliq.

Masalan, ona qornida oʻtkazilgan 32-haftada muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloq, 26-haftada tugʻilgan chaqaloqqa qaraganda oʻzini boshqacharoq tutadi. 26-haftada tugʻilgan chaqaloq vazn toʻplashi, ovqatlanishni oʻrganishi va atrof-muhitga koʻnikishi uchun qoʻshimcha vaqt talab qilinishi mumkin.

Quyida muddatidan oldin tugʻilgan bolada hali tugʻuruqxonada boʻlgan paytda kuzatishingiz mumkin boʻlgan oʻzgarishlar keltirilgan.

26-hafta

26-haftada ona qornidagi bolaning uzunligi taxminan 35 cm, vazni 760 gramm atrofida boʻladi. Ammo muddatidan oldin tugʻilgan bolalar koʻpincha yoshiga qaraganda kichkina koʻrinadi. 26-haftada tugʻilgan chaqaloq otasining qoʻliga oson joylashishi mumkin.

Bu yoshda farzandingizning asosiy vazifasi sogʻligʻini meʼyorlashtirish uchun oʻsish va uxlashdan iborat.

Farzandingiz vaqti-vaqti bilan koʻzlarini ochishi mumkin, lekin u nigohini bir nuqtaga yoʻnaltira olmaydi. Unga yorugʻlik yoki shu kabi koʻrishiga salbiy taʼsir etadigan manbalarni qabul qilish qiyin boʻladi. Hamshira odatda chaqalogʻingiz yotgan inkubatorning (kuvezning) ustini yorugʻlikdan toʻsib qoʻyadi, baʼzi chaqaloqlarni jonlantirish boʻlimlarida esa kechalari chiroq nurlari kamaytiriladi.

Farzandingizning harakatlari bu – silkinish, qaltirash yoki seskanishdir. Uning mushaklarida faollik hali sust va chaqaloq oʻzi gʻujanak boʻla olmaydi.

Tugʻuruqxona xodimlari chaqalogʻingizni kerakli holatda yotqizib, choyshablardan tanasiga tayanch qilib, oʻrab berishadi. Bu chaqaloqni issiq saqlashga yordam beradi.

Chaqalogʻingizda nafas olishning toʻxtab qolishi (apnoe) kuzatilishi mumkin. Bu muddatidan ancha oldin tugʻilgan chaqaloqlar uchun odatiy holdir. Chaqaloq miyasidagi nafas olishni boshqaruvchi qism hali yaxshi rivojlanmagan, shuning uchun nafas olishlar orasidagi toʻxtalishlar odatiy holdir.

Quloqlar va boshqa eshitish organlari allaqachon toʻliq shakllangan va tashqi tovushlarga sezgir boʻlishi mumkin. Ehtimol, farzandingiz ovozingizni sezar, lekin u hali javob qaytara olmaydi.

Bu vaqtda chaqalogʻingizni koʻkrak bilan boqa olmaysiz, bunday holatda bolaga sogʻilgan ona sutini nazogastral naycha (nazogastral zond) orqali berish kerak.

Chaqalogʻingizning terisi nozik va sezgir, unga qoʻl tekkizilsa, bola noqulaylikni his qilishi mumkin. Hamshiralar sizga chaqaloqni qoʻlda ushlab turish uchun beradi, juda ehtiyot boʻling va uni silamang.

26–28-hafta

26–28-haftada ona qornidagi chaqaloqlar vazn qoʻshishda va oʻsishda davom etadi. Biroq muddatidan oldin tugʻilgan chaqalogʻingiz kasal boʻlsa, u ona qornidagi chaqaloqqa qaraganda sekinroq vazn toʻplaydi. Shuningdek, tugʻuruqxonada chaqalogʻingizning rivojlanmagan ichaklarini infeksiyadan himoya qilish uchun ehtiyotkorlik bilan, bosqichma-bosqich ovqatlantirish rejalari qoʻllanadi va bu vazn ortishini sekinlashtirishi mumkin.

Bu yoshda chaqaloq koʻzlarini ochib-yumishni boshlaydi. Bundan tashqari, uning kipriklari va qoshlari oʻsa boshlaydi.

Muddatidan oldin tugʻilgan chaqalogʻingizda hali ham mushaklarning faolligi sust boʻladi va qaltirash yoki seskanishlar kuzatilishi mumkin.

Chaqalogʻingizning uyqu va uygʻoqlik davrlari hali aniq emas, lekin unda faol va tinch davrlar hamda juda qisqa uygʻoqlik vaqtlari boʻlishi mumkin. Chaqalogʻingiz koʻzlarini ochishi mumkin, lekin u hali ham nigohini bir nuqtaga qaratolmaydi va koʻzlarini birgalikda harakatlantira olmaydi.

Bu yoshda chaqalogʻingizning tovushga boʻlgan javobi soat sayin yoki kundan kunga oʻzgarishi mumkin. U ovozingizga javob qaytarishi mumkin, lekin boshqa shovqinlardan bezovta boʻladi. Bolaning javoblari u nimani yoqtirishi va yoqtirmasligini aniqlashga yordam beradi.

Chaqalogʻingiz emishni boshlashi mumkin, lekin siz hali unga koʻkragingizni bera olmaysiz. Koʻkrak suti bilan boqish imkoniyatidan foydalanish uchun u soʻrishni, yutishni va toʻgʻri ketma-ketlikda nafas olishni oʻrganib olishi kerak. Ungacha chaqaloqni sogʻilgan ona suti bilan qoshiqcha yoki nazogastral naycha orqali ovqatlantirish kerak.

Bolaning terisi hali ham nozik va sezgir. Ammo chaqalogʻingizning holati tibbiyot nuqtayi nazaridan barqaror boʻlsa, uning terisi sizning teringizga tegib turishi uchun bagʻringizga bosishingiz mumkin.

28–30-hafta

Ona qornida bolaning vazni ortib boradi, boʻyi oʻsadi, u tez-tez harakatlanishni, baʼzi tovushlar (masalan, ovoz va musiqa) orasidagi farqni ajratishni, qoʻlchalari bilan ushlashni boshlaydi, koʻzlarini ochib, yumadi.

Bu yoshda muddatidan oldin tugʻilgan chaqalogʻingizni oldingidek toʻshak va choyshablar yordamida qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash va uning holatini kuzatib turish kerak boʻladi, lekin u endi faolroq harakatlanadi va choʻziladi, chunki unda mushaklar tonusi (faolligi) yaxshilanadi.

30-haftaga kelib chaqalogʻingizning tinch va chuqur uyqusi (u qimirlamaganda) va yuzaki uyqusi davomiyligi (oyoq-qoʻllari va koʻzlari harakatlanganda) koʻpayadi. Shuningdek, koʻzlar ochiq holda qisqa vaqt uygʻoq boʻlish davrlarini koʻra boshlaysiz, lekin bu chaqalogʻingizning sogʻligʻiga, atrof-muhitga yoki kunning vaqtiga bogʻliq boʻlishi mumkin.

Agar atrof juda yorugʻ boʻlsa, chaqalogʻingiz koʻzlarini mahkam berkitishni oʻrganib oladi, lekin u hali ikkala koʻzini koʻp harakatlantira olmaydi.

Chaqaloq yoqimli tovushlarga javob berishda davom etadi va oldingidek boshqa tovushlarga sezgir boʻlib qoladi. U tinch va ovozingizga eʼtiborli boʻlishi va hatto siz kirayotganingizda “uygʻonib ketgandek” tuyulishi mumkin.

Uygʻoq paytida chaqaloq bilan gaplashishingiz yoki qoʻshiq aytib berishingiz mumkin. Yodda tuting, bir vaqtning oʻzida faqat bitta mashgʻulot bilan shugʻullanish yetarli, masalan, vizual aloqa oʻrnating yoki chaqaloq bilan gaplashing, lekin bir vaqtning oʻzida ikkalasini bajarmang.

Bu vaqtga kelib chaqalogʻingizda qidirish refleksi paydo boʻlishi mumkin – yonogʻini silashingiz bilan chaqaloq yuzini oʻsha tomonga qaratadi. Bu chaqaloq koʻkrak suti bilan ovqatlanishga tayyorgarlik koʻrayotganini anglatadi. U hatto soʻrishni boshlaydi, ammo uni koʻkrakka tutish uchun hali erta. Bolani sogʻilgan ona suti bilan qoshiqcha orqali ovqatlantirish mumkin.

Chaqalogʻingiz hali ham teginishga sezgir boʻlishi mumkin, lekin unga qoʻl bilan sekin, muloyim silash, tana aloqasi yoqadi. Balki, bu vaqtda chaqaloq parvarishi bilan shugʻullanishni boshlashingiz mumkin.

30–33-hafta

Bu yoshda chaqaloqning barcha aʼzolari rivojlangan boʻladi. Bu vaqtda tugʻilgan chaqaloq jiddiy tibbiy yordamga muhtoj boʻlmasligi mumkin.

Muddatidan oldin tugʻilgan chaqalogʻingizning harakatlari tekis va nazorat qila oladigan boʻladi, u qoʻllari va oyoqlarini mustaqil bukishni boshlaydi.

Chaqaloqning chuqur uyqu davomiyligi ortadi. Uning uygʻoqlik davrlari xonada yorugʻlik past boʻlsa, tez-tez va davomliroq boʻladi, yorugʻlik yuqori boʻlganda chaqaloq koʻzlarini mahkam yumib oladi. Uygʻoq boʻlganda chaqalogʻingiz nigohini sizning yuzingizga yoki boshqa biror qiziq narsaga qaratishi mumkin va ovozingizga aniq javob qaytaradi.

Chaqalogʻingiz koʻzlari bilan aloqa qilish, quchoqlashish yoki gaplashishni yoqtirishi mumkin, lekin baribir bir vaqtning oʻzida bulardan faqat bittasini amalga oshirish tavsiya etiladi. Shuningdek, tana harakatlari orqali chaqaloqdagi bezovtalik belgilarini aniqlashni ham oʻrganib olasiz.

Chaqalogʻingiz bir maromda soʻrishni boshlashi va koʻkrak suti bilan ovqatlanishga tayyor ekanini koʻrsatishi mumkin. Farzandingizga ona sutining hidi va taʼmini his etish imkonini berish orqali uni koʻkrak suti bilan boqishga tayyorlashingiz mumkin. Ovqatlanishdan oldin chaqaloqning lablari va ogʻzini muloyimlik bilan silasangiz, bu unga emizish paytidagi hissiyotlarga tayyorgarlik koʻrishga yordam beradi.

Agar chaqalogʻingiz qoʻlini ogʻziga olib borsa, u oʻzini tinchlantira boshlagan boʻladi.

Chaqalogʻingiz hali ham teginish, qoʻlda koʻtarish va kiyimlarini almashtirishga juda sezgir boʻlishi mumkin. Unga nima qilmoqchiligingiz haqida gapirsangiz, bu foydali boʻladi, masalan: “Hozir tagligingni almashtiramiz va tozasini kiyamiz”. Chaqaloq ovozingizni bajarayotgan harakatlaringiz bilan bogʻlashi mumkin.

33–36-hafta

Chaqalogʻingiz asta-sekinlik bilan tugʻilishi kerak boʻlgan sanaga yaqinlashmoqda. Lekin hatto 36 haftalik boʻlsa ham, uning rivojlanish koʻrsatkichlari muddatida tugʻilgan chaqaloqning koʻrsatkichlari bilan mos kelmasligi mumkin.

Chaqalogʻingiz endi ravon harakatlana oladi, u qoʻllari va oyoqlarini oʻzi bukadi. Shuningdek, boshini u yoki bu tomonga qarata oladi, mushaklarining faolligi ancha barqarorlashadi.

Chaqalogʻingizda nafas olishning toʻxtab qolishi (apnoe) yuzaga kelishi ehtimoli birmuncha pasayadi.

Chaqalogʻingizning holati ancha tushunarli boʻladi – tinch uyqu, faolligi, xotirjamligi, uygʻoqligi, injiqligi yoki yigʻisi. Uning uygʻoqlik davri oldingidek qisqa, lekin tez-tez qaytarilib turadi. Chaqaloq siz bilan koʻproq muloqot qilishni xohlashi mumkin, agar buni xohlamasa, koʻzlarini yumadi va boshqa tomonga qaraydi.

Chaqalogʻingizning tovush va shovqinlarga javob berish ehtimoli kundan kunga ortadi. Unga biror narsa aytganingizda u qanday munosabatda boʻlishini bilishingiz mumkin.

Chaqalogʻingiz hali ham koʻp yigʻlamasligi mumkin. Ammo muddatiga yetish yoshiga yaqinlashganda u nima istayotganini sizga bildirish uchun tez-tez yigʻlaydi. Shu tariqa u nima xohlayotganini tushunib olishni oʻrganasiz.

Bu vaqtda odatda koʻkrak suti bilan boqishni boshlasa boʻladi.

Chaqalogʻingiz hali ham teginishga yoki ovqatlantirish va kiyintirish uchun qoʻlda koʻtarishga sezgir boʻlishi mumkin. Yodda tuting, qilayotgan harakatlaringizni bolangizga gapirib bajarsangiz, bu unga vaqt oʻtishi bilan kerakli harakatlarga odatlanishga koʻmaklashadi.

37-hafta va undan keyin

Chaqalogʻingiz taxminiy tugʻilgan kunidan oldin uyga ketishga tayyor boʻlishi mumkin. Ammo chaqalogʻingizda jarrohlik amaliyoti oʻkazilgan boʻlsa yoki kasallikka chalingan boʻlsa, kutib turishga toʻgʻri keladi.

Chaqalogʻingizni uyga olib ketishdan oldin u sogʻligʻi, oʻsishi va rivojlanishi jihatdan baʼzi aniq belgilangan koʻrsatkichlarga erishishi kerak. Bunga asta-sekin vazn ortishi, faqat koʻkrak suti bilan boqish, nafas olishning toʻxtab qolishi muammosi yoʻqligi kirishi mumkin.