Ijobiy eʼtibor nima?

Ijobiy e'tibor - bu bolangizga iliqlik va qiziqish bilan munosabatda bo'lganingizda. Bu bolangizga o'zini xavfsiz va qadrli his qilishiga yordam beradi. Farzandingizga ijobiy e'tibor ko'rsatish uchun kundalik daqiqalardan qanday foydalanishni o'rganing.
Body

Ijobiy eʼtibor bu – farzandingizga undan mamnunligingiz va munosabatlaringizdagi iliqlikni koʻrsatib berishingizdir. Masalan:

  • farzandingizga tabassum qilishingiz;
  • koʻz aloqasini oʻrnatib, farzandingizga mehr-muhabbat bilan boqishingiz;
  • farzandingizga muloyim va gʻamxoʻr munosabatda boʻlishingiz;
  • ragʻbatlantiruvchi soʻzlardan foydalanishingiz va uning yutuqlarini nishonlashingiz;
  • farzandingiz nimaga qiziqayotganiga, uning faoliyati va yutuqlariga qiziqish bildirishingiz.

Ijobiy eʼtibor nima uchun muhim?

Tugʻilgandan boshlab bolalar oʻzlarining qadr-qimmatini va boshqalarni xursand qila oladigan shaxslar ekanini koʻrsatadigan tajriba va munosabatlarga muhtoj boʻladilar.

Kattalarning ijobiy eʼtibori, reaksiyalari va javoblari ularning qanchalik qadrli ekani haqidagi tasavvurini shakllantirishga yordam beradi.

Farzandingizning oʻzi haqidagi tasavvuri siz va boshqa hurmatli insonlarning ijobiy va mehrli munosabatlari orqali oshib boradi.

Bolada xavfsizlik va himoyalanganlik hissi siz va unga gʻamxoʻrlik qiluvchi boshqa yaqinlarining muloqotlari natijasida shakllanadi. Agar farzandingiz qoʻrqib ketganida, biror narsaga ishonchi komil boʻlmaganida yoki yangi va notanish vaziyatga duch kelganida unga dalda bersangiz va qoʻllab-quvvatlasangiz, chaqaloq oʻzini xavfsiz his qiladi.

Ijobiy eʼtiborni qanday koʻrsatish mumkin: har qanday yoshda?

Farzandingizning yoshidan qatʼi nazar, siz har kuni u oʻzgacha va betakror ekanini bildiruvchi oddiy amallarni bajarishingiz mumkin. Masalan:

  • Farzandingizga qarab tabassum qiling.
  • Farzandingiz nima qilayotganiga qiziqish bildiring – agar iloji boʻlsa, bu haqda sizga gapirib berishini soʻrang.
  • Farzandingiz siz bilan soʻzlashganda etiborli boʻling va diqqat bilan tinglang.
  • Farzandingiz bilan birga bajarishingiz mumkin boʻlgan maxsus qoidalarni oʻylab toping.

Shuningdek, turli yoshdagi bolalarga ijobiy eʼtibor koʻrsatish usullari mavjud.

Yangi tugʻilgan chaqaloqlar va kichkintoylar: ijobiy eʼtibor boʻyicha maslahatlar

  • Chaqaloq yigʻlaganda uni ovuting.
  • Kichkintoyingiz tabassum qilganda unga javoban tabassum qiling.
  • Kichkintoyingizning ovoziga munosabat bildiring, biror narsa deb javob qaytaring.
  • Ikkalangizning atrofingizda nimalar sodir boʻlayotganini unga soʻzlab bering.
  • Kichkintoyingiz nimaga qiziqayotganiga eʼtibor bering va uni biror narsani oʻrganishga, masalan, eʼtiborini jalb qilayotgan rangli shaqildoqni shaqillatib koʻrishga undang.

Kichik yoshdagi bolalar: ijobiy eʼtibor boʻyicha maslahatlar

  • Farzandingizga u bajaradigan ishlarning aynan nimasi sizga yoqishini ayting. Masalan, “Kubiklarni yigʻishga yordam berishing menga juda yoqadi”, deng. Maqtovga mos ijobiy ohangda gapiring.
  • Farzandingiz bilan birga vaqt oʻtkazishdan rohatlaning. Bu, masalan, birgalikda choʻkkalab oʻtirib, oʻrmalab ketayotgan qurtni kuzatish kabi oddiy mashgʻulot boʻlishi ham mumkin.
  • Farzandingiz bilan suhbatlashayotganingizda, garchi u har doim ham kerakli soʻzlarni tanlay olmasa-da, javob qaytarishi uchun vaqt bering.

Maktabgacha yoshdagi bolalar: ijobiy eʼtibor boʻyicha maslahatlar

Farzandingizning sevimli mashgʻulotlarini birga bajarishga harakat qiling – masalan, pazl, qurilmalar (konstruktor) yigʻish, rasm chizish va boshqalar.

  • Farzandingizning biror xatti-harakatini ragʻbatlantirmoqchi boʻlsangiz, unga bu haqida fikr bildiring. Masalan: “Likopchani oshxonaga olib kelganing uchun rahmat. Yordaming tufayli dasturxonni bir zumda yigʻib olamiz”.
  • Ertalab salomlashayotganda farzandingizning koʻzlariga qarab tabassum qilishni unutmang, uni quchoqlashingiz ham mumkin.

Ijobiy boʻlish qiyin holatlarda

Tabiiyki, har doim ijobiy boʻlish imkonsiz va gʻayrioddiy holat. Agar vaqti-vaqti bilan farzandingizdan uzoqroqda boʻlib, biror tashvish yoki ishga chalgʻib qolsangiz, farzandingiz oʻzini eplay oladi.

Oiladagi kuchli ruhiy zarba (stresslar), shuningdek, pandemiya, iqtisodiy beqarorlik va boshqa hodisalar siz va farzandingizga qiyinchiliklar tugʻdirishi mumkin. Oʻzingizga gʻamxoʻrlik qilishni unutmang.

Ayni damda sodir boʻlayotgan voqea emas, balki uzoq muddat davom etadigan jarayon muhimroqdir. Agar farzandingiz har doim sizdan ijobiy eʼtibor oladigan boʻlsa, u oʻzini suyukli va toʻliq himoyalangan his qiladi.

Ammo ota-onalar farzandlarining ehtiyojlariga muntazam eʼtibor qarata olmasa, bu bolalarga kichik yoshda ham, kelajakda ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Agar farzandingiz bilan har kunlik munosabatingiz salbiy boʻlsa yoki unga yaxshi munosabatda boʻlishingiz, oʻzingizni ijobiy tutishingiz qiyin boʻlsa, shifokor yoki boshqa mutaxassisga murojaat qilganingiz maʼqul.